O‘zbekiston | 17:20 / 12.04.2017
187137
12 daqiqa o‘qiladi

«Favqulodda holat». Hukumatga 10 kun muhlat berildi

11 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu safargi videoselektor o‘ta tanqidiy ruhda o‘tgan.

«Kun.uz» manbasining ma'lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ijobiy ma'noda «favqulodda holat» e'lon qilgan. Dunyo iqtisodiyotidagi noaniqlar, narx-navoni prognoz qilib bo‘lmayotgani xalq xo‘jaligiga e'tiborni kuchaytirish, 24 soat ishlashni taqozo qilayotgani haqida gapirgan. Majlisda bosh vazir o‘rinbosari, Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish kompleksining rahbari Rustam Azimov so‘zga chiqib, dunyo bozori kon'yukturasi haqida atroflicha tushuntirib bergan va prezident tomonidan taklif qilingan choralar zarurligiga dalillar keltirgan.

Videoselektor. Majlisda muhokama qilingan muhim masalalar

Prezident majlisda deyarli barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi rahbarlarini jiddiy ogohlantirgan, ba'zi amaldorlar ishdan bo‘shatilgan.

Xalq ta'limi vazirligi - U.I.Inoyatov, Davlat raqobat qo‘mitasi - D.A.Hidoyatov, «O‘zfarmsanoat» AK - M.M.Do‘stmuradov, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktori U.Z. Salimov va boshqa bir qator boshqaruv organlari rahbarlari belgilangan talablar va Vazirlar Mahkamasining reglamentini qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ygani aytilgan.

Vazirliklar, idoralar va hokimliklarning ayrim rahbarlari yuritayotgan ish uslubi qog‘ozbozlik keltirib chiqarayotgani ta'kidlangan. Markaziy iqtisodiy, moliya va bank organlari apparatlarida byurokratizm holatlariga barham berilmagani, xulosalar cho‘zilib tayyorlanishi oqibatida ustuvor vazifalarni amaliy va samarali hal etish barbod qilinayotgani qayd etilgan.

«Ushbu jiddiy kamchiliklarni bartaraf etish uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E.M.G‘aniyev va uning o‘rinbosari Sh.A.To‘laganov, shuningdek vazirlik apparatining bosh boshqarmalari va boshqarmalari rahbarlari amaliy chora-tadbirlar ko‘rmayapti. Iqtisodiyot vazirligi (G.K.Saidova) va Moliya vazirligi (B.A.Xo‘jayev) tomonidan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi tizimini, respublika sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim va kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarini isloh qilish bo‘yicha hujjatlar turkumi puxta ekspertizadan o‘tkazilishi ta'minlanmagan», degan prezident.

Ichki ishlar vazirligining (A.A.Azizov) markaziy apparatida va uning hududiy bo‘limlarida, ayniqsa, tuman va shahar bo‘g‘inida ijro intizomi tizimini jiddiy ravishda mustahkamlash talab etilishi qayd etilgan.

«Vazirlikning butun tizimini va ayniqsa tuman bo‘g‘inini tubdan qayta tashkil etish, shuningdek, profilaktika inspektorlari ishi samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriq asossiz ravishda sustkashlik bilan bajarilmoqda. Ijro intizomining pastligi holatlari va misollari boshqa bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida ham oxiriga qadar bartaraf etilmagan», degan prezident.

Davlat rahbari Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimlari - Z.Sh.Ro‘ziyev, E.O.Turdimov va P.R.Bobojonov tomonidan nazorat susaytirib yuborilgani, shuningdek, hukumat qarorlari loyihalarini vazirliklar va idoralarda puxta ishlash va ekspertizadan o‘tkazish muddatlari cho‘zilib ketgani tufayli 2017 yilda ushbu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni o‘rganish davomida berilgan ayrim topshiriqlarning ijrosi kechiktirib yuborilgan va to‘liq hajmda bajarilmagan. Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar Toshkent shahri hokimi R.J.Usmonovga ham xos bo‘lgan.

Ijro intizomini mustahkamlash, O‘zbekiston prezidenti hujjatlari va hukumat qarorlari loyihalarini har tomonlama iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishni tashkil etish, shuningdek, ularning o‘z vaqtida va so‘zsiz amalga oshirilishini ta'minlash muammolari Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparatida talabchanlik yetarli emasligi oqibatida yuzaga kelayotgani qayd etilgan.

Boshqaruv organlari ayrim rahbarlarining, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining shaxsiy mas'uliyatsizligining ko‘rsatib o‘tilgan holatlari, qabul qilingan qonunlar, O‘zbekiston respublikasi prezidenti farmonlari, qarorlari, yozma va og‘zaki topshiriqlari, shuningdek hukumat qarorlari so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etilishiga nisbatan yuzaki munosabatda bo‘lish, ularning monitoringini olib borishning amaliy tizimi mavjud emasligi muayyan darajada mamlakatni izchil rivojlantirishning, uning iqtisodiyotini mustahkamlashning, aholining moddiy farovonligini oshirish va jamiyatda barqarorlikni ta'minlashning joriy va istiqboldagi ko‘p qirrali vazifalari o‘z vaqtida va samaralari amalga oshirilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani keltirib o‘tilgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan va boshqa kamchiliklarni kechiktirmasdan va tezkor bartaraf etish, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, mas'uliyatsizlikning, o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri funksional vazifalarini bajarishga yuzaki munosabatda bo‘lishning har qanday holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va oldinga qo‘yilgan maqsadlar va vazifalarga erishish so‘zsiz ta'minlanishi uchun mansabdor shaxslar barcha toifalarining shaxsiy javobgarligini belgilash va choralarni kuchaytirish maqsadida mansabdor shaxslarning va ular rahbarlik qilayotgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, xo‘jalik birlashmalari apparatlari xodimlari va barcha darajalardagi hokimlar shaxsiy mas'uliyatsizligining har qanday holatlari mavjud bo‘lishi, ular tomonidan va eng avvalo qabul qilingan qonunlarni, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda topshiriqlari, shuningdek, hukumat qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini susaytirilishiga toqat qilinmaydigan va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb hisoblanadi.

2017 yil 26 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatsiz bajarilgani uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri - E.M.G‘aniyevga, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari - A.K.Shodmonov, B.A.Otaxonov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.K.Sharopovga, «O‘zfarmsanoat» kompaniyasi raisi - M.M.Do‘stmurodovga va «O‘zbekenergo» AJ raisi - F.I.Salomovga, Navoiy viloyati hokimi - K.B.Tursunovga, Namangan viloyati hokimi - X.X.Bozorovga hamda Vazirlar Mahkamasi departamentlari rahbarlari B.K.Yusupaliyev, D.X.Nabiyev, I.R.Mahkamovga intizomiy chora belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.X. Abdusamatovni hayfsan shaklida intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taklif yuborilgan.

Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining Nazorat bo‘limi mudiri F.X. G‘aybullayevni lavozimidan ozod etish qarori qabul qilingan.

Qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatida samarali natijalarga erishilmagani, Vazirlar Mahakamasining 2017 yil 14 yanvardagi majlisida berilgan topshiriqlarning ijrosi yuzasidan amaliy kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmagani hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni loyihasini puxta ishlab chiqishdagi shaxsiy intizomsizligi uchun Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi D.Hidoyatov lavozimdan olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B.I. Zokirov va uning birinchi o‘rinbosari A.R.To‘xtayev ham hayfsan olgan.

Shuningdek, 2017-2021 yillar davrida respublika oliy ta'lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqishning belgilangan muddatlari qo‘pol ravishda buzilgani va puxta ishlab chiqilmagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri R.S.Qosimovga hayfsan e'lon qilingan.

Toshkent shahri hokimi R.J.Usmonovga O‘zbekiston Respublikasi prezidentining va respublika hukumatining ayrim topshiriqlari o‘z vaqtida bajarilmagani va sifati darajasi pastligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi reglamenti talablari buzilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, hukumat qarorlari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazmasdan va tegishli vazirliklar va idoralar, eng avvalo, vakolatli organlar bilan kelishmasdan kiritishning bir qator holatlarini qat'iy ko‘rsatib o‘tish ko‘rsatma qilingan.

Bosh vazir A.N.Aripov, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari O.J.Ramatov, bosh vazir o‘rinbosarlari R.S.Azimov, G‘.I.Ibragimov, Z.T.Mirzayev, T.K.Norboyeva va U.U.Ro‘ziqulovga 10 kun muddatda ijro intizomi pastligining ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarini bartaraf etish va bundan buyon ularga yo‘l qo‘ymaslikning amaliy chora-tadbirlari 2017 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha vazirliklar, davlat qo‘mitalari va xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlarida, Vazirlar Mahkamasi komplekslari va respublika hukumatining majlislarida muhokama qilinishi va tasdiqlanishini ta'minlash ko‘rsatma qilingan.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatovga o‘z kompleksi tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vaqtida va puxta tayyorlashda tizimli buzilishlar mavjudligiga, ularning rahbarlariga nisbatan talabchanlik yo‘qligiga e'tibor qaratish ko‘rsatma qilingan.

Rustam Azimov kompleksida esa o‘z vaqtida bajarilmagan topshiriqlar soni o‘sayotgani kuzatilayotgani qayd etilgan. Unga hududlarda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mahalliy byudjyetlarning daromad qismini kengaytirish va soliq ma'murchiligi samaradorligini oshirishga, ushbu vazifalarni amalga oshirishda viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlarining ishlari o‘ta yetarli emasligiga e'tibor qaratish vazifasi topshirilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari, Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari I.G‘.Ibragimovga yirik, eng avvalo, neft-gaz tarmog‘idagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, asbob-uskunalar, materiallar va xom ashyoni import qilish bilan bog‘liq loyihalarni optimallashtirish zarurligiga e'tibor qaratish vazifa qilingan.

Shuningdek, U.U.Ro‘ziqulov Vazirlar Mahkamasining har bir kompleksi bo‘yicha eksportning holati batafsil tahlil qilinishiga, shuningdek, respublikaning 66 foiz ixtisoslashtirilgan qishloq xo‘jalik tumanlari bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratishi kerakligi aytilgan. Iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti qadrlarini shakllantirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etilgan.

Videoselektor yakunlari. Yana bir «to‘rtlik» ishdan ketdi

 

 

Mavzuga oid