Toshkent shahri kommunal xizmatlaridagi firibgarlar ushlandi
2017 yil 19 aprel kuni Uchtepa tumanida yashovchi fuqaro A.Toshkent shahar IIBBga ariza bilan murojaat qildi. Arizada “Suvsoz” davlat unitar korxonasi Uchtepa tumani bo‘limi xodimlari uning xonadoniga ichimlik suvi o‘tkazib berishni rasmiylashtirishni vaj qilib, 500 ming so‘m pul talab qilayotgani haqida ma'lum qilingan va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
19 aprel kuni soat 13:00 atrofida Uchtepa tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida “Suvsoz” davlat unitar korxonasi Uchtepa tumani bo‘limi xodimlari Shavkat Nurullayev va Nurilla Normetovlar talab qilingan 500 ming so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtlarida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.
Yana bir shunga o‘xshash holat. Shu kuni (19 aprel) Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaro B. Toshkent IIBBga ariza bilan murojaat qilib, unda Yashnobod tumani hududida xonadonni sotish uchun ma'lumotnoma olishda tuman elektr tarmoqlari xodimi 1 mln 300 ming so‘m talab qilayotganini bildirgan. U ichki ishlar idoralaridan ta'magirga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
19 aprel kuni 13:30lar atrofida Yashnobod tumani hududida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari Jahongir Shoahmedov va Ahmadjon Yo‘ldoshevlar 550 ming so‘m va 100 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtlarida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan ham tekshiruv ishlari davom etmoqda.
2017 yil 14 aprel kuni Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaro V. Toshkent shahar IIBBga murojaat qilib, unda tikuv sexi ishlatish uchun zarur bo‘lgan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulab berish va hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 12 mln 400 ming so‘m pul so‘rayotganini bildirgan. Murojaat qiluvchi ta'magirlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazilib, 2017 yil 14 aprel 15:30larda Shayxontohur tuman IIB xodimlari tomonidan Shayxontohur tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari Ismailov Akrom va Rashidov Azizlar talab qilingan 12 mln 400 ming so‘mni qo‘lga olgan vaqtlarida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olinganlar. Ayblanuvchilar bu pullarni o‘z rahbarlariga berishlarini vaj qilib ko‘rsatgan holda ushbu jinoyatni sodir etishgan.
Mazkur holat yuzasidan prokuratura xodimlari Jinoyat kodeksining 168 moddasi 3-qismi “a” bandi, ya'ni firibgarlik jinoyati alomatlari bilan ish qo‘zg‘atdi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB shaharliklarga murojaat qilib, shu kabi holatlarga duch kelib, nomlari tilga olingan xodimlardan jabrlangan yoki ularning firibiga uchgan bo‘lsa, 102 qisqa raqami yoxud yaqin oradagi ichki ishlar idoralariga kelishlarini so‘raydi.
Bundan tashqari, shahar IIBB fuqarolarni gaz, elektr energiyasi, issiq va sovuq suv ta'minoti kabilarga haq to‘lashda ham sodda hamda ishonuvchan bo‘lmaslikni, to‘lovlarni ushbu korxonalar xodimlariga emas, bank kassalari yoki turli elektron to‘lov vositalari orqali to‘lashni so‘rab qoladi.
Mavzuga oid
16:45 / 22.12.2024
Jizzaxda tadbirkorning binosi uchun foydalanishga ruxsatnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
09:50 / 18.12.2024
Yevropada keksa kishilarni aldagan firibgarlar tarmog‘i fosh etildi
10:00 / 10.12.2024
Moliyaviy firibgarliklarning oldini olishda antifrod tizimlarning roli qanday?
18:45 / 21.11.2022