Ilon Mask insoniyatni Marsga jo‘natmoqchi. Boz ustiga, bu ishni u ko‘ngilli sifatida amalga oshirmoqchi emas, shu sababli Qizil sayyoraga borish istagida bo‘lganlar o‘z pullarini, to‘g‘rirog‘i, yuz minglab dollarlarini tayyorlab qo‘yishlari zarur. SpaceX kompaniyasining so‘nggi muvaffaqiyatli loyihasi raketasozlik tarixida ilk marta ilgari foydalanilgan raketa eltuvchi pallasini uchirish va qo‘ndirish bo‘ldi, shu sababli "kosmik entuziastlar" — ular milliarderlar albatta — bunday yangiliklardan so‘ng faollashib, borsakelmas tomonlarga peshona teri bilan topgan pullarini yig‘ishga kirishib ketishganidan hayron bo‘lmaslik kerak.
"Umid qilamanki, sizlar allaqachon Mars tomon chiptalar haqida bosh qotirayapsizlar", — degan yo hazil yo chin ohangida SpaceX kompaniyasi prezidenti Gvinn Shotvell Kolarado-Sprinsda har yili o‘tadigan 33-Kosmik simpoziumda, deb yozadi Inverse portali.
"Ko‘p marta foydalanish — bu chindan ham bag‘oyat qiziq imkoniyat, shu sababli bu texnologiyani barchalaringizga qo‘llashni tavsiya etaman", — degan Shotvell xonim.

Mask ilk bor Marsga chiptalar haqida 2016 yilning sentabrida, Meksikada o‘tgan 67-xalqaro astronavtika anjumanida so‘zlagan edi. SpaceX rahbari bunday sayohat bir insonga 200 ming AQSh dollariga tushishini ta'kidlagandi. Shu uchrashuv mobaynida u insoniyatni sayyoralararo turga aylantirish borasidagi rejalari bilan o‘rtoqlashgan. Bu rejani amalga oshirish faqat ko‘p marta foydalaniladigan raketalar ishlatila boshlanganida mumkin bo‘ladi. Bu nafaqat ishga jalb qilingan loyihalar qiymatining pasayishiga, ularni tayyorlashga ketgan vaqtning qisqarishiga ham olib keladi, bularning bari ijobiy tomonga xizmat qiladi, jumladan, Mars sayyohlari uchun chiptalar narxining arzonlashishiga ham.
Biroq ko‘p marta foydalaniladigan raketalar yasalganidan keyin ham bunday parvozlarning narxi 200 ming dollardan ancha ko‘p bo‘lishi turgan gap. Bunday fikrni Michigan universiteti aerokosmik texnologiyalar kafedrasi professori Ella Atkins ham tasdiqlamoqda. Boz ustiga, gap faqat Marsga parvoz haqida keltmayapti, xarajat u sayyoraga qo‘nish va uyga qaytishni ham qamrab olgan.
"Shunchaki, raketalar va gravitatsiya xususiyatlarining bazaviy tahlilidan kelib chiqilsa va parvoz qilgan insonlarning hayotini saqlab qolish uchun nimalarni olish zarurligi borasidagi oddiy hisob-kitoblar... bularning barisi 200 ming dollar? Juda balandparvoz emasmi?" — deya o‘z gaplarini sharhlagan Atkins.
"Biroq bu ishda, kompaniya Marsga parvoz bir necha million dollar turishini e'lon qilganida ham, siyosat va insonlar tomonidan kompaniyaning qo‘llab-quvvatlanish darajasi katta ahamiyatga ega".




















