10:20 / 12.06.2017
9831

Afsonaviy basketbolchi Maykl Jordanning krossovkasi rekord narxga sotildi

Afsonaviy amerikalik basketbolchi Maykl Jordanning dastxati tushirilgan krossovkasi 190 ming dollarga sotildi. Bu qiymat sport krossovkalari uchun to‘langan eng katta haqdir. Jordan bu sport poyafzalida 21 yoshida Los-Anjyelesda o‘tgan 1984 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan. 

Jordan o‘sha musobaqada eng yaxshi o‘yinchi deb topilgan, Ispaniyaga qarshi final uchrashuvida esa 20 ochko to‘plagandi. Jordan uchun bu o‘yin havaskor basketbolchi sifatidagi oxirgi uchrashuvi bo‘lgan. 1984 yil oktabrida u "Chikago Bullz" professional klubi bilan shartnoma tuzib, uning tarkibida sport olamining afsonasiga aylangan.

4 yil avval ham Jordanga tegishli krossovka 104 ming dollarga sotilgandi. Basketbolchi bu poyafzalda Milliy basketbol uyushmasining (MBU) 1997-1998 yillardagi final seriyasida o‘ynagan va g‘olib bo‘lgan. 

Jordanning nomi 2009 yil 11 sentabrda Basketbol shon-sharafi zaliga kiritilgan. U 2 karra Olimpiya chempioni va 6 karra MBU chempioni hisoblanadi.   

Mavzuga oid
Top