Jamiyat | 16:27 / 28.06.2017
31550
4 daqiqa o‘qiladi

«Qarzi bor odam Hajga ham bora olmaydi» – Anvar qori Tursunov

Foto: Xalqaro press-klub

Xalqaro Press-klubning 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasi tabiiy resurslarni asrash, tejash, kommunal to‘lovlar madaniyati kabi mavzularga bag‘ishlandi. Unda ishtirok etgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov tabiiy resurslarimizni tejash, ularni isrof qilmaslik borasida shunday fikrlar bildirdi:

"Bilish bor, anglash bor. "Suvni isrof qilmaslik kerak" degan gapni eshitdik, bu - bilish. Ammo anglash - og‘ir jarayon. Alloh taolo Qur'oni Karimda "Har bir narsani miqdor bilan yaratdim va ne'matlarni siz uchun yaratdim" deydi. Biz bu masalada avlodlarimizning merosiga murojaat qilishimiz kerak. 

Muqaddas kitobimizda shunday oyat bor: "Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar, isrof qilganlarni yomon ko‘raman, men unga g‘azab qilaman, duosini qabul qilmayman, uning uyida baraka bo‘lmaydi". 

Yana bir oyatda esa shunday deyiladi: "Isrof qiluvchilar - shaytonning hamtovoqlari". Biz Imom Buxoriy, Nasafiy, Termiziylarning avlodlarimiz. Shu bois bularni bilishdan tashqari yana anglab yetishimiz kerak. 

Isrof - o‘sha ne'matga tajovuz qilish degani. Qorning to‘q bo‘lib turib, taom yesang, bu ham isrof. Bundan tashqari, suv isrofgarchiligi degan tushuncha mavjud. 

"Dengizning yonida tursang ham suvni isrof qilmagin", degan gap bor. Hatto tahoratga ham ulamolarimiz suv miqdorini yarim litr deb belgilab berishgan. Biz bu narsalarni tushunib yetishimiz kerak. 

Hazrat Naqshbanddan so‘rashdi: "Qanday qilib avliyo bo‘ldingiz? Ollohga do‘st tutindingiz?". U kishi Haj amalini ado etganlar, ibodat qilganlar, lekin "shuning ketidan avliyo bo‘ldim" demadilar. "Men dasturxondagi non ushog‘ini tejadim va suvni isrof qilmadim va shu bilan avliyo bo‘ldim".

"Haloliga hisob bor, haromiga azob bor", deydi ulamolarimiz. Halol pul topdik mana, shu pulni quda chaqiriqqa ishlatdikmi yo gazga to‘ladikmi? Har bir qatra suv va nur uchun Alloh oldida javob beriladi. Birgina nurni yetkazish uchun qancha odam mehnat qiladi, buning haqqini to‘lamaslik - o‘g‘rilik.

Inson nafsini tiya olmasligi natijasida isrof yuzaga keladi. Masalan, bir uyda chiroq yoqig‘liq, narigi uyda ham odam bo‘lmasa-da chiroqni yoqib qo‘yamiz. 

Prezidentimiz hech kim qilmagan ishni qildilar -  Mo‘ynoqqa suv bordi. O‘sha Orol ham isrof tufayli quridi. Alloh aytadi: "Isrof qilsangiz, men azoblayman". Shu Orol suvidan noo‘rin foydalanish natijasida qancha kasalliklar, qancha muammolar kelib chiqdi. Suvni tejamasak, uni hammaga yetkazish qiyin bo‘ladi. Inson mas'uliyatni vijdonan his qilishi kerak. 

Hatto muqaddas Haj ziyoratiga ketayotgan odamning qarzi bo‘lsa, u samolyotga ham chiqarilmaydi, chunki u yerga ketayotgan inson qarzlarini uzib ketishi kerak. 

Shularning barchasidan xulosa chiqarib, tafakkur qilishimiz kerak. Inson tafakkur bilan aziz. Isrof - gunohi kabira. Xudodan qo‘rqishimiz kerak. To‘y qilishdan, xudoyi qilishdan oldin qarzlardan qutulish kerak".

 

Mavzuga oid