10:07 / 08.05.2017
6027

Nepalda Everestni zabt etmoqchi bo‘lganlarga eng yuqori yosh chegarasi kiritilmoqchi

Foto: Pinterest.com

Nepal hukumati 85 yoshli nepallik Min Bahodur Sherxon dunyoning eng baland cho‘qqisi Everestni zabt etish vaqtida vafot etgandan keyin bu cho‘qqini zabt etmoqchi bo‘lganlar uchun eng yuqori yosh chegarasini kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Nepalning alpinizm uyushmasi rahbari Ang Tshiring ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Associated Press axborot agentligi. 

Uning aytishicha, Nepal hukumati alpinistlar uchun yosh chegarasini o‘rnatish masalasini jiddiy muhokama qilmoqda. Tshiring alpinistlar uchun yosh chegarasini kiritish zarurligini ta'kidlamoqda. "Agar bunday chegara bo‘lganda, hayotlar yo‘qotilishiga barham berish mumkin edi", deb aytdi mutaxassis. Uning aytishicha, uyushma alpinistlar uchun eng yuqori yosh chegarasini 76 yosh qilib kiritish tashabbusini ilgari surmoqchi. Agar bu taklif qabul qilinsa, unda 76 yoshdan oshgan alpinistlarga Everestga ko‘tarilish taqiqlanadi.

Nepal qonunchiligiga ko‘ra, Everestga 16 yoshdan ko‘tarilish mumkin, biroq bu boradagi eng yuqori yosh chegarasi belgilanmagan.

Sherxon 6 may kuni Everestga ko‘tarilish vaqtida dengiz sathidan 5364 metr balandlikdagi tayanch lagerida vafot etdi. Sherxon 2017 yilda Everestga ko‘tarilish uchun litsenziya olgan 317 nafar alpinist orasida bor edi. Sherxon tayanch lageriga aprel oxirida kelib, moslashuvdan o‘tayotgan edi. Alpinist vafotining aniq sababi o‘rnatilmagan va u patologoanatomik tekshiruvdan keyin aniqlanadi.

Sherxon 2008 yilda 76 yoshida Everestga ko‘tarilib, uni zabt etgan eng yoshi ulug‘ alpinistga aylangandi. Biroq uning bu natijasini 2013 yilda 80 yoshli yaponiyalik Yuichiro Miur yangilagandi. Sherxon 2017 yilda o‘z rekordini yana qaytib olmoqchi bo‘lgandi. 

Mavzuga oid
Top