14:10 / 06.04.2017
11822

Izboskanda yechimini kutayotgan muammolar bor

Deputat xalq manfaatlarini ko‘zlab faoliyat olib borishi bugunning dolzarb talabidir. Bu ezgu harakat zamirida islohotlar samaradorligi, turmush farovonligi, yurt ravnaqi mujassam. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari 1 apreldan 10 kun davomida Andijon viloyatining Izboskan tumani aholisi bilan amaliy muloqotlar o‘tkazib, ularning muammolariga yechim topishga harakat qilmoqdalar.

“Muammo bor joyda, albatta, yechim ham bo‘ladi”

To‘lqinjon Karimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi:

-Izboskan tumanidagi Uzun va Qum ko‘chalar, Toshkechik, Gurkirov va Anorzor mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 52 ta xonadondagi muloqot jarayonida aholi tomonidan jami 65 ta murojaatlar bildirildi. Murojaatlarning aksariyati uy-joy-kommunal, bandlik, pensiya va nafaqa ta'minoti, bank-kredit, yo‘l va ko‘priklar qurilishi, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimiga oid ekanligi bu borada xali qilinishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar ko‘pligini bildirmoqda.

Murojaatlarning 10 tasi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda o‘sha joyning o‘zidayoq hal etildi.

-Biz istiqomat qiladigan hududni suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta'minlashda uzilishlar bo‘lishidan qiynalamiz, - deydi Toshkechik mahallasi,  Mardlar ko‘chasi, 43-uyda yashovchi Yusufjon Karimov. – Deputatning tashrifi ko‘nglimizdagi ish bo‘ldi. Murojaatimiz o‘z vaqtida hal qilindi. Tuman gaz idorasi bosh muhandisi Fayzullo Mo‘ydinov suyultirilgan gaz ballonlari ta'minotini zimmasiga oldi.

Anorzor mahallasi, Hurdiyor ko‘chasi, 124-uyda yashovchi Karimjon Mo‘minov tadbirkorlikning parrandachilik yo‘nalishida faoliyat boshlamoqchi bo‘lganiga ancha bo‘ldi. Ammo imtiyozli kredit olish bo‘yicha turli to‘siqlarga duch kelayotgandi. Uning murojaati deputat va mutasaddilar tomonidan o‘rganildi. Masala joyida hal etilib, fuqaro TIF “Milliybank”ning tuman bo‘limi bilan kredit shartnomasini imzoladi.

“Maqsadimiz – xalq dardi bilan yashash, og‘riqli savollarga javob berish”

Abdullajon Hamroqulov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi:

-Tumanning Guzar, Istiqlol, Tinchlik, To‘rtko‘l, Botirobod mahallarida 35 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda 2009 yilga qadar maishiy savdo joyi, ya'ni bozor bo‘lgan. Biroq undan keyin noma'lum sabablarga ko‘ra bozor faoliyati to‘xtatilgan. Hudud aholisi uchun bozor juda zarur. Negaki, ushbu mahallalar aholisi tuman markazidagi bozorga borish uchun 7 kilometr, Namangan viloyatining Haqqulobod tumani bozorigacha yana shuncha masofani bosib, bozor-o‘char qilishi kerak. Hatto ro‘zg‘or uchun juda zarur mahsulotni ham shuncha masofa bosib yo tuman markaziga yoki qo‘shni viloyatga borishga to‘g‘ri keladi. Vaqt ham, mablag‘ ham sarflanadi. Aholi vakillarining ushbu murojaati ijobiy hal etilishi ta'minlandi. Tuman hokimligi maishiy savdo joyi uchun yer ajratilishini zimmasiga oldi. Tez kunda bozor qayta tiklanib, aholining og‘irini yengil qiladi.

-Kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelaman, - deydi Tinchlik mahallasi, Bahoriston ko‘cha, 64-uyda yashovchi G‘ulomjon Azizov. – Bu borada muammoga uchramaganman. Ammo nozir so‘nggi marta kelganida, elektrdan 1 mln. 50 ming so‘m qarzimiz borligini aytdi. Tuman elektr ta'minoti bo‘limiga borib, bu anglashilmovchilik xususida gaplashdim. Ular tekshirib, haqiqatan ham qarzdorligim yo‘qligini aytishdi. Biroq haligacha qarzdorlikni olib tashlashmayapti. Deputatning aralashuvi bilan muammoim hal etildi.

Murodjon Hojibekov oliy ma'lumotli. Toshkent axbort texnologiyalari oliygohini tamomlagan. Biroq hanuzgacha ishsiz. Deputat A. Hamroqulov fuqaroning murojaatini hal etishga ko‘maklashdi.

 Zilola RAHMONOVA,
O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi
Matbuot xizmati rahbari.

Mavzuga oid
Top