
Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli Shilvi qishlog‘i, janubiy park, Qarshi-Nishon avtomagistrali yaqinidagi Maxtumquli, aeroport hududlarida joylashgan sport maydonini ko‘rgan kishining afsuslanishi turgan gap. To‘g‘risi, katta mablag‘ evaziga qurilgan maydonchadagi bu xunuk manzarani ko‘rib, nahotki, bu yerning egasi bo‘lmasa, degan savolga bordik.
Fotoapparatimizni ishga tushirib, sigirlarni suratga olishni boshlagan ham edik-ki, uzoqdan bir kishi oldimizga yugurib keldi. Gaplariga qaraganda bu kishi sariq rangdagi sigirning xo‘jayini ekan. Jonivor maydonchaga kirib ketganini o‘zi ham payqamay qolibdi. Uni qidirib yurgan ekan. Maza-maza sigirning egasiga maza ekanda! Tayyor - keng yaylov. Ertalab ipini shoxiga o‘rab, sigiriga ko‘chani ko‘rsatib qo‘ysa bas. Kechga borib maysazordan qorni qappayib qaytadi. Maydonchaning temir panjaralari qo‘porilishi mumkinligi bilan ishi yo‘q. O‘ziniki emas-da! Mana ahvol, maydon allaqachon yosh o‘g‘il-qizlarning sevimli sport o‘yingohi emas uch-to‘rt sigir o‘tlaydigan dalaga aylangan. Maydonchani o‘rab turgan temir panjaralar ko‘chib, oyog‘i singan laylakdek bir tomonga yotib qolgan. Yuvinish, dam olish, kiyinish xonalarini aytmaysizmi? Omborxonaga o‘xshaydi. Shu yaqin atrofdagi ba'zi kimsalar undan "produkt" saqlaydigan "sklad" qilib olgan. Bir o‘ylab ko‘ring, qarovsiz qolgandan keyin, qolaversa, shu atrofdagi mahallaning bolalari ham oyoq bosishlariga ruxsat bo‘lmagandan so‘ng, bu tekin maydon kimgadir xizmat qilishi kerak-da. Nima dedingiz? To‘g‘ri, siz ham, aslida maydonchadan mahallaning iqtidorli havaskor yosh o‘g‘il-qizlari foydalansa, ulardan kelajakda mohir futbolchilar yetishib chiqarmidi, deb o‘ylayotgandirsiz. Gapingizda jon bor. Ammo maydon egalari bu haqda nahotki bosh qotirmagan bo‘lsa?
Xo‘sh, aslida bu maydon kimga tegishli? Egasi ana shu xunuk holatlardan xabardormi?
Yaqin atrofda yashaydigan kishilarning aytishicha, bu maydon Qarshi temir yo‘l uzeli unitar korxonasiga tegishli ekan.
"Savobi ham uvoli ham o‘ziga..."
- Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli Shilvi qishlog‘i, janubiy park, Qarshi-Nishon avtomagistrali yaqinidagi Maxtumquli, aeroport hududlarida joylashgan sport maydonchani, aytyapsiz-da, deydi savolimizga hayratlanib, Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli kadastr bo‘limi boshlig‘i Husan Fayziyev. - Ha, bizning balansdagi maydon.












