Kuni kecha internet nashrlarda joriy yil 7 mayda Toshkent shahrida tatuirovka festivali o‘tkazilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu xabarni o‘qidimu tatuirovka haqida  ayrim mulohazalarni bo‘lishgim keldi. Xulosani esa keyin gaplashamiz.  

Qadimda Yaponiyaning Xokaydo orolidagi aborigen ayollar o‘z tana a'zolariga turli xil ko‘rinishdagi suratlarni igna orqali rang berib bezashgan. Xususan, yuzlari, lablari, qovoqlari nafis bezaklar bilan bezatilgan. Bu bilan ular oilaviy ahvoli haqida xabar bergan, ya'ni farzandlar soni, jismonan chiniqqanligi va ro‘zg‘or ishlarida qobiliyatli ekanligini anglatganlar. Bu ularning o‘tmishidagi milliy o‘ziga xosligidir balki, lekin bizning o‘tmishimizdagi milliy o‘ziga xosligimizda bu kabi odat, ya'ni tatuirovka qildirish bormidi?

Texnik taraqqiyot asri deb nom berilgan 21 asrda kishilar ongida san'atga nisbatan ayricha munosabat shakllandi. Deylik, aslida insonni tahqirlashdan lazzat olishni o‘zining yo‘nalishi deb belgilagan sadizmga xos bo‘lgan, amalda esa yoshlar o‘rtasida urfga aylanayotgan ayrim nomutanosib xatti-harakatlarga qo‘shtirnoq ichidagi zamonaviy “fikr egalari” go‘zallik deya ta'rif berayapti. Xususan, ko‘cha-ko‘yda inson nazari tushsa, gunoh sanaladigan a'zolarga naqshli gul yoki ko‘p qirrali yulduz aksi tushirilgan suratni ko‘z ko‘z qilib yurgan yigit qizlarimizga ko‘zimiz tushadi. Bu ayni globallashuv jarayonining mevasi ekanligiga hech kimning shubhasi yo‘q. Shu nuqtai nazardan, bir qator savollar hammamizni o‘yga toldirishi tabiiy...

Hozirgi kunda yoshlarimiz orasida ommalashib borayotgan tatuirovka oqibatida 22 xil rak kasalligi bilan xastalanish mumkinligini yoshlarimiz bilisharmikin? Tatuirovka qildirish aslida ahloqiy buzuq olam vakillarining timsoli ekanligini-chi? Yoki o‘z dunyoqarashi bilan o‘limning hayotdan ustun turishini olg‘a suradigan ma'naviy buzuq bo‘lgan got va emolarning tashqi ko‘rinishidagi belgilar ekanligini bilamizmi? Tatuirovkaning har bir seansida taxminan teri ostiga ming marta igna kirishi bilan inson sog‘lig‘iga jiddiy xavf solinishini tushunib yetyapmizmi? Bunday qiziqish va harakatlar zamirida nima yashiringanligini-chi?

Qadimda Yangi Zelandiyada “mayori” qabilasi mavjud bo‘lib, tatu niqobini “mokko” so‘zi orqali talqin etishgan. Ular o‘z jangchilarining yuzini tatu niqobi bilan bezatishgan. O‘sha jangchi qazo qilgan taqdirda esa oliy hurmat-ehtirom sifatida uning yuzi kesib olinib, nodir ashyo sifatida saqlanilgan.

Gretsiya va Rimda esa mahbuslarning qamoqdan qochishlariga qiyinchiliklar tug‘dirish maqsadida ularning yuzlariga har xil rasmlar solishgan. XVII-XIX asrlarda Yaponiyada jinoyatchilarga jazo sifatida “kuchuk” ma'nosini anglatuvchi iyerogliflarni jinoyatchilar tanasining turli qismiga muhrlashgan. Ta'bir joiz bo‘lsa, bunday harakatlarni hozir ham uchratish mumkin, ya'ni, jinoyatchilar tanasiga tushirilgan tatuirovkalar uning jinoyat olamining yozilmagan qonunlaridagi mavqeini ifodalaydi. Masalan: pichoq surati shavqatsiz va qasd oluvchi ma'nosida.