Jamiyat | 12:44 / 08.07.2017
28286
7 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro Press-klub sessiyasidan keyingi o‘ylar...yoki biz kimni aldayapmiz?

2017 yil O‘zbekiston hayotida tom ma'noda burilish, ijobiy o‘zgarishlar yili sifatida tarixga kirsa ajab emas. Davlat rahbariyati tomonidan boshlangan va keng ko‘lamda olib borilayotgan islohotlar qamrovi aqlni shoshiradi. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida Davlat rahbarining shaxsiy namunasi bilan tom ma'noda xalq bilan muloqot yo‘lga qo‘yildi. Barcha vazirlik va idoralar, davlat organlari, rahbarlar bundan avvalo o‘zlari manfaatdor ekanliklarini tobora his qilishmoqda.

Xalqaro Press-klub esa bu borada haqiqiy sensatsiya maydonlaridan biriga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. XPK, tashkil etilganiga ko‘p bo‘lganiga qaramay,  davlat organlari va OAV, xalq o‘rtasida bevosita muloqot markaziga aylanib ulgurdi. 

Foto: Xalqaro press-klub 

Ammo, masalaning yana bir jihati borki, Press-klub oshkoralik, shaffoflik ruhiyatini qanchalik ilgari surishga urinmasin, o‘tkazilayotgan sessiyalarda qatnashayotgan ayrim hurmatli spikerlarning (ular xoh senator yoki vazir, biror idora rahbari bo‘lsin) hamon hadiksirashi, savollarga aniq va lo‘nda emas, qolipga solingan va qanoatlantirmaydigan mujmal javoblar berishi yoki bizda bu kabi ma'lumot mavjud emas, deya mas'uliyatni o‘zidan soqit qilishga urinishlari hamon uchramoqda. 

Xususan, XPKning kuni kecha, 7 iyulda bo‘lib o‘tgan sessiyasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a'zolari, qo‘mitalar rahbarlari, turli vazirlik va idoralar rasmiylari, OAV ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston” teleradiokanali va MY5 telekanali orqali jonli efirda namoyish qilingan sessiyaning 2 soatdan ortiqroq vaqti, asosan, umumiy gaplar bilan o‘tib ketdi. Spikerlarning reglamentga rioya qilmasligi sababli savol-javob qismi qisqaroq bo‘ldi, ko‘plab muhim savollar berilmay qolib ketdi. Ayrim savollarga berilgan javoblar, umuman, tomoshabinni qoniqtirmagani aniq. 

Masalan, sessiyada o‘qituvchi va shifokorlarning joylardagi hokimiyatlar tomonidan ko‘cha-ko‘ylarni tozalash, supur-sidir, obodonlashtirish va hasharlarga keng jalb etilayotgani xususida savol yangradi. Bunga javoban, spikerlardan biri tomonidan bildirilgan fikr, vaziyatni bilmasligi yoki savolni to‘g‘ri anglamaganidek taassurot uyg‘otdi. Spikerning aytishicha, bu kabi jamoat ishlarida o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa fuqarolar ishtirok etmasa, chetdan biror kishi kelib tozalab berishi kerakmi? Bu javob yana bir haqli e'tirozni keltirib chiqardi: demak, so‘nggi vaqtlarda tanqidlar ostida qolayotgan, kaltak boshida sinayotgan bechora o‘qituvchi-yu, shifokorlar davlat rahbariyati tomonidan ular oldiga qo‘yilayotgan mas'uliyatli vazifani bajarish, o‘tgan xatolarini tuzatishlari uchun obodonlashtirish ishlarida o‘zlarini ko‘rsatishlari shartmi? 

Foto: Xalqaro press-klub 

Vaholanki, ushbu sessiyaning birinchi qismida, aynan ta'lim sohasida oqsoqliklar, o‘qituvchilarning saviyasi pastligi haqida keskin fikrlar bildirildi. Shunday ekan, yuqoridagi ikki sharafli kasb egalarining kunda-kunora supur-sidir ishlariga jalb etilishi, ularning hokimlar cho‘risiga aylanib qolganini inkor etish yoki bo‘lsa bordir, bayram kunlari arafasida, 2-3 oyda bir rasmiy hasharlarda qatnashayotgandir, deyish bilan biz kimni aldaymiz?!. 

Axir, bugungi axborot texnologiyalari asrida, o‘qituvchilar va shifokorlarning majburiy mehnatga (o‘z vazifalaridan tashqari ishlarga) jalb etilishini isbotlovchi dalillar bilan rasmiy murojaat qiling, bizga taqdim eting, kabi iddaolar aslida hurmatli senatorlarning joylarga chiqayotgani, xalq dardini eshitayotgani haqidagi da'volarini inkor etib qolmaydimi?! Yoxud, bu gaplardan keyin, ular joylarda ham xo‘jako‘rsinga, qog‘ozbozlik, rasmiy statistika uchun ishlayotgan ekan, degan xulosaga kelish mumkin. Joylarga chiqayotgan hurmatli spikerlar, borayotgan tumani yoki viloyati hokimlarini ogohlantirmasdan, TV va boshqa OAV xodimlarini ortlaridan ergashtirmasdan ham o‘z vazifalarini bajarishlari mumkin-ku! Ularning faoliyatini televideniye yoki vaqtli nashrlarda ko‘rsatishmasa, yoritishmasa ham ijtimoiy tarmoqlar orqali xalq xabar topadi. Balki, aynan ijtimoiy tarmoqlardagi dalillar, foto va videolavhalar, jurnalistlar maqolalarining Senat surishtiruviga asos bo‘lishiga doir qonunchilik me'yorini qabul qilish vaqti yetgandir?!

Xo‘sh, o‘qituvchi va shifokorlar, tibbiyot xodimlari ko‘cha supurmasa, obodonlashtirish ishlarida qatnashmasa, hasharlarda nima qilishsin, degan haqli savol ham paydo bo‘ladi. Menimcha, (ko‘pchilik ham shunday fikrda, aslida) rasmiy hasharlardan tashqari vaqtlarda ular bu kabi ishlarga jalb qilinishi o‘rniga o‘z ustida ishlashlari uchun munosib sharoit yaratib berishimiz kerak. Shundagina biz ham ulardan bemalol, andisha qilmay, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishni talab qila olamiz.

Foto: Xalqaro press-klub 

Hokimlarning ular mehnatidan foydalangan holda o‘zlarining uddalay olmayotgan vazifalarini yashirishga urinishlariga qonunchilik bilan chek qo‘yish maqsadida aynan qonunchilik ijodkorlari, hurmatli deputatlar va senatorlarimiz ham ishlashlari lozim. 

Ular kim tozalaydi, xorijdan birov kelib tozalab beradimi, deyish o‘rniga, xalq vakillari degan sharafni zimmalarida ko‘tarib yurishgan ekan, shunga munosib ravishda xalqni tarbiya qilayotgan, ularning sog‘ligini imkoni darajasida saqlashga harakat qilayotgan fuqarolarning manfaatlarini ham himoya qilishlari, ularni qiynayotgan muammolarni xalq muhokamasiga olib chiqishda tashabbus ko‘rsatishlari  kerak emasmi?

To‘g‘ri, shu paytga qadar unchalik ham faol bo‘lmagan siyosatchi, xalq vakillaridan birdaniga keskin o‘zgarishlarni kutish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Ammo, mavjud kamchilikni ro‘y-rost tan olib, uni hal etish chorasini ko‘rish o‘rniga, uni xaspo‘shlash bilan jamoatchilik fikriga qarshi borishdan ne naf! Chunki, kamchilik va muammoni, dalil biriktirilgan yozma murojaat yo‘q deyish bilan rad etish, o‘sha muammoni bartaraf etmaydi, aksincha, u hal etilishi uchun yana kelasi avlodni kutadi!

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid