18:04 / 20.05.2017
11204

Buxoroda pulfurushlik bilan shug‘ullangan shaxsni o‘ldirganlar 19 yilga qamaldi 

Illyustrativ foto

Tolmas Rahimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yaqin do‘sti Hayit Rustamov bilan jinoiy reja tuzib, Buxoro shahridagi “Shahnozabonu” to‘yxonasi oldida velosiped o‘g‘irlashdi. Ikkovlashib, 2015 yilning yanvar oyida Mushfiqiy ko‘chasida yana bir mudhish jinoyatga qo‘l urishdi. Ular uyiga qaytayotgan Umarbek Haydarovni urib, unga tegishli bo‘lgan mol-mulk va 9 million 600 ming so‘m pulni o‘marib ketishdi. Jabrlanuvchi dod-faryod qilganicha qolaverdi. Shunda ham ularni kimdir o‘rtaga solib, tartibga chaqirmagan ekan, deya yozadi “Huquq” gazetasi.

Pul topishning bunday usuli ularga juda yoqib tushgan ekan. Endi Tolmas Rahimov tuni bilan uxlamay yana bir reja tuzib chiqdi. U o‘z safiga tanishlari Sardor No‘'monov, Jahongir Jumayev va Hamdam Safarovlarni ham jalb qildi.

-  Bir uchrashib otamlashsak, yaxshi bo‘lardi, - dedi Jahongir sinfdoshi Tolmasga qo‘ng‘iroq qilib.

“Madaniyat” MFY hududidagi dala hovlida uchrashgan hamtovoqlar o‘rtaga bir shisha aroqni qo‘yib, otamlashib qabih reja tuzishdi. Ulfatlar Tolmasning rejasini eshitib, avvaliga hayron qolishdi. Kimdir ikkilandi, boshqasi xayrixoh bo‘ldi...

-  Xayriddinni ko‘pdan beri kuzataman. Uni “Dilkusho” bozorida savdo qilib yurgan kezlarimdan buyon taniyman. "Tixiy" bola. “Toqi Sarrafon”da pulfurushlik qiladi. Har kun pul bilan keladi. Lekin bitta yomon tomoni bor-da,.. – biroz o‘ylanib turib dedi Tolmas. – U meni yaxshi taniydi. Bu ishni uchalang qilishing kerak.

-  Qanday qilib?..

-  Bu qiyin emas, - dedi Tolmas jinoyat rejasidagi ish taqsimotini aytib. – Uyimizda beysbol tayog‘i (bita) bor, ursa har qanday odam yiqiladi.

-  Bo‘pti. Sen o‘sha tayoqni olishni unutma. Sardor, sening “Matiz”ingdan foydalanamiz.

Xayriddinni jinoiy guruh a'zolari bir necha kun kuzatishdi. Shunday kunlarning birida Xayriddin velosiped haydab, ajal sharpalari pisib yotgan avtomashina oldidan o‘tib ketdi. Payt poylab, uning ortidan tushgan “Matiz” X.Xudoyberdiyevning uyiga yaqin bo‘lgan Bog‘ishamol ko‘chasi chorrahasiga kelib to‘xtadi.

O‘z xayollari bilan ketayotgan Xayriddin kutilmaganda boshiga urilgan qattiq zarbadan gangib, velosipeddan yiqilib tushdi. Uning yonidagi pullarni qo‘lga kiritgan jinoyatchilar zulmat qariga kirib, g‘oyib bo‘lishdi.

Qo‘lga kiritilgan pullarni sanab, taqsimlab olishayotgan yigitlarning vijdoni zig‘ircha qiynalmadi. Ular jabrdiydaga tegishli 9 million so‘m, 1800 AQSh dollari, 670 yevro, 4500 Rossiya rublini teng taqsimlashdi.

Yo‘lda yiqilib yotgan odam yo‘lovchilarni befarq qoldirmadi. Zudlik bilan tegishli joyga qo‘ng‘iroq qilishdi. Yaqinlari yetib kelganda Xayriddin Xudoyberdiyev behush edi. Uni zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam markaziga keltirishdi. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar yordam bermadi. U hayotdan ko‘z yumdi.

Ushbu holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan zudlik bilan surishtiruv ishlari boshlab yuborildi. Tezda kalavaning uchi topildi va jinoiy guruh a'zolari qo‘lga olindi.

Bu kimsalarning jinoyat ortidan topilgan mablag‘lar hisobiga “mazmunli” o‘tayotgan kunlariga yakun yasaldi. Sud hukmiga binoan O‘zbekiston JKning tegishli moddalari bilan jinoyatchilarning har biri 19 yildan muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Top