10:47 / 10.07.2017
8822

Qisqa metrajli filmlar loyihalari uchun o‘tkazilgan tanlov g‘olibi aniqlandi

Kinematografiyani rivojlantirish markazi o‘z oldiga qo‘ygan maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, 2017 yil 1 iyun kuni barcha yoshdagi professional va havaskor ijodkorlar uchun qisqa metrajli filmlar loyihalari uchun tanlov e'lon qilgan edi. 

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ko‘plab yosh ijodkorlarning loyihalari 2017 yilning 1 iyuliga qadar qabul qilindi va ular orasidan saralab olingan eng yaxshi to‘qqiz nafar talabgorning loyihasi 7 iyul kuni Kinematografiyani rivojlantirish markazida o‘tkazilgan tanlovda ko‘rib chiqildi. 

Tanlovda ishtirok etgan yosh ijodkor Gulnora Ivanovaning “Fontan” nomli qisqa metrajli film loyihasi tanlov komissiyasi a'zolarining ko‘pchilik ovozi bilan g‘olib, deb topildi va unga maxsus diplom tantanali ravishda topshirildi. Shu bilan birga, Muxammadxon Yusupovning “Kino” nomli qisqa metrajli film loyihasi komissiya a'zolari tomonidan yuqori baholandi.   

Kinematografiyani rivojlantirish markazi tanlovda g‘olib chiqqan G.Ivanovaga “Fontan” nomli qisqa metrajli film loyihasi asosida film ishlab chiqarish ishlariga har tomonlama ko‘maklashish bilan birga yaratilgan filmni mahalliy va xalqaro kinofestivallarga tavsiya etishni o‘z zimmasiga olgan. Shuningdek, Markaz tanlovda ishtirok etgan boshqa yosh iste'dotlar bilan kelgusida yangi loyihalar ustida ishlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. 

Top