O‘zbekiston | 15:18 / 01.05.2017
18963
14 daqiqa o‘qiladi

Savdo-sanoat palatasi: O‘zbekiston biznesi turg‘un va loqayd holatdan chiqmoqda

Foto: Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati

Prezidentimizning 2016 yil 5 oktabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan harakatlar rejasi bu sohada davlat siyosatining yangi darajasiga o‘tish zaruriyatidan darak beradi. Uni qanday amalga oshirish mumkin? Bu haqda O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov intervyuda savollarga javob berdi.

— Alisher Erkinovich, bugungi kunda ishbilarmonlikni rivojlantirish uchun yaratilgan huquqiy maydon mexanizmi qay darajada ishlamoqda?

— Ta'kidlash lozim bo‘lgan asosiy narsa — hozir biznes turg‘un va loqayd holatdan chiqib, paydo bo‘lgan masalalarni yanada faolroq muhokama qilmoqda. Albatta, ishbilarmonlar me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida jips ishtirok etmoqda, deyishga hali erta. Biroq, biznes vakillari ular taqdim etgan ko‘plab takliflar inobatga olinayotganini ko‘rib turishibdi. Ular yangi me'yoriy hujjatlar joriy etilishiga faol munosabat bildirishmoqda, bank soha va iqtisodiyotning turli jabhalarida, jumladan, tashqari bozorni egallash borasida yuritilayotgan siyosatdan xabardor bo‘lishga intilishmoqda.

Mamlakat prezidenti, so‘ngra boshqa idoralarning virtual qabulxonasi yaratilishidan so‘ng odamlar ongida katta o‘zgarish yuz berdi. Ilgari kishilar faqat muammolar haqida gapirishgan bo‘lishsa, endi odamlar qabul qilinayotgan me'yoriy hujjatlarni o‘rganib, o‘zlari takliflar berishmoqda. Bugungi ishbilarmon — biznesning nozik qirralari, o‘z ehtiyoji va huquqlaridan xabardor savodli kishi. Bu huquqlarning himoyalash mexanizmi har doim ham ishlamayotgani endi boshqa masala. Har kuni qabul qilinayotgan me'yorlar ana shu vazifaga erishish yo‘lida favqulodda zarur hisoblanadi.

2017 yilning 4 yanvaridan kuchga kirgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni o‘ta zarur edi. Uning qabul qilinishi korrupsiyani qo‘porib tashlash uchun zarur sharoitlarni yaratadi. Qonun islohotlar falsafasi nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega, chunki u nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashishni, balki davlat va tadbirkorlik sub'yektlari, aholi o‘rtasidagi munosabatlar prinsipining o‘zgartirilishini ham nazarda tutadi.

— Agar besh yil avvalgi huquqiy maydon va bugungisi taqqoslansa, so‘nggi vaqtlarda qanday o‘zgarishlar ro‘y bergan?

— Biz hozir muammolarni faol muhokama etmoqdamiz, lekin bu muammolar ko‘payganini bildirmaydi. Aslida, biz jamiyat, yangi tahdidlarni yaxshiroq anglay boshladik, agar hozir chora ko‘rmasak, kelajakda bundan-da og‘irroqlariga duch kelishimizni tushuna boshladik. Bugungi kundagi huquqiy maydon va besh yil avvalgisi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, chunki biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar taqdim etuvchi juda ko‘p me'yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Masalan, tekshiruvlarni olaylik. Katta muammolarga sabab bo‘luvchi kichik bir jihat — qarshi tekshirishlar edi. Besh-o‘n yil oldin rejali tekshiruvlar qanday tashkil etilishini kuzatish ham mumkin emas edi. Hozir rejali tekshiruvlar bilan bog‘liq muammo butkul yo‘q, chunki uning o‘tkazilishi to‘liq tartibga solingan. Rejali tekshiruvlarning 80 foizini savdo-sanoat palatasi monitoring qiladi. Rejadan tashqari tekshiruvlarga kelsak, bu haqiqatdan ham muammo edi. Hozir prezidentning 2016 yil 5 oktabrdagi qaroriga ko‘ra, u ham hal etildi. Qonunchilikda ham o‘zgartirishlar kiritildi, jumladan, Soliq, Ma'muriy va Jinoiy kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilib, qisqa muddatli tekshiruvlar butunlay boshqa tavsifga ega bo‘ldi. Bu endi qonunchilikdan olib tashlangan va taqiqlangan qarshi tekshirish emas. Tekshirishni tayinlash va o‘tkazish tartibi aniq reglamentga ega bo‘ldi va faqat muayyan asoslar bo‘lgandagina bir kundan oshmasligi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, Ma'muriy va Jinoiy kodeksda har qanday turdagi tekshiruvlar tartibini buzganlik uchun qat'iy jazolar belgilandi. Ayni paytda nazorat etuvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining ruxsatisiz hech kim tekshirish o‘tkazish huquqiga ega emas.

— Bugun «biznesning xavfsizligi» tushunchasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda...

— Biznes doimo qaltis tavakkalchilikka bog‘liq, uning bosh xususiyati ham shunda. Tavakkalchiliklar nafaqat ma'muriy tartibga solish bilan, balki bozor kon'yunkturasi, biznes tanlashga to‘g‘ri yondashish va uni to‘g‘ri yuritish bilan ham bog‘liq. Qonunchilikning ijro etilishi nuqtai nazaridan tavakkalchilik juda kam. Mahsulot import qilish bilan bog‘liq ma'lum bir tavakkalchiliklar bor. Bugungi kunda tashqi bozordan bexabarlik — asosiy tavakkalchilik, deyishmoqda ishbilarmonlarning o‘zi. Taassufki, hozircha bizda respublikamizda qaysi mahsulotlar ishlab chiqarilishini tezda bilib olish imkoniyatini beradigan ma'lumotlar bazasi yo‘q. Import mahsulot xarid qilish uchun bank bilan mablag‘larni konvertatsiya qilish masalasida ishlay boshlaganingizda, u mahsulot O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgani oydinlashadi, boz ustiga, bojxona yig‘imlari juda baland va konvertatsiya jarayoni ham ma'lum bir vaqtni talab etadi. Tavakkalchiliklar darajasini pasaytirish uchun ayni paytda marketing tadqiqotlari, ishbilarmonlarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ularning o‘zimizdagi va xorijdagi narxlari haqida ochiq hikoya qiluvchi ma'lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha tizimli ish olib borilmoqda. Tavakkalchilikning bu ko‘rinishini pasaytirish uchun palata, vazirliklar va idoralar, kichik biznes sub'yektlari va xususiy tadbirkorlik eksportini qo‘llab-quvvatlash fondi ish olib bormoqda.

Davlatimiz rahbari e'tiborni jalb qilishga undagan yana bir jihat — kadrlar masalasi. Xodimlarni tanlashda xatoga yo‘l qo‘yish ham qaltis tavakkalchilik. Raqobatbardosh bo‘lish uchun siz samarali muzokaralar olib bora oladigan, mahsulotingizni raqobatchi bozorlariga olib kira oladigan yaxshi menejyerga ega bo‘lishingiz kerak.

Bugun biz mahsulotlarimizni asosan MDH davlatlariga eksport qilamiz, buni yashirishga hojat yo‘q. Nega biz bunday qilayapmiz? Bu avvalo logistika nuqtai nazaridan qulay, chunki mamlakatimiz MDH a'zosi va bojxona yig‘imlari bo‘yicha ma'lum bir imtiyozlarga ega. Biroq yana bir omil bor — standartlar bo‘yicha qat'iy texnik talablarning mavjud emasligi, bu jahonning rivojlangan davlatlari bozorlariga chiqishimiz uchun to‘siq bo‘lib turibdi. Shu sababli ayni paytda mahsulotlarning xalqaro standartlarga mos kelishini va sifatini teshiruvchi o‘z laboratoriyalarimizni yaratish ustida ish olib borilmoqda. Meva-sabzavot laboratoriyalarini eksport qilish uchun ishlab chiqaruvchilarimiz xorijiy laboratoriyalar xizmatidan foydalanishmoqda. Yaqindagina Shveytsariyaning SGS va «O‘zstandart» agentligi bilan birgalikda yangi laboratoriya ishga tushirildi va xalqaro standartlarga mos keluvchi sertifikat taqdim eta oladi. Biroq bitta laboratoriya kamlik qiladi. Laboratoriyalar mamlakatimizning turli hududlarida bo‘lishi kerak. 

— Savdo-sanoat palatasi boshqa tashkilotlar bilan bir qatorda «Davlat-xususiy sherikligi haqida»gi qonun loyihasini ishlab chiqishda qatnashmoqda. U qonun DXH a'zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan mablag‘larning ishlatilishi samardorligi va shaffofligini kafolatlaydi. Palata tomonidan bu yo‘nalishda qanday ishlar olib borilmoqda?

— «Davlat-xususiy sherikligi» tushunchasining o‘zi juda keng qamrovli. U davlat tomonidan amalga oshirilayotgan vazifalarni hayotga joriy etishda xususiy sektorning ishtirokini nazarda tutadi. Biz bu ishni olti yil muqaddam boshlaganmiz. Davlat raqobat qo‘mitasi (o‘shanda Davlat mulk qo‘mitasi) bilan davlat va xususiy hamkorligi konsepsiyasini ishlab chiqqanmiz. Keyinroq bir qator qaldirg‘och loyihalarni joriy etish ustida ish boshladik. Ulardan biri — maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohasida davlat va xususiy hamkorlik mexanizmini yaratish edi. Loyiha yuqori samaradorlikni namoyish etib, biznesga yangi bo‘shliqni egallash va yangi ish o‘rin yaratish imkoniyatini taqdim etdi. Albatta, bu atrof-muhit muhofazasi hamdir. Davlat uchun bu juda muhim masala. Yana bir muhim jihat — davlatning xarajatlari keskin kamayib, soliq ko‘rinishidagi daromad ola boshladi va h.k.

Hozir «Davlat-xususiy sherikligi to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini yakunlash ustida ish olib borilmoqda. U hozir bir qator vazirliklar bilan birgalikda tayyorlanib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Palata saytida muhokamaga quyilgan. Biznes bu me'yoriy hujjatni yaratish jarayonida ishtirok etishi kerak, chunki u biznesning istiqboldagi rivoji uchun juda muhim hisoblanadi.

Davlat-xususiy sherikligi iqtisodiyotning istalgan sohasini qamrab olishi mumkin. Aslida, biz bugungi kunda davlat va xususiy sherikligining yetarli darajadagi misollariga egamiz. Ulardan biri — «elektron hukumat». Davlat mablag‘ ajratib, tender e'lon qiladi, xususiy sektor esa loyihani ishlab chiqishda qatnashadi va uni davom ettiradi. Elektr energiyasini taqsimlash bilan bog‘liq tajribalar ham o‘tkazilgan, unda xususiy kompaniyalar xizmat uchun haq yig‘ish bilan shug‘ullangan edi. Biroq mexanizm to‘laqonli ishlab chiqilmagan, qonunchilik bazasi mavjud emasdi. Qaldirg‘och loyihalar shunisi bilan ham qiziqki, u biznesning imkoniyatlari va kamchiliklarini aniqlab beradi. Shu sababli, hozir yana chiqindilarni qayta ishlash va muqobil enernetika loyihalariga qaytayapmiz. Bu yerda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishning mumkin bo‘lgan ikki yo‘nalishi mavjud — yirik davlat stansiyalari va qayta tiklanuvchi manbalardan energiyani muvaffaqiyatli yetkazib berayotgan xususiy biznes. Bular biogaz qurilmalari, quyosh batareyalari, suv isituvchi kollektorlardir. Biroq isitish bo‘ladimi, elektr energiyasi bo‘ladimi, xususiy qurilmalar yordamida ishlab chiqarilayotgan energiyani taqsimlash yoki markaziy tizimga berish borasida savollar bor. Mana shu yerda o‘zaro hisob-kitob mexanizmlari, tomonlarning javobgarligini aniqlashtiruvchi qonunga zaruriyat bor. Qonun hozir ishlab chiqilmoqda. «Muqobil energetika to‘g‘risida»gi qonun ham hozir muhokamaga qo‘yilgan.

Yana bir muhim hujjat — «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun. Aslan, bu ham davlat va xususiy hamkorlik hisoblanadi va qonunchilik xususiy sektorga davlat mablag‘lari evaziga amalga oshiriladigan loyihalarda qatnashish imkonini taqdim etadi. Masalan, qurilish, paxtachilik yoki g‘allachilik kabi sohalarni olaylik. Bu sohalarda allaqachon shunday hamkorlik ishlab turibdi.

Palata me'yoriy hujjat ustida ishlash bilan birgalikda, muhokamaga imkon qadar ko‘proq tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilinishi borasida ham ish olib bormoqda. Qonun qabul qilingach, bizning fikrimizga ko‘ra, loyihalar amalga oshiriladigan jabhalarning aniqlanishiga e'tiboratish muhim. Bu chiqindilarni qayta ishlash, ijtimoiy obektlarni, jumladan, sog‘liqni saqlash obektlarini boshqarish bo‘lishi mumkin. Qayd etish jizki, kommunal soha — bunday loyihalarni amalga oshirish uchun juda qiziqarli sektor hisoblanadi.

Aholi va biznes mobil aloqa va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanayotganini hisobga olib, biz ijtimoiy tarmoqlarda qonunchilik loyihalarini muhokama qilish uchun guruh ochdik. U yerda taklif va hujjatlarni e'lon qilib, savollarga javob beramiz. Ishbilarmonlarni qonun yaratish jarayoniga faol jalb qilish, biznes fikrini inobatga olish biznes, davlat va aholi manfaatlarini ta'minlash uchun juda muhim va foydali.

— Bugungi kunda kichik biznes nechog‘lik yirik biznes bilan kooperatsiyada ishtirok etmoqda?

— Palata kichik va yirik biznes kooperatsiyasiga ham katta e'tibor bermoqda, Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda kooperatsion birjalar, hududiy va sohaga oid ko‘rgazmalar o‘tkazilishini tashkillashtirmoqda. Kichik korxonalarning katta qismi kooperatsiya jarayoniga jalb qilingan va yirik buyurtmalar olishgan. Bu yerda turli dasturlar integratsiyasi ro‘y bergani muhim. Kichik va yirik biznes kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi va Mahalliylashtirish dasturi — bugungi kunda yaxlit tizim hisoblanadi. Muhimi, bu kooperatsiyani rag‘batlantiruvchi ma'lum bir me'yorlarning borligi. Bu bugungi kunda kichik va yirik kompaniyalar ega bo‘lgan bojxona, soliq imtiyozlari, shuningdek, sifatni boshqarish tizimini joriy etish chora-tadbirlari hamdir. Bugun nafaqat yirik korxonalar kichiklarida buyurtma joylashtirmoqda, kichiklari ham yiriklariga buyurtma bermoqda. Bu endi xomashyoni qayta ishlashdan tortib, tayyor mahsulotni sotuvga chiqarayotgan korxonalarning biri biri bilan hamkorlik zanjirini hosil qilgan. Kooperatsion birja shuni ko‘rsatdiki, avtomobil, mebel, farmatsevtika, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi kabi bir qator jabhalarda to‘liq zanjir mavjud. Bu hol ushbu sohalarning yetukligidan darak beradi. Albatta, barcha hududlarda ham zanjir to‘laqonli ishlayotgani yo‘q, lekin butun respublika bo‘ylab shunday ishlayotgan modellar borki, ulardan andoza olib, amaliyotga faol tatbiq etish mumkin.

Jamila Aipova suhbatlashdi.

Mavzuga oid