15:13 / 10.04.2017
10790

Farzanddan darig‘ tutilgan mehr

Karamanalik Olim va Sayyora (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) turmush qurayotganlarida ularning orzulari olam-olam edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi. Biroq qizlari 2 yoshga yetganida, ularning turmushi izdan chiqdi.

Oila boshlig‘i spirtli ichimlik ichishga mukkasidan ketdi. Janjal bo‘lavergach, turmushlaridan baraka ko‘tarildi. Sayyora onasinikiga ketib qoldi. Shu-shu oila tinchi buzilib, ajrashishdi. Sayyora eri bilan yashamayotganligi sababli voyaga yetmagan qizi uchun aliment undirishni so‘rab, fuqarolik sudiga murojaat qildi. Sud tomonidan Olimga daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment puli to‘lab borish belgilanadi.

Biroq Olim tayinli ishi bo‘lmaganligini bahona qilib, qizi uchun 2016 yilning oxirigacha, ya'ni 3 yil davomida aliment to‘lamay yurdi. Turmush o‘rtog‘ining alimentni undirish berishni so‘rab murojaat qilganidan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Farzandini moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlab kelgan “ota”ning aybiga to‘la iqrorligi va boshqa holatlar inobatga olinib, sud tomonidan unga nisbatan jinoiy jazo tayinlanib, sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga yetkazilgan zararni undirib berish haqida hukm chiqarildi.

“Kattamachit” MFYda yashovchi Zayniddinning ham 8 yillik oilasi o‘zaro kelishmovchiliklar sabab parokanda bo‘ldi – bir nafar qizini olib xotini Lola onasinikiga ketib qoldi. Sud tomonidan voyaga yetmagan qizi foydasiga aliment to‘lab turish haqida qaror chiqarildi. Ammo u Rossiyaga ishlash uchun ketib, 2016 yilda qaytib keldi.

24 oy davomida aliment to‘lanmaganligi uchun uning qarzdorligi 5,5 million so‘mdan oshgan edi. U garchi mazkur qarzning ma'lum bir qismini uzgan bo‘lsa-da, qolganini to‘lashni paysalga solib keldi. Lola turmush o‘rtog‘idan aliment puli undirishni, biroq unga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rab, sudga murojaat qildi. Sud Zayniddinning pushaymonligi, aybiga iqrorligi, qarzini qisman qoplaganini inobatga olib, uning tegishli jazo tayinladi. Alimentning qolgan qismini sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga undirish belgilandi.

Top