JCh-2018 saralashida ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarga uchrayotgan, ammo boshqa terma jamoalarning qayd etayotgan natijalari tufayligina turnir yo‘llanmasiga ega chiqish uchun imkoniyat saqlab qolayotgan Samvel Babayan boshqaruvidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi kun mavzusiga aylandi. Sport jurnalisti Qahramon Aslanov «Babayan iste'foga chiqishi kerakmi?» sarlavhasi ostidagi maqolasini taqdim etib, bu masalada murabbiyning iste'foga chiqishini yoqlayotgan muxlislar bilan hamfikr ekanini ifodalagan. Quyida ushbu maqola qayta nashr etiladi.

«Babayan iste'foga chiqishi kerakmi?»

Bu maqolada hech qanday yangi fikr, yangi tahlil ko‘rmaysiz. Shunchaki, men ham sizlar bilan ekanligimni ko‘rsatish uchun yozildi.

«Barselona» chorak finalda «Yuventus»ga yutqazgach, Dani Alvesh masalasi ko‘p muhokama qilindi. Klub braziliyalik himoyachini ketkazib katta xato qilganini hamma aytdi. Chunki Alvesh Turinda hali ham yaxshi o‘ynayotgandi. Lekin aslida, «Barselona»ning xatosi Alveshni ketkazgani emasdi. Alveshning ketish payti allaqachon kelgan, klub u bilan xayrlashib to‘g‘ri qarorga kelgan. Ammo «Barselona»ning xatosi bu yerda jarayonni to‘liq boshqarmagani, ya'ni Alveshning o‘rniga yaxshiroq himoyachi olib kelmagani. Natijada Alveshning ketishi muammoga aylandi.

Bu holatni men ko‘proq, murabbiylarimizning iste'fosiga o‘xshataman. Biz doim bu jarayonni to‘liq boshqara olmaymiz, natijada, xuddiki, iste'fodan foyda yo‘q, degan xulosaga kelib qolinadi.

Bir necha oy oldin «Iste'fo» sarlavhasi ostida maqola taqdim etgandim. O‘shanda terma jamoamizning bosh murabbiyi Samvel Babayanni o‘sha paytda iste'foga chiqarish to‘g‘ri bo‘lmasligi haqida fikr yuritganman. Agar hozir ham fikrim qiziq bo‘lsa, boshqacha o‘ylayman – Samvel Babayan shu bugunoq, yoki ertaga iste'foga chiqarilishi shart. Fikrimning o‘zgarganiga bir necha sabablar bor.

Birinchidan. O‘shanda «agar hozir Babayanni bo‘shatib yuborsak, u ham qutulib qoladi, undan keyin keladigan murabbiy ham bor mas'uliyatni bo‘yniga olmaydi, natijada, xatolarni tahlil qilishimiz, bu safargi turnirdan hech bo‘lmasa, tajriba sifatida foydalanishimiz ilojsiz bo‘lib qoladi» degan edim. Bu holat o‘zgardi – bemalol aytishim mumkinki, Samvel Babayan saralash o‘yinlaridagi bu bosqichda o‘z niyatiga yeta olmadi. Agar kecha, Babayanga umuman bog‘liq bo‘lmagan ikki jamoaning o‘yinida boshqacha natija qayd etilganda, biz deyarli JCh ga to‘g‘ridan to‘g‘ri borish imkoniyatini boy bergan bo‘lardik. To‘g‘ri, futbolda boshqa jamoaning natijasidan umid qilish uchrab turadi, ammo biz o‘z raqibimizni yutib, keyin Qatardan umid qilmadik, biz o‘z raqibimizni yuta olmay, eng yomoni, buni amalga oshirish uchun biror kichik narsa namoyish qila olmay, keyin Qatarga muxlis bo‘lib qoldik. Farqi bor.