23:19 / 11.04.2017
7596

Lexus yangi sport sedanini taqdim qildi

Foto: Lexus

Lexus kompaniyasi LS sedanining sport versiyasini oshkor qildi. Kompaniya matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yangi model LS 500F Sport deb nomlangan va 12 aprelda Nyu-Yorkdagi avtosalonda namoyish qilinadi.

Sedan yangi global platforma GA-L’ning uzaytirilgan versiyasida qurilgan. Kompaniyada ta'kidlanishicha, bu shassi yaxshiroq boshqaruvchanlikni, yurish ravonligini va salonda osoyishtalikni ta'minlaydi. Avtomobil o‘zgacha yon yubkalar, 20 dyuymli g‘ildirak disklari va yangi radiator panjarasi olgan. 

Salonda sport o‘rindiqlari, pedallarga alyumin qo‘yilmalar, LC500 kupesidagi kabi asboblar paneli o‘rnatilgan. Mashina, shuningdek, modernizatsiyalangan tormoz tizimi, qayta sozlangan rul boshqaruvi va takomillashgan pnevmopodveska bilan jihozlanadi.

Yangi mashina kapoti ostida benzinda ishlovchi 3,5 litrli V8 dvigateli o‘rnatiladi. Motorning kuchi 415 ot kuchini tashkil qiladi va u 10 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. Mashina 100 km/soat tezlikka 4,5 soniyada erisha oladi.

Bundan tashqari, mijozlarga sport sedanining gibrid kuch qurilmasiga ega varianti ham taklif qilinadi. Kuch qurilmasi tarkibiga 3,5 litrli V6 motori va u bilan birgalikda ishlovchi ikkita elektrodvigatel kiradi. LS’ning bu modifikatsiyasining umumiy quvvati 354 ot kuchini tashkil qiladi. Bu mashina 100 km/soat tezlikka 5,2 soniyada erishadi.

  

Top