10:39 / 17.04.2017
27032

Toshkentda bosqinchilar to‘dasi qo‘lga olindi

Hali olamga beg‘ubor ko‘z bilan qaraydigan bolalar dunyoda manfur kimsalar ham borligini, ular nafs yo‘lida har qanday jirkanchlikdan tap tortmasligini, hatto kichkinalarni ham ayab o‘tirmasliklarini bilishmaydi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

Ota-onasi ishga ketgach, aka-uka Farrux bilan Davron (ismlar o‘zgartirildi) uyda hech narsadan qo‘rqmay, xotirjam gaplashib o‘tirishardi. Birozdan so‘ng Farrux ham ukasini yolg‘iz qoldirib ingliz tili to‘garagiga ketishi lozim edi. Kelajakdagi orzulari haqida miriqib gaplashayotgan aka-ukalarning suhbatini ustma-ust chalingan eshik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yubordi. Farrux chopib borib tuynukchadan qarasa, tashqarida qora ko‘zoynak taqqan, boshiga ro‘mol o‘rab olgan ayol turardi.

-  Kimsiz? – so‘radi Farrux uni tanimay.

-  Ravshan akaning tanishiman, zarur gapim bor edi.

Notanish ayoldan otasining ismini eshitgan bolakay uning gaplariga ishonib eshikni ochdi. Shu payt yuziga niqob taqqan, qo‘llariga qo‘lqop kiygan kishi ichkariga kirdi-yu, bolaning yuziga musht tushirdi.

-  Baqirsang o‘zingga yomon bo‘ladi, - deya do‘q urdi u Farruxning og‘zini kafti bilan berkitib. – Yaxshilikcha ayt, pullar qayerda?

Bola xonaga kirib kelgan yana bir niqobli kishini  ko‘rib qo‘rqib ketdi. U faqat kinolarda bosqinchilar bo‘ladi deb o‘ylardi, qachondir o‘zi ham bosqinchilar qo‘liga tushishini sira xayoliga keltirmasdi. Akasining ortidan turgan Davronning esa azbaroyi qattiq qo‘rqqanidan ovozi ham chiqmay qolgandi.

Bosqinchilardan biri uyni titkilay boshladi. Ikkinchisi esa Farruxning oyoq-qo‘llarini bog‘lab qo‘ydi va oshxonadan pichoq olib chiqib:

-  Pullar qayerda saqlanadi?! – deya so‘radi pichoqni uning ko‘z oldida aylantirar ekan.

Akasining holini ko‘rib battar qo‘rqib ketgan Davron ularga devorga o‘rnatilgan temir seyfni ko‘rsatdi. Endi jinoyatchilar seyf kalitini izlay boshladilar. Qancha do‘q-po‘pisa qilishsa ham, bolalardan tayinli gap chiqmadi. Ulardan biri qo‘ng‘iroq qilib pastda poyloqchilikka qolgan uchinchi sherigini yordamga chaqirdi. Hayal o‘tmay yana bir notanish kishi kirib keldi va birga seyfni turgan joyidan ko‘chirib ola boshladilar.

Fotima ishxonaga borganda ham ko‘pincha xayoli uyda qolgan bolalarida bo‘lardi. Tez-tez uyga qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rab turardi. Hozir ham ko‘ngli negadir g‘ashlanaverdi. Qo‘li ishga bormagach, telefonini olib Farruxning uyali telefoniga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilsa ham, hech qanday javob bo‘lmadi. Fotimaning xavotiri kuchayib, uydagi telefonga qo‘ng‘iroq qildi. Avvaliga unga ham hech kim javob bermadi.

...Bir-birining pinjiga tiqilib, qaltirab o‘tirgan aka-ukalarga telefonning ketma-ket jiringlashi umid bag‘ishlagandek bo‘ldi. Ammo avvaliga ularni xonaga qamab turgan niqobli kishi go‘shakni ko‘tarishga yo‘l qo‘ymadi. Oxiri Davronga go‘shakni ko‘tarishni buyurdi va o‘zi ham egilib quloq tutdi. Narigi tomonidan onasining ovozini eshitgan Davronning ko‘zlarida yosh oqar, ammo pichoq o‘qtalib turgan bosqinchining o‘rgatib turgan gaplarini aytishdan boshqa chorasi yo‘q edi.

-  Akang darsga ketdimi?

-  Ha, ketdi.

-  Negadir uyali telefoniga qo‘ng‘iroq qilsam olmayapti.

-  Uyda qoldirib ketibdi.

-  Nega unaqa gapiryapsan, o‘g‘lim, sog‘lig‘ing yaxshimi?

-  Yaxshiman, uxlayotgandim.

Davronning ovozi titrab, zo‘rg‘a gapirardi. Uning yonida kimdir shivirlab gap o‘rgatayotgandek ham eshitilgandek bo‘ldi. Fotima o‘g‘li bilan gaplashgach, ichki sezgisi unga qandaydir ko‘ngilsizlikdan darak berayotgandek tuyulaverdi. Ustiga-ustak o‘qituvchisi Farruxning darsga kelmaganini aytdi. Shundan so‘ng Fotima qo‘shnisiga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirdi va uyidan xabar olishni iltimos qildi. Bu paytda bosqinchilar ishini tugatib, juftakni rostlagan edilar.

Bir necha bor turli jinoyatlar sodir etib, tegishli jazosini olgan bo‘lsa-da, ozodlikning qadriga yetmagan Shuhrat atrofiga o‘zi kabi badnafs kimsalarni yig‘ib jinoiy guruh tuzdi. Besh nafar erkak va bir ayoldan iborat guruh a'zolarining aksariyati muqaddam sudlangan, xavfli jinoyatchilar edi. Avvaldan reja tuzib, Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida istiqomat qiluvchi Ravshanning uy sotib olish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganini, ayni paytda juda ko‘p puli borligini aniqladilar. Ravshan turmush o‘rtog‘i bilan har kuni ertalab ishga ketib kechqurun qaytardi. Uyda ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari qolardi. 

-  Biror muammo bo‘lsa, o‘zim hal qilaman, - dedi Shuhrat hamtovoqlariga. – Ikki kishi tashqarida poyloqchilik qilib turishi kerak. Sayyora, sen biror hiyla ishlatib eshikni ochtirasan. Ayol kishi bo‘lganing uchun bolalar qo‘rqmay ochishadi. Qolganlar ishni tezda bitirib chiqadi.

Ular jinoiy guruh a'zolaridan biri bo‘lgan Nosirning boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinada ko‘zlangan manzilga yetib keldilar. Barcha kelishilgandek harakatlana boshladi. Shuhrat bilan Xudoyor tashqarida qoldi. Biroz vaqt o‘tgach Shuhratga ichkaridagi hamtovog‘i qo‘ng‘iroq qilib, seyf devorga o‘rnatilganini, ochishning iloji yo‘qligini aytdi. Endi uning o‘zi ham ichkariga kirib, seyfni o‘rnatilgan joyidan ko‘chirib olishdi.

Ishni go‘yo hamirdan qil sug‘urgandek oson bajargan jinoiy guruh a'zolari poytaxtning Chilonzor tumanidagi Sayyoraning vaqtincha yashash uyiga borishdi. Seyfni buzib ochishdi. Uning ichidan chiqqan katta miqdordagi pullar, qimmatbaho taqinchoqlarni ko‘rib quvonib ketishdi. Oson yo‘l bilan topilgan boylikni o‘zaro taqsimlashgach tezlik bilan tarqalishdi. Ular bir necha kun uchrashmaslikka, bir joyda yig‘ilmaslikka kelishib olgan edi.

...Fotima va Ravshan mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralariga xabar berdi. Tezkor surishtiruv ishlari boshlab yuborildi. Voqea joyidan ashyoviy dalillar, jabrlanuvchilaridan ma'lumotlar olindi. Muqaddam shu kabi jinoyat uchun sudlanganlar o‘rganib chiqildi. Natijada bir necha kun bir-biri bilan ko‘rishmay turishgan kelishib olgan to‘da a'zolari yana bir joyda to‘planishga majbur bo‘ldilar. Ya'ni, barchasi qo‘lga olingach, panjara ortida uchrashishdi. Sud hukmi bilan bosqinchilar to‘dasining har bir a'zosiga tegishli jazo tayinlandi.

Top