19:03 / 06.05.2017
5767

YUNISEF eksperti: Ixtisoslashtirilgan muassasalar oshkoralikni ta'minlashi zarur

Foto: kun.uz

YUNISEFning Toshkendagi bosh idorasida BMTning Bola huquqlari bo‘yicha Qo‘mitasi a'zosi Renate Vinter ishtirokida maxsus intervyu tashkil etildi. Suhbat chog‘ida, xalqaro ekspert O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilishda zarur bo‘lgan jihatlarni alohida sanab o‘tdi. 
 
“O‘zbekistonda bolalar huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Ombudsmanning paydo bo‘lishi BMTning mamlakatga bergan tavsiyalari orasida muhim o‘rin tutadi. Agarda bolalar Ombudsmani “Bolalar huquqi to‘g‘risida”gi konvensiya ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy hisoboti taqdim etilgunga qadar yaratilmasa, biz yana qaytadan ushbu tavsiyani beramiz. Umid qilamizki, O‘zbekistonda tez orada ushbu masala hal etiladi”.

Renate Vinter bolalar huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar katta mas'uliyat va yuqori malakaga ega bo‘lishi lozimligini alohida qayd etdi. 

“Bolalar bilan ishlashda eng professional xodimlarni jalb etish lozim. Bolalar psixologiyasi bilan ishlay oladigan maxsus prokuror, maxsus inspektor, maxsus advokatlar bo‘lishi lozim. Mamlakat kelajagi bo‘lgan bolalar uchun oddiy emas, eng qimmat tibbiy yordam vositalaridan foydalanish zarur”, - deya qayd etdi Vinter. 

Foto: kun.uz

Intervyu chog‘ida Renate Vinter O‘zbekiston Respublikasining BMTning bola huquqlari bo‘yicha Konventsiyasi va uning qo‘shimcha protokollari qoidalarini amalga oshirish sohasidagi chuqur o‘ylangan samarali siyosatini yuqori baholab, mamlakatda tashkil qilingan bolalar huquqlarini himoya qilish modeli, bola huquqlari barcha jabhalarini, shu jumladan, mulkiy va turar-joy sohasidagi huquqlarini ta'minlashga qaratilgan masalalarni bosqichma-bosqich xal etishga imkon berishini ta'kidladi.

Xalqaro ekspert 2017-2021 yillarda beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladigan O‘zbekiston Respublikasining harakatlar strategiyasi dasturi uchun bolalar huquqini himoya qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ham berib o‘tdi: 

“Xorijiy mamlakatlarda bolalarga boshlang‘ich sinfdanoq huquq bo‘yicha kichik fanlar o‘rgatiladi. Masalan, ular dastlabki darslarda bolalar huquqi fanidan to‘g‘ri ovqatlanish haqida tushunchaga ega bo‘lishadi. Aynan shu kabi darsliklar O‘zbekistonda ham joriy etilishini tavsiya qilgan bo‘lar edik. 

Bundan tashqari, mamlakatdagi Ixtisoslashtirilgan muassasalar oshkoralikni ta'minlashi zarur. Bolalarning shart-sharoiti, muammolari to‘g‘risida ochiq ma'lumotlar berishi, vaqti kelganda kerakli idora vakillarini bolalar bilan suhbatga chaqirishi lozim. Bu aynan ota-ona qaramog‘ida bo‘lmagan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, internat o‘quvchilari hayotiga taaluqlidir. Umid qilamizki, yangi strategiyalar dasturida ushbu masala ham atroflicha ko‘rib chiqiladi”.

Top