17:34 / 07.06.2017
26136

Britaniyalik olimlar tavsiyasi: yana tovuq tuxumlarining foydasi haqida

Buyuk britaniyalik olimlar tovuq tuxumining zarari haqidagi mish-mishlarga chek qo‘yishdi. Ma'lum bo‘lishicha, tuxumlarni iste'mol qilish tanada zararli xolesterin moddasi ishlab chiqarilishi yoki ortiqcha vazn to‘planishiga sabab bo‘lmaydi. Aksincha, jismini bir me'yorga keltirmoqchi bo‘lganlar, tuxumlarni tanovul qilishni to‘xtatmasliklari kerak. 

Liverpul universiteti xodimlari 450 kishi ishtirokida tajriba o‘tkazib, shunday xulosaga kelishdi. O‘rtacha yoshi 44ni tashkil etgan ko‘ngillilar 3 oy mobaynida past kaloriyali parhez tutishdi, ammo ko‘ngillilar guruhlaridan biriga kuniga ikkitadan tovuq tuxumi iste'mol qilishga ruxsat berishdi.

Olimlar tadqiqot o‘tkazish muddati yakuniga yetganida «mijozlari»ni ko‘rikdan o‘tkazishdi. Aniqlanishicha, ikkala guruh vakillari ham bir xil vazn tashlashga, ya'ni 3,5-4,5 kg ozishga muvaffaq bo‘lgan. Asosiysi, ularning har birining qon tarkibida xolesterin darajasi kamaygan. 

«Ushbu ma'lumotlar asosida aytish mumkinki, uncha ko‘p bo‘lmagan miqdorda tovuq tuxumi iste'mol qilish vazn to‘plashga olib kelmaydi, aksincha tarkibida protein bo‘lgani sababli tezroq sportcha qomatni shakllantirishga yordam beradi», – degan ilmiy ish muallifi doktor Nikolas Harman.

Bundan tashqari, olimning qayd etishicha, na tovuq tuxumi, na bedana tuxumi yomon xolesterinning qonga aralashuvini kupaytiradi. «Asosiysi, ularni sariyog‘da qovurmaslik. Iloji bo‘lsa, bug‘qozonda pishirgan maqsadga muvofiq», - deya tavsiya qiladi ekspert.

Top