10:15 / 08.06.2017
14665

Mishel Obama: Barak 8 yil davomida bitta smoking kiydi

Foto: AP

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama 8 yil mobaynida hokimiyatni boshqargan vaqtida tantanali anjumanlarga faqat bitta smokingni kiygan. Barakning rafiqasi Mishel Apple dasturiy ta'minotlarini ishlab chiqaruvchilar konferensiyasi doirasida jurnalistlar bilan uchrashuvida shu haqda ma'lum qildi. 

Uning hikoya qilishicha, suratkashlar va dunyo moda tanqidchilari tantanali marosimlarda Mishelning liboslari va aksessuarlariga e'tiborga qaratgan bir vaqtda, deyarli hech kim o‘sha vaqtdagi davlat rahbari har doim bitta qora kostyum-shimda ko‘rinish berganini sezmagan. "Biz nima qilmaylik, u faqat o‘sha bitta smokingni kiyar edi", - deya tan olgan Mishel Obama. 

"Odamlar mening poyabzalim, taqinchoqlarimni suratga tushirib, ularni muhokama qilishardi, ammo ular Barak Obamaning 8 yil mobaynida bitta smoking va tuflini kiygani haqida lom-mim deyishmadi", - deya AQShning sobiq birinchi xonimi so‘zlarini keltiradi The Hollywood Reporter jurnali. 

"Va u bu bilan faxrlanardi. U ko‘p hollarda "Mana men tayyorman. Men 10 daqiqaada tayyor bo‘laman. Senga hali ancha bormi?", - deb so‘zlab bergan Mishel. 

Mishel Obama, shuningdek, People jurnaliga mashhur surat haqida so‘zlab berdi. O‘shanda, 2015 yili XXR raisi Si Tszinpin rafiqasi Pen Liyuan bilan Oq uyga kelishi kutilayotgan vaqtda Mishel Barakning kapalaksifat bo‘yinbog‘ini tuzatgan edi.

"Bizni o‘shanda 100 jurnalist suratga olayotgandi", - deb xotirlaydi Mishel. "Biz avtomobillar kelishini kutayotgan edik. Shunda men zerikkanimdan turmush o‘rtog‘im ajoyib ko‘rinishda ekaniga ishonch hosil qilgim keldi", - deb kuladi sobiq birinchi xonim.

Barak Obama 2008 yilda AQSh prezidentligiga saylangan hamda bu lavozimni egallagan ilk afroamerikalik bo‘lgandi. 2012 yilda ikkinchi marotaba saylandi. Baraka Obama va uning rafiqasi Mishelning nikoh to‘yi 1992 yil 3 oktabrda bo‘lib o‘tgan. Ularning ikki qizi bor. 

Top