12:52 / 09.06.2017
7765

Huawei kompyuterlar bozorida Apple va HP’ni ortda qoldirmoqchi

Huawei uch-besh yildan so‘ng shaxsiy kompyuterlar bozorida Apple, Lenovo hamda HP’ni ortda qoldiradi va yetakchiga aylanadi. Bu haqda kompaniya ijrochi direktori yangi noutbuklar chiqqanidan bir necha kun o‘tib ma'lum qildi.

Xitoy ishlab chiqaruvchisi birdaniga uchta noutbuk - MateBook X, MateBook D va MateBook E’ni taqdim etdi. Shu bilan birga, X modeli Apple va uning MacBook’iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchidir. 

«Huawei yangi mahsulotni yaratib, yangi bozorga kirish harakatida ekan, uning maqsadi – jahon yetakchisiga aylanishdir. O‘ylashimcha, bu kompaniyaning innovatsion ishlanmalar va tadqiqotlarga jiddiy sarmoyalari bilan bog‘liq. Biz o‘z imkoniyatlarimizni smartfon misolida ko‘rsatdik», - deya xabar berdi kompaniyaning ijrochi direktori Van Byao.

IDC tadqiqotiga ko‘ra, shaxsiy kompyuterlar bozori so‘nggi bir necha yilda pasaymoqda, shuning uchun bu yerdagi raqobat juda kuchli. Hozirgi kunda yetakchi beshlikka HP, Lenovo, Dell, Apple va Acer kiradi. Biroq Van Huawei ulardan o‘zib ketishiga ishonmoqda.

Huawei kompaniyasi o‘tgan yilda 26,19 mlrd. dollar ishlab topdi. Smartfonlar yetkazib berish hajmi esa 29 foizga o‘sib, 139 million donani tashkil etdi. Bu esa Huawei’ga bozordagi ulush bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘ringa chiqish imkonini berdi.

Top