18:45 / 21.04.2017
5892

2016 yili Toshkentda 300 grammga yaqin spays moddalari musodara qilindi

2016 yili Toshkentda, shaharning 12-16 yoshlarda bo‘lgan barcha fuqarosiga bir martadan iste'mol qilishiga kifoya qilishi taxmin qilingan miqdorda turli xil spays moddalari musodara qilindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Tergov qo‘mitasining giyohvand vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni o‘rganish bo‘limi rahbari, polkovnik Oleg Kim ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda, respublika mintaqalarida spays tarqalishi holatlari ko‘p uchramoqda. 

Kimyoviy usul bilan olingan sintetik giyohvand modda nasha va opioid singari moddalardan arzon narxi bilan farq qiladi. Polkovnikning aytishicha, bu holat butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta xavf tug‘diradi. 

"Xususan, o‘tgan yili Toshkent huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan 32ta holat aniqlanib, umumiy hisobda 293 gramm turli spayslar musodara qilingan. Shu bilan birga, shaharda shu moddadan iste'mol qilish oqibatida bir kishi hayotdan ko‘z yumgani qayd etilgan. 2017 yil boshidan buyon hozircha, bu kabi moddalar aylanmasi bilan shug‘ullanish holatlari kuzatilmagan", — deya qayd etdi Oleg Kim. 

Ammo, uning ta'kidlashicha, ushbu turdagi giyohvand moddalardan mast bo‘lish holatini aniqlash juda qiyin. Haydovchi, sportchi yoki bolaning bu moddani iste'mol qilganini deyarli isbotlab bo‘lmaydi. 

Spayslar odatdagi giyohvand moddalardan bir necha barobar xavfliroqdir. Ularni iste'mol qilgan kishi o‘z harakatlariga javob bera olmaydi. Spays iste'moli dunyo bo‘yicha ko‘plab yoshlarning umrini xazon qilmoqda. 

Top