Bir foiz qonuni: nega ayrimlar hamma narsaga ega, boshqalar hech narsaga?
10 marotaba badavlatroq va muvaffaqiyatliroq bo‘lish uchun 10 marta ko‘p ishlash va o‘zingizni o‘tga-cho‘g‘ga urishingiz shart emas. Shunchaki "bir foiz qoidasi"dan foydalaning, — deya maslahat beradi amerikalik mashhur bloger Jyeyms Klir.
To‘planma ustunlik kuchi
Yonma-yon o‘sayotgan ikki daraxtni tasavvur qiling. Ular har kuni namlik va quyosh nuri uchun raqobat qiladi. Agar daraxtlardan biri salgina tezroq o‘ssa ham u sherigidan ozgina bo‘lsa-da, balandroq bo‘ladi va quyosh nurlari va yomg‘irga ko‘proq ega chiqadi. Ertasi kuni shu qo‘shimcha energiya hisobiga u yanada balandroq o‘sadi. Oradan vaqt o‘tib, u ikkinchi daraxtni soyasida qoldiradi va quyosh nurlarining ham, tuproqdagi oziq moddalarining ham katta qismiga ega chiqadi.
Bunday daraxt ko‘proq urug‘ beradi, demak kelgusida bu daraxtdan tarqalgan nihollar ko‘proq bo‘ladi. Bu jarayon takrorlanaveradi va eng avvalida raqobatchilaridan ozgina yaxshiroq bo‘lgan daraxtlar o‘rmonning katta qismini egallagunga qadar davom etadi.
Ozgina ustunlikning vaqt o‘tishi bilan kengayishi hodisasini olimlar to‘planma ustunlik deb atashadi.
G‘olib hammasiga ega bo‘ladi
Insonlar bilan ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatiladi. O‘rmondagi daraxtlar singari biz ham ko‘pincha o‘sha resurslar uchun kurashamiz. Siyosatdonlar saylovchilar ovozi uchun, yozuvchilar — bestsellerlar ro‘yxatidagi o‘rin uchun, sportchilar — oltin medallar uchun, kompaniyalar — potensial mijozlar uchun, telekanallar esa bizning diqqatimiz va vaqtimiz uchun.
Unumdorlikdagi kichik farq unga mutanosib bo‘lmagan mukofotga sabab bo‘lgan bunday effekt "G‘olibning hammasiga ega bo‘lishi", deb ataladi.
Faqat bir foiz, bir soniya, bir so‘m ustunlikka ega bo‘lishning o‘ziyoq mukofotning 100 foizini qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘ladi.
Cheklangan resurslar, masalan vaqt va pul bilan bog‘liq har qanday qarorlar, tabiiy ravishda g‘olibning hamma narsani qo‘lga kiritishiga sabab bo‘luvchi vaziyatga olib keladi.
G‘olib katta qismga ega bo‘ladi
Individual muobaqlar uchun xarakterli bo‘lgan "G‘olibning hammasiga ega bo‘lishi" effekti ko‘pincha hayotning boshqa jabhalarida "G‘olibning katta qismga ega bo‘lishi" effektiga olib keladi.
Afzal pozitsiyada (oltin medalni qo‘lga kiritish yoki direktorlik mansabiga o‘tirish) bo‘lib qolgan g‘olib uni yana g‘alabalar sari eltuvchi ustunliklarni to‘play boshlaydi. Avvaliga kichkina ustunlik bo‘lib ko‘ringan narsa endi 20/80 qoidasiga o‘xshash tus oladi.
Bir narsada g‘alaba qozonish boshqasida ham g‘olib bo‘lish imkoniyatlarini oshiradi. Har keyingi shunday muvaffaqiyat g‘oliblarning holatini mustahkamlay boradi.
Vaqt o‘tishi bilan barcha mukofotlar va ustunliklar eng avvalida raqibidan ozgina oldinda bo‘lgan kishilarga nasib etadi, ozgina ortda qolganlar esa alal-oqibatda deyarli hech narsasiz qolib ketishadi. Bu prinsip injildagi "...kimki ega bo‘lsa unga beriladi va ko‘paytiriladi, yo‘q boridan ham ayriladi", iqtibosiga qiyosan Matfey effekti, deb ham ataladi.
Endi esa maqola berilgan savolga qaytaylik. Har holda nega faqat ba'zi bir insonlar va tashkilotlargina ustunliklar va boyliklarning katta qismiga egalik qilishadi?
Bir foiz qoidasi
Vaqt bilan ishlashdagi kichikroq farq ham imtiyozlarning notekis taqsimotiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli foydali odatlar juda muhim.
Raqobatchilar ustidan bor-yo‘g‘i bir foizga ustunlik qilish yetarli. Biroq o‘z ustunligingizni bugun, ertaga, indinga va kundan-kunga saqlab tursangiz, shu ustunlik sabab g‘alaba qozonaverasiz. Har bir g‘alaba yangidan-yangi natijalar olib kelaveradi.
Mana shu bir foiz qoidasining aynan o‘zginasidir. Ikki barobar ko‘proq daromad qilish uchun ikki barobar yaxshiroq bo‘lish shart emas. Faqatgina bir foizga yaxshiroq bo‘lishni ta'minlasangiz bas.
Mavzuga oid
08:33 / 17.12.2024
Davlat banklari mahalla startaplariga 50 mln dollar ajratadi
18:57 / 16.10.2024
Startap loyihalar ekotizimini rivojlantirish haqidagi prezident qarori imzolandi
14:16 / 24.08.2024
Yoshlar texnoparklari startapchilari xorijga stajirovkaga yuboriladi
10:39 / 22.01.2024