21:07 / 06.07.2017
13488

Ta'lim tizimiga taklif: “kurator-pedagog” ixtisosligiga ehtiyoj bor

Shu kunlarda dolzarb mavzuga aylangan “10–11-sinflarni qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi fikrlar, xilma-xil takliflar meni ham shu jarayonga o‘zimning bir ozgina hissamni qo‘shishga majbur etdi. Yaqin orada sinov tariqasida “10–11-sinflarni ochisharkan”, degan gaplar ham tarqaldi. Ota-onalar o‘rtasida bu borada so‘rovnomalar ham o‘tkazildi. Ko‘pchilik ota-onalar 10–11-sinfga qaytishni yoqlab chiqishmoqda. 

Endi ota-onalar 10–11-sinfni nima sababdan yoqlab chiqishayotganini bir ko‘rib chiqsak! Avvalo, farzandi vaqt nuqtai nazaridan bir yil yutadi, chunki biz bilamizki kollej va litseylarda ta'lim uch yilni tashkil etadi. Shu munosabat bilan bir yil oldinroq ta'limni bitirish kimga yoqmaydi deysiz! Ikkinchidan, mahallasidan, qo‘ni-qo‘shnilaridan, sinfdoshlaridan uzoqlashmagan holda, maktabda ta'lim-tarbiya olib borish ham ota-ona uchun, ham o‘quvchi uchun foydali, deb o‘ylayman. Buning ustiga yo‘l kira haqi ham o‘zida qoladi!

Keling, endi o‘zimning takliflarimga o‘tsam. Har holda o‘zim o‘qituvchilar oilasidan bo‘lganligim sababli ta'lim borasida ancha-muncha tushunchaga egaman. Shu munosabat bilan litsey va kollejlarni ham inobatga olib, bir boshdan o‘zimning takliflarimni bildirib o‘tsam. Kollej va litseylar uch yillik ta'limdan iborat. Shunga muvofiq, “9 + 3” tizimini saqlagan holda, maktablarga ham “10–11–12-sinflarni tashkillashtirsak”, degan taklifimni bildirmoqchiman. Ya'ni, “six ham kuymasin, kabob ham”. Masalan, o‘quvchi 9-sinfni bitirdi, deylik. U xohlasa kollej va litseyga imtihon bilan qabul qilinishi mumkin, xohlasa o‘zini maktabida qolishi mumkin. Bunisi endi uni istagi bo‘ladi. O‘quvchi 9-sinfni bitirgach, deylik tibbiyot kollejida o‘zining o‘qishini davom ettirmoqchi, lekin u yerda faqatgina 100 nafar o‘quvchiga kvota ajratilgan. Ariza topshirgan o‘quvchilar soni esa 300 nafarni tashkil etadi. Bunda Davlat test markazi tomonidan imtihon olinib, 100 nafar o‘quvchi qabul qilinadi, qolgan 200 nafari esa o‘z maktabida “10–11–12-sinfdagi” o‘qishini davom ettiradi. Bunda biz nimaga erishamiz, degan o‘rinli savol tug‘ilishi mumkin?!

Avvalo, biz bunda raqobat jarayonini vujudga keltiramiz. Kollej va litseylarni “kichik universitet”ga aylantiramiz. Maktabda esa o‘qituvchi o‘z bilim saviyasi bilan, o‘z darsining sifati bilan o‘quvchisini maktabda saqlab qolishga intiladi. Raqobatni his qilyapsizmi o‘rtoqlar!!!

Endi ikkinchi taklifimga o‘tsam. Bir qancha o‘qituvchilarning fikr va mulohazalarini mana bir necha yildan buyon tinglab boraman. Ularning munosabati turlicha bo‘lsa-da, lekin ma'no baribir bir joyga borib taqaladi. Ya'ni, “darsimni o‘taymi, qog‘ozbozligimni to‘ldiraymi yoki kuratorligimni (sinf yoki guruh rahbarligini) qilaymi”, degan so‘zlarni juda ko‘p eshitaman. Bu gaplarni eshitib, ko‘rib, “yetti o‘lchab, bir kesib” bitta taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Ya'ni 5-sinfdan to litsey va kollejlarni ham qamragan holda, kurator-pedagog lavozimini joriy qilishni taklif qilaman. Bunda o‘qituvchi o‘qituvchiligini qiladi, kurator-pedagog esa mas'uliyatni bo‘yniga olgan holda, o‘z guruhidagi o‘quvchilarining ta'lim-tarbiyasiga, formasiga, davomatiga, yurish-turishiga javob beradi.

Bundan tashqari, kurator-pedagogga o‘z guruhida dars o‘tish uchun imkoniyat berib, unga faqat ma'naviyat, odobnoma, tarbiyaviy soat darslarini bersak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shundagina kurator-pedagog o‘z o‘quvchilari oldida o‘qituvchilik metodikasini ko‘rsatgan holda, hurmat qozonishni boshlaydi. Endi shu fikrimni, ya'ni kurator-pedagogning vazifasini misollar tariqasida tushuntirib o‘taman. Biz bilamizki, o‘quv binolarida dars soat 8:00da boshlanadi. Kurator-pedagog esa 7:30da o‘quv binosida bo‘lib, o‘z guruhidagi o‘quvchilarning formasini, davomadini tekshirishdan boshlaydi va soat 8:00da dars boshlanishi bilan o‘z o‘quvchilari bilan birgalikda darsga kiradi. Endi kurator-pedagog orqa partada o‘tirgan holda, har bir dars jarayonini o‘quvchilari bilan birga o‘tkazadi. Endi kurator-pedagog nafaqat o‘z o‘quvchilarini nazorat qiladi, balki dars o‘tayotgan o‘qituvchini ham nazorat qilib boradi, ya'ni yordamchi o‘qituvchiga aylanadi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Qisqasi “jonli kamera”ga aylanadi!

Agar shu jarayonni tashkillashtirsak, biz nafaqat o‘quvchining bilim sifati va davomatini oshirgan bo‘lamiz, balki o‘qituvchini ham darsga mas'uliyat bilan kirishini ta'minlaymiz. Bir tarafdan baholash tizimida ko‘zbo‘yamachilik, poraxo‘rlikning ham oldi olinadi. Chunki kurator-pedagogning har bir darsni kuzatib borishi, baholash tizimining halollik bilan olib borilishini ta'minlaydi. Beayb parvardigor, issiq jonmiz, ayrim bir sabablar tufayli o‘qituvchi darsga kelmay qolishi mumkin. Shunda kurator-pedagog yordamchi o‘qituvchiga aylanib, o‘z guruhidagi darsni o‘z nazoratiga oladi. Kurator-pedagogning vazifasi faqat dars paytida o‘quvchilarini nazorat qilish bilan cheklanib qolmaydi, balki o‘quvchilarining darsdan so‘ng nima bilan shug‘ullanishini, ayrim sabablarga ko‘ra nimaga darsga kelmaganligini, bilim saviyasi yaxshi-yomonligini, uning tarbiya jarayoni qanday kechayotganligini uyiga borib ota-onasi bilan birgalikda muhokama qiladi.

Kurator-pedagoglarning oylik ish haqini o‘qituvchining oylik ish haqi bilan tenglashtirsak, bu ham adolatdan bo‘ladi. Chunki kurator-pedagog juda katta mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olishini biz unutmaylik! To‘g‘ri, byudjyetdan biz ozgina yutqazamiz, lekin ma'rifat, ma'naviyat, ta'lim-tarbiya borasida birinchi o‘ringa chiqib olamiz! Ha-ha, ishoning, birinchi o‘ringa!!! 

Universitetlarga yangi “kurator-pedagoglik yo‘nalishini” kiritishni ham taklif qilaman. Shunda biz nafaqat yetuk kadrlarni tayyorlaymiz, balki bandlik darajasini ham hal qilgan bo‘lamiz! Yana bir bor ta'kidlayman, kurator-pedagog lavozimini har bitta sinfga yoki kollej-litseyda tayinlash kerak, ya'ni kurator-pedagog o‘z guruhiga javob beradi, o‘qituvchi esa o‘z darsiga javob beradi. Ishoning, agar biz shu ishni qiladigan bo‘lsak, ta'lim-tarbiya sifati ham yaxshi tomonga o‘zgarishni boshlaydi.

Bu taklifim savol tug‘dirishi mumkin: “Bu o‘quvchi va o‘qituvchiga bosim o‘tkazmaydi?!”. Yo‘q, balki mas'uliyatni oshiradi. Hattoki, rivojlangan mamlakatlardan ham o‘zib ketishimizni ichki his-tuyg‘uyim aytib turibdi. O‘sha rivojlangan mamlakatlar kerak bo‘lsa bizdan o‘rganishni boshlaydi.  Axir ta'lim borasida yangilik kiritsak, buning nimasi yomon?!              

Sodiqjon Xatamov,
tarix fani o‘qituvchisi

Mavzuga oid
Top