19:29 / 20.05.2017
7643

Tabiatga qariyb 35 million so‘mlik ziyon yetkazgan shaxslar ushlandi

Illyustrativ foto

Hazorasplik fuqarolar R.Xudoyberganov, D.Boboyev, X.Ro‘zmetov, L.Xudoyberganov va Sh.Avazyazov birgalikda baliq ovlab sotishni maqsad qilishadi. Bir qarashda, buning hech bir yomon joyi yo‘qday tuyulsa-da, biroq ular o‘z maqsadlarini qonunga xilof ravishda, ustiga-ustak davlat chegaralarini buzib o‘tgan holda amalga oshirishni rejalashtirgan edilar, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ular rejani puxta qilishgach, qonun talablariga zid ravishda Pitnak shahrining Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh hududidagi aylanma yo‘llardan rezina qayiq orqali Turkmanistonning Lebap viloyati, Gazachak shahriga o‘tishadi. Bu yerda ular ikki kun davomida 130 kilogramm baliq ovlab, yana shu yo‘l orqali ortlariga qaytishadi.

Ovlari baroridan kelgach, keyingi safar to‘rni yanada “chuqurroq” tashlashni maqsad qilishadi. Bu gal ularga fuqaro F.Sultonov ham qo‘shiladi. Olti kishi bo‘lib, to‘rt kun davomida qonun hujjatlariga xilof ravishda 604 kilogramm baliq ovlab, Hazoraspga noqonuniy ravishda aylanma yo‘llar orqali qaytib keladilar. Tabiatga umumiy hisobda 34 mln. 448 ming so‘m miqdorida jiddiy ziyon yetkazgan bu shovvozlarni chegarani buzib o‘tgan mahalda yurtimizning sergak himoyachilari kutib olishdi.

Yuqorida nomlari qayd etilgan qonunbuzarlar sodir etgan qilmishlari uchun tegishli jazoga tortildi.

Top