17:48 / 03.06.2017
15578

Video: Apple Park qurilishi deyarli poyoniga yetdi

AQShning Apple korporatsiyasi yangi binosining navbatdagi videotasvirlari namoyish qilindi. Uni bloger Mettyu Roberts dron yordamida suratga olgan. Ma'lumki, Robertsning videolari 2016 yil martidan an'anaviylik kasb etgan hamda ulkan idora inshooti qurilishining barcha bosqichlarini namoyish etadi. “Olma” kompaniyasi Kaliforniyaning Santa-Klara vodiysida 71 gektarga cho‘zilgan bosh qarorgohini qurayotgani haqida avval ham bir necha bor xabar qilingan edi. 

Videodan ko‘rish mumkinki, Apple Park kompleksi ochilishga va 13 ming nafar xodimni qabul qilishga hali tayyor emas. Qush parvozi balandligidan olingan videotasvirlarda qurilish texnikalarini, aylana shaklidagi mashhur binoning markaziy hududi yashil maydonga hanuz aylantirilmaganini ko‘rish mumkin. 

Binoning qurilish ishlari Stiv Jobs rahbarligida boshlangan edi. U mazkur loyihaga ko‘plab g‘oyalari va novatorlik takliflarini bildirgandi. Inshoot tomiga o‘rnatiladigan 17 mVt quyosh elektrstansiyasi sababli to‘liq muqobil energiya manbasiga ega bo‘ladi. Shishali qurilish konstruksiyalari, «ko‘rinmas ulanmalar», hududning 4/5 qismi turli xil o‘simliklar bilan qoplanishi va boshqa ko‘plab jihatlari bilan Apple Park kompleksi zamonaning eng nodir binolaridan biriga aylanadi. 

Ta'kidlash joizki, Apple korporatsiyasining xaritashunoslik xizmatida Apple Park kompleksining 3D tasviri allaqachon paydo bo‘lgan. Unda Stiv Jobs nomidagi majlislar zalini ham ko‘rish mumkin. Ehtimol, bu yilgi yangi avlod iPhone telefonlari aynan shu yerda taqdim etiladi.

Qizig‘i shundaki, avvalroq, yangi Apple Park kompleksining ayrim hududida Stiv Jobs yoshligida ish boshlagan Hewlett-Packard kompaniyasining idora binolari ham joylashgan edi. 

YouTube-bloger Duncan Sinfield ham Apple Park qurilishiga doir yangi videoni havola qildi. 

Mavzuga oid
Top