12:18 / 19.04.2017
15135

«Krasnodar»da endi imkoniyating yo‘q deyishdi» - Odil Ahmedov

Guus Hiddink uni hech qachon shikoyat qilmaydigan, bir yo‘la to‘rtta pozitsiyada o‘ynay oladigan superprofessional deb atagandi. Sergey Galitskiy uning «Anji»dan «Krasnodar»ga o‘tganidan juda xursand bo‘lib ketgandi: «Ajoyib yangilik». Hattoki, Rossiyada keskin tanqidlari bilan tanilgan Aleksandr Bubnov ham uning o‘yiniga kelganda hissiyotlarini yashirib o‘tira olmagandi: «Bunday ko‘rsatkichlar bilan u ertagayoq «Barselona» yoki «Real»ning asosiy tarkibiga kira olishi mumkin».

Bu gaplarning barchasi O‘zbekiston terma jamoasi yarimhimoyachisi Odil Ahmedovga nisbatan aytilgandi. O‘tgan haftada Odil Rossiyaning «Futbol» haftanomasiga intervyu berdi. O‘zbekistonlik futbolchi «Krasnodar»ni tark etishiga sabab bo‘lgan omil, «Paxtakor»dagi dastlabki oyligi, Fransiyadan bo‘lgan taklif va O‘zbekiston terma jamoasining JCh-2018dagi ishtiroki borasida gapirib o‘tdi. Tribuna.Uz intervyuni bir necha qismlarga bo‘lgan holda e'tiboringizga havola etadi.

— Aksel Vitcel Xitoydan tushgan taklifga rozi bo‘lishidan oldin tuni bilan uxlay olmaganini aytgandi. Sizdachi, siz ham «Shanghay SIPG» taklifiga rozi bo‘lish uchun uxlolmay chiqdingizmi?
— Men uchun bu qandaydir aqlbovar qilmas darajada qiyin qaror bo‘lgani yo‘q. Men har qanday holatda ham shu qishda «Krasnodar»dan ketishni mo‘ljallab turgandim.

— Nima bo‘lgandi?
— Shalimov jamoa boshqaruvini qo‘lga olgandan buyon bir necha oy ichida u bilan faqat bir marta gaplasha oldim. Bu uchrashuvda u menga: «Maydon markazida senga umuman joy yo‘q. Hech qanday imkoniyat ham», deb ochiqchasiga aytdi.

— Buni qanday tushunish mumkin?
— Menimcha, unga mening maydon markazidagi o‘yinim yoqmagan bo‘lsa kerak. Yana nima deyishim mumkin? Har bir murabbiy futbolni o‘zicha ko‘radi. Shalimov davrida men o‘z pozitsiyamda deyarli birorta o‘yinda ham maydonga tusha olganim yo‘q. Kutilganidan kamroq foydam tegadigan chap, yoki o‘ng qanotda maydonga tushardim. Men markaziy yarimhimoyachiman! Qanotlarda foydam markazga qaraganda ikki hissaga kamayadi. Murabbiy bilan bu suhbatdan keyin ketishga qaror qildim. Shunchaki vaziyatni tahlil qilib ko‘rdim va 2017 yilda ham «Krasnodar»da men uchun hech narsa o‘zgarmasligini tushunib yetdim.

— Qishda sizga BAA va Saudiya Arabistoni klublarida ham takliflar bo‘lganmidi?
— Ha, arab klublar meni anchadan buyon o‘z jamoasiga taklif etib kelishadi. Yana Fransiyadan ham taklif bo‘lgandi.

— Ammo siz pulni tanladingizmi?
— Shunchaki fransuzlar so‘ralgan pulni topib bera olishmadi, «Shanghay» esa kerakli mablag‘ni topa oldi.

— Oskar «Shanghay»da «Chelsi»dagiga qaraganda besh baravar ko‘proq maosh olmoqda. Sizning maoshingiz qanchaga oshdi?
— Bu yerda «Krasnodar»dagidan biroz ko‘proq olaman xolos. Ammo men Xitoy taklifini aniq pul tufayli tanlaganim yo‘q. Men uchun moliyaviy jihat hech qachon birinchi o‘rinda turmagan. «Paxtakor»da to‘p surganimda oyligim qancha bo‘lganini bilasizmi?

— Qiziq bu. Xo‘sh? 
— 100 dollardan ham kamroq. Hozirgi yoshlar bunaqa pulga hatto mashg‘ulot ham o‘tkazmaydi. Men esa borimni berib o‘ynardim. Sababi o‘z oldimga maqsad qo‘ygandim: o‘rtamiyona emas eng yaxshi futbolchi bo‘lish. Oyligim faqat yo‘lkiraga yetardi. Hozir esa yoshlar millionlab ishlab topmoqda. Uni kuzatsang, haqiqatdan ham iqtidorli futbolchi deb o‘ylaysan. Ammo ikki yildan keyin u yo‘q bo‘lib qoladi. Bularning barchasi pullar sababli.

— Siz «Paxtakor» asosiy tarkibida Valeriy Nepomnyashiy murabbiyligida o‘ynab ketgansiz shekilli?
— Ha, aynan u meni asosiy tarkibga kiritgandi. Ungacha o‘rinbosarlar safida to‘p surardim. U o‘ta aqlli murabbiy. Uni hech qachon futbolchilarni so‘kkanini yoki ularga baqirganini eshitmaganman. Bosiqlik bilan tushuntiradi – hamma eshitardi. Avtoritet.— Nepomnyashiy sizning «Shanghay»ga transfer qilinishingizga shunday munosabat bildirgandi: «Afsuski, Odil Xitoyga ketdi, Yevropaga emas. U ko‘prog‘iga loyiq».
— Agar «Krasnodar»da Valeriy Kuzmich bosh murabbiy bo‘lganida hech qayerga ketmasdim. O‘ylashimcha, endi Yevropa haqida gapirishdan foyda yo‘q. Yaqinda 30 yoshga to‘laman, Yevropa klublari yosh futbolchilarni qo‘lga kiritishni istaydi. Ikki-uch yildan so‘ng xorijdagi faoliyatimni yakunlab uyga qaytaman. Bolalar katta bo‘lmoqda, ular O‘zbekistonda o‘qishlarini istayman. Ota-onamni ham so‘nggi yillarda juda kam ko‘rayapman.

Top