11:51 / 11.04.2017
21720

Toshkentda juda ko‘plab fuqarolarni chuv tushirgan firibgar ushlandi

Soddalik, hammani ham o‘zingdek ko‘rib ishonish yaxshiku-ya, biroq erta bir kun o‘sha ishongan odam ishonchingni suiiste'mol qilsa, aldab ketsa, bunday yomoni yo‘q ekan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Yo‘qsa, xotinining nomidagi “Damas”ni sotmoqchi bo‘lganida, xaridor “mashinaning pulini har oyda bo‘lib-bo‘lib beraman”, deganida, tanimagan-bilmagan odamga ishonarmidi?! Mana endi pulini vaqtida ololmay, xunob bo‘lib o‘tiribdi.

Shunday bo‘lsa-da, haliyam yaxshi odamlar bor ekan. Kuni kecha bittasi bilan tanishdi. O‘zini Ichki ishlar vazirligining maxsus inspeksiyasi xodimi, deb tanishtirgan Haydar ismli yigit uning dardini eshitgach, avtomashinani olib berishni va'da qildi. Katta joyda ishlaydi-da, ancha yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zini tutishi ham, gap-so‘zlari ham dadil. Umridan baraka topsin!

Haydar gapni qisqa qildi.

-  Aka! Qayerda, kim bo‘lib ishlashimni bilib oldingiz. Bunaqa ishlar menga cho‘t emas. Bizdan nima qoladi, faqat yaxshilik. To‘g‘rimi? Sizdan yashirmayman. Men bu masalada iltimos qiladiganlar ham kichkina odamlar emas. Shunday ekan, ularni ham “xursand” qilishimiz kerak bo‘ladi. Ertaga yana ularning eshigini qoqish bor...

-  Sizni tushundim, ukajon. Firibgarga uchrab qolganimni bilmay qolibman. Mashinamni olib bersangiz bo‘ldi. Xizmatiga tayyorman.

Oradan ko‘p o‘tmay, Haydar jabrdiydadan “xizmat haqi” sifatida bir million so‘m pulni oldi-da, tanishlari bilan gaplashib qo‘yganini aytib, u bilan xayrlashdi. Keyin telefon qilib, yana uchrashuv tayinladi. Bu safar ish deyarli bitay, deb qolgani bilan tabriklab, yana 1500 AQSh dollari undirdi.

Avtomashina egasi bo‘lsa, “Ana endi mashinamni qaytarib olaman”, degancha kun sanay boshladi. Biroq u firibgarga duch kelganini bilmasdi...

Bu paytda Haydar boshqa bir soddaning “sho‘rini quritish”ni boshlagan edi. Bir er-xotin uy-joy qurish maqsadida yer maydoni qidirib yurganligini eshitib qoldi-yu, “otini qamchiladi”. Bu safar o‘zini viloyat kadastr boshqarmasi huquqshunosi, deb tanishtirib, Zangiota tumanidan yer maydoni olib berishi mumkinligi haqida og‘iz ko‘pirtirdi. Qarabsizki, ko‘p o‘tmay 1000 AQSh dollari, keyinchalik esa yana 548 ming so‘m mablag‘ osongina cho‘ntagiga kelib tushdi. Orada ularning Yunusobod tumanidagi bo‘sh maydonchaga do‘kon qurish niyatlari ham borligini bilib qolib, shahar hokimligidan ruxsat olib berish ham qo‘lidan kelishini aytdi. Qarabsizki, yana 1 mln. 500 ming so‘m pul eski egasini tark etib, yangisining cho‘ntagiga tushdi.

Ko‘p o‘tmay, tanishi unga bir odamni ro‘para qildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni niyat qilgan bu fuqaro, savdo do‘koni qurishni rejalashtirgan, buning uchun ruxsatnoma olish haqida bosh qotirib yurgan ekan. Bunaqa masalalarni faqatgina og‘izda bajarishning hadisini olgan Haydar zumda shahar hokimligining mas'ul xodimiga aylandi. Qaysi joy ma'qul kelgani bilan qiziqdi, bloknotiga bir nimalarni yozib, maslahat ham berdi. Gap orasida bu ishlar 5 ming AQSh dollari evaziga bitishini ham sha'ma qilib o‘tdi. Haydarning o‘zini tutishini ko‘rgan bo‘lg‘usi tadbirkor esa tez orada yer maydoniga ega bo‘lishiga yuz foiz ishondi-da, bo‘nak sifatida 3 ming 950 AQSh dollarini qanday qilib unga tutqazganini bilmay qoldi.

Bu holatlar Haydarning qing‘ir faoliyatidan bir shingil, xolos. Agar hammasini aytadigan bo‘lsak, anchagina joy egallaydi. Masalan, bir gal yer maydonining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish masalasida murojaat qilgan bir fuqaroga yordam berishni va'da qilib, 956 ming so‘m va 1000 AQSh dollari olgan bo‘lsa, boshqa bir fuqaroning farzandini “o‘qishga kiritib qo‘yaman”, deya 1500 AQSh dollari hamda 450 ming so‘m pulini olishdan tashqari, abituriyentning hujjatlarini nobud qilib yuboradi. Ko‘p o‘tmay esa aynan shu fuqaroning boshiga tashvish tushganidan foydalanib, yordam berishni va'da qiladi-da, ishni bosti-bosti qilish uchun yuqori lavozimda ishlaydigan tanishlariga “uzatish” lozimligini, undan 1 350 AQSh dollari, so‘ngra yana 3 300 AQSh dollari hamda bir million so‘m oladi-yu, bu mablag‘larni ham o‘zining ehtiyojlariga sarflaydi...

Shu o‘rinda Haydar Ahmedov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan)ning shaxsi haqida ikki og‘iz, u 1992 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma'lumoti o‘rta-maxsus. Yigirma yoshidayoq sudlanishga ulgurgan, firibgarlikni kasbga aylantirgan bu kimsaning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining hukmi bilan Haydar Ahmedovga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  

Top