15:50 / 24.06.2017
21258

Fotosayohat: Bekobod shahridagi bolalar yozni qanday o‘tkazishmoqda?

23 iyun kuni Xalq ta'limi vazirligi tomonidan OAV vakillari uchun Toshkent viloyati Bekobod shahriga media-tur uyushtirildi. Tadbir davomida jurnalistlar Bekobod shahridagi ta'lim muassasalari, “Barkamol avlod” markazi, bolalar uchun tashkil etilgan yozgi to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Kun.uz muxbiri ham ushbu media-turda ishtirok etib, maxsus fotoreportaj tayyorladi. 

Birinchi tur Bekobod shahridan joylashgan “Barkamol avlod” markaziga uyushtirildi. Yozgi ta'til vaqtida bolalar bu yerda turli to‘garaklarga a'zo bo‘lib, vaqtlarini mazmunli o‘tkazayotgani ota-onalarni ham mamnun qilmoqda. 

“Bu markazda farzandlarim o‘zlari uchun qiziq bo‘lgan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishadi. Shuningdek, to‘garak narxlari ham bizni qoniqtiradi. Ustozlar ham bolalarga astoydil bilim berishadi. Bolamning yozgi ta'tili ko‘ngildagidek o‘tishidan xursandman. Sababi, bizning olisdagi oromgohlar yoki o‘quv markazlarga borishga imkonimiz yo‘q”, - deya qayd etdi to‘garak ishtirokchilaridan birining onasi.

Bu yerda sport mashg‘ulotlari, to‘quvchilik, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, raqs, ingliz, rus tili va boshqa to‘garaklar, shuningdek, maktabgacha bo‘lgan tayyorlov kurslari, qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari tashkil etilgan. To‘garak uchun belgilangan to‘lov haqi ham qulay narxda – 7500 so‘m.

Ota-onalar markazda gimnastika bo‘yicha ham kurslar tashkil etilishi hamda raqs bo‘yicha turli tanlovlarda qatnashadigan qizlar uchun ayrim hollarda liboslar yetishmasligi sababli bu masalada yordam beruvchi homiy topilishini so‘rab, murojaat qilishdi. 

Keyingi obekt – Bekobod shahridagi 2-umumta'lim maktabida tashkil etilgan yozgi oromgoh ham o‘z ishini boshlab yuborgan bo‘lib, bu yerda o‘quvchilar uchun turli musobaqalar, sport to‘garaklari, qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazib kelinadi.  

Iqtidorli bolalar maktab hovlisida rassomchilik san'ati bilan shug‘ulanishadi. Shuningdek, bolalar uchun maxsus basseyn ham o‘rnatilgan. 

Bekobod shahridagi 16-umumta'lim maktabi ham o‘zining ozodaligi, salqin tabiati va tartib-intizomi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bu yerda ham bolalarning yozda hordiq chiqarishi va mazmunli vaqt o‘tkazishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

“Ota-onalar bilan muloqot” xonasi esa maktab va ota-onalar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Ma'lumot o‘rnida: Joriy yil O‘zbekistonda 1150ta bolalar yozgi oromgohi tashkil etilgan bo‘lib, shulardan 214tasi statsionar, 936tasi kunduzgi oromgohlardir. Ularda 300 mingga yaqin bolalar dam olishi rejalashtirilgan. 

Oromgohlarga bormaydigan bolalar yozda nima bilan shug‘ullanadi, degan savol ham tug‘ilishi tabiiy. Aynan shu masalaning yechimi sifatida “Yoz konsepsiyasi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, oromgohlar tashkil etilmagan muassasalarda turli to‘garaklar, “sog‘lomlashtirish maydonchalari”, kitobxonlik mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Mazkur konsepsiya jami 91253 nafar o‘quvchini qamrab oladi.

 

Top