Fan-texnika | 10:09 / 14.06.2017
10951
2 daqiqa o‘qiladi

Hyundai yangi Kona yo‘ltanlamasini taqdim etdi

Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi yangi ixcham Kona krossoverini taqdim etdi. Uning bozordagi asosiy raqobatchilari Mazda CX-3 va Nissan Juke bo‘lishi aytilmoqda. Avtomobil kompaniya mahsulotlari qatorida Tucson modelidan quyiroqda turadi. Kompaniya matbuot xizmatida qayd etishlaricha, Kona Hyundai brendi mavjud bo‘lgan aksar bozorlarda sotiladigan global model bo‘ladi. 

«Kona 2021 yilga kelib, Yevropadagi birinchi raqamli Osiyo avtomobil brendi bo‘lishimizga yordam berishi kerak», — degan Hyundai Motor Europe ijrochi direktori Tomas Shmidt.

Kona Kia Stonic krossoveri bilan bir xil platformada ishlab chiqilgan. Mashina uzunligi 4165 mmni, eni 1800 millimetrni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 2600 millimetrga teng. Diodli optika va keng radiator qafasiga ega bo‘ldi. 

Kona yangilangan axborot-ko‘ngilochar tizimi hamda 8 dyyumli proyeksiya displeyi bilan jihozlangan. Unda haydovchi uchun barcha kerakli ma'lumotlar aks etadi. Bundan tashqari, halokat vaqtida to‘satdan to‘xtash, «ko‘rinmas» hududlarni monitoring qilish tizimi va harakatlanish yo‘lagini saqlash tizimiga ega. 

Krossoverning motorlari qatoriga 4 xil dvigatel kiritilgan. Arzon to‘plamlariga 1,0 l benzinli, 120 ot kuchiga ega turbomotor o‘rnatiladi. Bunday dvigatelli Kona soatiga 100 km tezlikka 12 soniyada erishadi.

Shuningdek, mashina 1,6 l benzinli, 177 ot kuchiga ega turbomotor (100km/s tezlikka 7,9 soniyada erishadi), 2,0 l hajmdagi 147 ot kuchiga ega atmosferali uskuna bilan jihozlanadi. 

 

Mavzuga oid