19:49 / 28.04.2017
158726

Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya

Global Firepower nashri dunyoning eng qudratli armiyalari reytingini tuzdi. Unda O‘zbekiston 126 mamlakat ichida 48-o‘rinni egalladi.

Bu reytingda Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya O‘zbekiston armiyasi ekani ko‘rsatilgan. “Harbiy tayyorgarlik jihatdan eng kuchli davlatlar reytingi”da birinchilikni AQSh egallagan. Ikkinchi o‘rin – Rossiyaga, uchinchi o‘rin esa – Xitoyga berilgan.

O‘zbekiston Qurolli kuchlari 3 tarkibiy qismdan iborat: quruqlikdagi qo‘shinlar, Harbiy-havo kuchlari va flot. Bundan tashqari, respublika qurolli kuchlari Milliy gvardiya, chegara xizmati va maxsus jangchilarni o‘z tarkibiga olgan. Armiyada harbiy xizmatchilarning umumiy soni 65 ming nafarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari amalda sobiq ittifoq davri texnikasidan tuzilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston o‘z samolyotlari va vertolyotlari holatini boshqa qo‘shni respublikalarga qaraganda yaxshi holatda saqlab qolgan. HHK tarkibida 69ta qiruvchi va 89ta bombardimonchi samolyot mavjud.

O‘zbekiston armiyasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmat (12 oy) va shartnoma asosida xizmat tizimi mavjud. O‘zbekiston qisqa muddat ichida 600 ming kishini qurollantirishi (zaxiradagi harbiy xizmatchilar hisobiga) mumkin.

O‘zbekiston dengizlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydi. Shu tufayli respublika floti harbiy-daryo kuchlari maqomida. Flot tarkibi «Shmel» va «Gyurza» katerlaridan iborat.

O‘zbekiston tashqi siyosatda betaraflik yo‘lini tutadi. Toshkent KXShT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) a'zosi emas, lekin Rossiya bilan ham, G‘arb davlatlari bilan ham faol hamkorlik qiladi. O‘zbekistonlik zobitlar turli mamlakatlarda o‘quv amaliyotlarini o‘taydi. Maxsus bo‘limlarni amerikalik muhandislar o‘qitadi.

O‘zbekiston HHK tarkibidagi eng zamonaviy samolyot - Su-27 hisoblanadi. Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi aerodromlarda 12ta shunday qiruvchi samolyot joylashtirilgan. HHK tarkibida MiG-29 rusumli 10ta qiruvchi samolyot, Su-24 rusumli 20ta shturmovik ham bor.

O‘zbekiston armiyasining asosiy kuchi - harbiy tanklar. Armiyada 420 tank, 700dan ortiq zirhli texnika, 143 o‘zi yurar qurilmalar, 880 artilleriya qurollari, 109 baravariga o‘q otuvchi qurollar bor.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aprel oyi boshida Moskvaga tashrifi vaqtida yaqin yillar ichida Rossiya O‘zbekistonga bir necha milliard dollarlik qurollar yetkazib berishi bo‘yicha kelishuv tuzildi.

Reytingni tuzishda 50 ga yaqin turli omillar, jumladan qo‘shinlar soni, quruqlik, havo va dengizda jangovar harakatlar olib borish uchun mo‘ljallangan harbiy texnika miqdori hisobga olinadi. Shu bilan birga, mamlakatlar qurol-yarog‘ga sarflashi mumkin bo‘lgan iqtisodiy manbalar va reyting ishtirokchilarining geografik joylashuvi hisobga olingan.

Reyting bir necha kriteriyga asoslanadi, jumladan:

– yadroviy qurol mavjudligi yoki mavjud emasligi inobatga olinmaydi;

– davlatning geografik joylashuvi inobatga olinadi;

– qurol-yarog‘ va harbiy texnika miqdori qurolli kuchlar soni va qudratiga nisbatan inobatga olinadi;

– ayrim resurslarning ishlab chiqarilishi va iste'mol qilinishi hisobga olinadi;

– dengizga chiqishi yo‘q davlatlarga harbiy-dengiz kuchlari yo‘qligi uchun jarima ballari qo‘shilmaydi;

– boshqa hollarda harbiy flotning imkoniyatlari cheklangani uchun jarima ballari hisoblanadi;

– mamlakatning siyosiy va harbiy o‘ziga xosliklari inobatga olinmaydi.

Top