Jahon | 03:01 / 22.06.2017
18069
3 daqiqa o‘qiladi

IShID terrorchilari Mo‘suldagi bosh masjidni portlatib yuborishdi

IShID terrorchilik guruhi jangarilari Iroqning Mo‘sul shahridagi An-Nuriy masjidini portlatib yuborishdi, deyishmoqda iroqlik harbiylar. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Masjid Mo‘sulning g‘arbidagi eski shahar qismida joylashgan, u yerda hozir terrorchilar va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida hal qiluvchi qaqshatkich janglar davom etmoqda. 2014 yilning iyulida IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy xuddi mana shu masjidda nutq irod qilib, «xalifalik» tuzilgani va o‘zini uning podshosi, deb e'lon qilgandi.

«IShID jangarilari yana bir tarixiy jinoyatga qo‘l urishdi — an-Nuriy masjidi va uning minorasini portlatib yuborishdi», — deyiladi Iroq armiyasi matbuot xizmati xabarida.

Naynava viloyatini ozod qilish bo‘yicha operatsiya qo‘mondonining so‘zlariga ko‘ra, an-Nuriy masjidi va uning Al-Hadba deb ataluvchi minorasi Iroq harbiylari shahar ichkarisiga kirishga muvaffaq bo‘lgan paytda jangarilar tomonidan portlatilgan.

Chorshanba kuni Iroq harbiylari Mo‘sulning bosh masjididan 100 metr narida mustahkam o‘rnashgani ma'lum qilinayotgan edi. Iroqning bu shahrida harbiy operatsiya AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiya ko‘magida 2016 yilning oktabridan buyon o‘tkazilmoqda.

Mo‘sul markazida joylashgan eski shahar qismini egallash bo‘yicha operatsiya uning ko‘chalari o‘rta asrlarga xos rejalashtirilganligi tufayli qiyin kechmoqda — tuman bor yo‘g‘i 2-3 metr kenglikdagi tang ko‘chalardan iborat.

Radikallar ramzi

800 yil muqaddam barpo etilgan aynan an-Nuriy masjidini terrorchilar yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy 2014 yilda o‘zining xutbasi uchun minbar sifatida tanlab olgan edi. O‘shanda u «Iroq va Shom islom davlati» — «xalifaligi»ni e'lon qilgan edi. Masjid va uning hududida joylashgan qiyshaygan minora Al-Hadba radikallarning ramziga aylangan edi.

Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra hukumat qo‘shinlari tomonidan masjidning egallanishi jangarilarning harbiy ruhiyatiga qattiq ta'sir o‘tkazishi mumkin edi. Shaharni ozod qilish bo‘yicha operatsiya rahbarlari kunlik hisobotlarida operatsiyaning muvaffaqiyatini aynan shu obektning qo‘lga kiritilishi bilan bog‘lashayotgandi.

Iroq harbiylari RIA Novosti’ga ilgariroq bergan intervyularida IShID agar o‘z pozitsiyalaridan chekina boshlasa masjid majmuasi devorlarini minalashtirishi va hujum qilayotgan qismlarga talofat yetkazishga harakat qilishini aytib o‘tishayotgandi.

Bu orada IShID terrorchilik guruhi Mo‘suldagi An-nuriy masjidi AQSh aviazarbasi tufayli vayron bo‘lganini iddao qilib chiqqan. Bu haqda Frans Press agentligi xabar tarqatgan.

Mavzuga oid