Chernogoriya (Chernogoriya) parlamenti bugun mamlakatning NATOga a'zo bo‘lishini yoqlab ovoz berdi. Shunday qilib, bu adriatika respublikasi alyansning 29-a'zosi bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlar hozirlandi, deya yozadi «Kommersant'» nashri.
Mamlakatning NATOga a'zo bo‘lishi borasida Chernogoriya Skupshchinasi (parlamenti)da o‘tgan ovoz berish jarayoni boshdan-bosh tarixiy voqea sifatida baholanayotgan edi. Chernogoriya rahbariyatining fikricha, alyansga a'zolikning ahamiyati 2006 yilning mayida bo‘lib o‘tgan mamlakat mustaqilligini tiklash bo‘yicha referendumdan kam emas. «Endi hech kim bizning mustaqilligimiz, xududiy yaxlitligimizga daxl qila olmaydi, bu esa Bolqon yarim orolida joylashgan kichik davlat uchun juda muhim», — degan “'” nashriga mamlakat hukumatidagi manba. Skupshchina deputatlari majlisga, odatdagidek, Podgoritsada emas, tarixiy poytaxt Tsetineda yig‘ilgani ham shu bilan tushuntirilsa kerak. Bu jarayonning tarixiy ekanligini muhokamada qatnashgan har bir kishi ta'kidlagan.
Parlament majlisi boshlanishidan bir soat avval uning devorlarini NATOga a'zo bo‘lishga qarshi mahalliy aholi o‘rab olgan — mitingni Rossiyaga yon bosuvchi Demokratik front tashkillashtirgan. So‘nggi oylarda uning yetakchilari alyansga a'zolikka qarshi tashviqot o‘tkazib, referendum o‘tkazilishini talab qilib kelishgan, aks holda, mamlakatda tartibsizliklar ro‘y berishi haqida tahdid qilishgan. Bunga javoban mamlakat hukumati mamlakat konstitutsiyasiga ishora qilgan, unga ko‘ra NATOga a'zolik masalasi aynan parlament tarafidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Demokratik front liderlari uchun birinchi ogohlik qo‘ng‘irog‘i boshqa muxolifatchi partiyalar norozilik mitingida qatnashishdan bosh tortgan paytda chalingan edi. Shu sababli «frontchilar» faqat o‘z kuchlariga tayanishga majbur edi. Jurnalistlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Tsetineda ularning soni ikki yuz kishicha bo‘lgan, tashkilotchilarning o‘zi olti yuz kishi yig‘ilganini iddao qilgan. Norozilik namoyishi bir soatcha davom etgan — rosa parlament majlisi boshlangunga qadar.
«Tarixiy masala»ni muhokama qilish eskicha usullarda bo‘lib o‘tdi. Barcha so‘zga chiqqanlarning bosh tezisi: Chernogoriyaning NATO a'zoligi — barqarorlikni kafolatlashi va xorijiy investorlar uchun chorlov ekanligi bo‘ldi. Bosh vazir Dushko Markovich NATOga qarshilarga murojaat qilib, alyansda a'zolikning ustunlik taraflarini hamma his qilishiga kafolat bergan. Siyosatchi tomonidan kutilmagan harakat «Slobadan Miloshevich Yugoslaviyasining NATO tomonidan bombardimon qilinishi»da o‘lgan olti nafar chernogoriyalikni nomma-nom sanashi bo‘ldi. Bosh vazir «bunday voqea kelgusida aslo takrorlanmasligi uchun ham Chernogoriyaning alyansga a'zo bo‘lishi shart», dedi.
















