Jahon | 20:15 / 18.04.2017
52126
2 daqiqa o‘qiladi

Sud Abror Azimovni hibsga oldi

Moskva Basman sudi kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik o‘zbek bo‘lgan 27 yoshli Abror Azimovni Sankt-Peterburg metrosidagi portlash tashkilotchisiligidagi asosiy gumondor sifatida 3 iyunga qadar hibsga olish bo‘yicha qaror qildi.

Azimov «terakt» va «noqonuniy ravishda portlovchi qurilmalar tashish» moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

U 3 aprel kuni Sankt-Peterburgda ro‘y bergan portlashni sodir etishdagi asosiy gumondor Akbarjon Jalilovni teraktni sodir etishga tayyorlashda gumon qilinmoqda.

Aynan Azimov teraktdan oldin Jalilov bilan oxirgi marta qo‘ng‘iroqlashgan shaxs edi. 

Gumonlanuvchi bir necha kundan buyon qidiruvda edi. U portlashdan so‘ng yashash joyini o‘zgartirgan va barcha telefonlarini tashlab yuborgan. 17 aprel kuni u yangi telefon va sim-kartalar sotib olgan. Sim-kartalardan birini yoqishi bilan u o‘zining qayerdaligini bildirib qo‘ygan.

Azimovni Moskva viloyatining Odintsovo tumanidagi temir yo‘l yoqasida FXX xodimlari qo‘lga olishdi. Uning yonidan Makarov rusumli to‘pponcha topilgan.

Video: Peterburg terakti tashkilotchisi sifatida gumonlanuvchining qo‘lga olinishi

Tergov jarayonida aniqlanishicha, Azimov Abror Ahralovich 1990 yilda Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida tug‘ilgan, 2013 yilning 25 mayida Qirg‘iziston fuqaroligidan chiqarilgan.

Abror Azimov terakt tashkilotchisi ekanini inkor qildi

Mavzuga oid