11:54 / 28.04.2017
6608

Microsoft Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘quv-sinfini ochdi

Foto: CCITT.uz

Dasturiy ta'minot ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri Microsoft korporatsiyasi 2017 yilning 26 aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida (IUT) maxsus o‘quv sinfini ochdi, deb xabar bermoqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Zamonaviy IT-sinfi monoblok kompyuterlari bilan jihozlangan bo‘lib, barcha zarur jihozlar Microsoft korporatsiyasi tomonidan beg‘araz taqdim etilgan hamda litsenziyaga ega dasturiy ta'minotlar va yechimlar, shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun qo‘shimcha uskunalar bilan ta'minlangan.

Mazkur sinfning ochilishi bilan Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari Microsoft’ning dasturiy mahsulotlari to‘g‘risidagi o‘z bilimlarini mustahkamlaydi. Bunda IT-sinfdan davlat organlari, xususiy kompaniyalar, keng aholi vakillari ishtirokida turli xildagi mahorat maktablari, treninglar va seminarlarni o‘tkazishda foydalaniladi.

Tadbir doirasida Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlari vakillarining ishtirokida Microsoft Education Day seminari ham bo‘lib o‘tdi. Seminar davomida Microsoft korporatsiyasi vakillari qatnashchilarga ta'lim muassasalari uchun Microsoft’ning zamonaviy yechimlari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Jumladan, Microsoft’da maxsus «Innovatsion pedagoglar» hamjamiyati mavjud bo‘lib, u butun dunyodan minglab o‘qituvchilarni birlashtiradi. Har yili mazkur o‘qituvchilar orasidan o‘quvchilar uchun o‘quv jarayonida texnologiyalardan qiziqarli va samarali foydalana oladiganlari E2 Educators Exchange konferensiyasida to‘liq kompaniya hisobidan ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

Seminar davomida qayd etilganidek, kompaniya o‘zining Microsoft Imagine Academy ta'lim resursini rivojlantirmoqda, uning yordamida ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalar va dasturlash to‘g‘risida bilim olishi mumkin bo‘ladi. Qayd etildiki, so‘nggi uch yil davomida Microsoft korporatsiyasi Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalariga mazkur dasturning ustunliklaridan foydalanish imkoniyatini bermoqda.

Mavzuga oid
Top