12:35 / 13.07.2017
28706

Isyonlarda toblangan millat irodasi

Har bir davlat, xoh kichik, xoh katta bo‘lsin, albatta jiddiy sinovlarni boshdan kechiradi. Aynan mana shu sinovlar ortidan tarix yaraladi, kim aslida kimligi namoyon bo‘ladi, mamlakat hayotida tub burilish yasaladi.

Bizning yaqin o‘tmishimizda ham ana shunday davrlar muhrlanib ulgurdi. 16 fevral... Namangan voqealari...

Bular tarixan qadimiy, ammo davlatchilik nuqtai nazaridan hali yosh bo‘lgan respublikamiz, millatimiz uchun imtihon onlari bo‘lgan. Zero aynan mana shunday imtihonlar xalqni jipslikka undaydi, xatolarni qaytarmaslikka o‘rgatadi.

2016 yil 15 iyulda Turkiya ham ana shunday jiddiy sinovni boshdan kechirdi: uzoq yil payt poylagan kuchlar to‘satdan ochiq hujumga o‘tdilar, ko‘chalarni tanklar egalladi, qiruvchi samolyotlar otash urug‘ini socha boshladilar, havoda qon hidi anqidi!

Foto: AP

Vaziyat shu darajada shiddat bilan rivojlana bordiki, davlat to‘ntarishiga urinish aniq natijalar bera boshladi: isyonchilar muhim obektlarni qo‘lga kiritdilar, zirhli texnika, harbiy havo kuchlari, artilleriya egallandi. Davlat rahbarlariga tajovuz qilindi, parlamentga bomba yog‘dirildi, ayrim ommaviy axborot vositalari isyonchilar qo‘liga o‘tdi. Avtomat o‘qlari tun bag‘rini chaqmoqdek tilib, hazrati inson ko‘ksiga qadaldi, ota sergak tortdi, ona faryod urdi, farzand nigohida sarosima bo‘y ko‘rsatdi...

Foto: Sedat Suna / EPA

Ortga yo‘l yo‘q edi. Butun bir davlat taqdiri hal bo‘layotgan pallada har bir ongli inson o‘zining aniq pozitsiyasini belgilab olishi, shu vatanga qay yo‘l bilan nafi tegishi mumkinligini aniqlashi lozim. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning vatandoshlariga murojaatida shu mazmundagi so‘zlar bor edi: «Xalqimni mamlakat himoyasi uchun maydonlarga chiqishga da'vat etaman. Millat irodasi sinaladigan payt keldi!»

Foto: Kun.uz

Ana shunda butun bir millat, xalq jipslashdi. Odamlar xuddi to‘kilayotgan muqaddas qon ramzidek alvon bayroqlarga burkanib otilib chiqdilar. O‘z tinchini yurt ertasidan aziz bilmagan, xavf qarshisida biqinib olmagan, jonini tavakkalga ro‘baro‘ qilgan yuz minglab inson ulkan qalqonga aylanib vatan ko‘ksini himoya qilishga otlandi. Kimdir shiddat bilan kelayotgan tank tagiga o‘zini tashlab yo‘l to‘sdi, yana kimdir miltiq qo‘ndog‘ini kafti bilan berkitdi. 

Hatto hukmron partiyaga, davlat rahbariyatiga muxolifatda bo‘lganlar ham bu safga qo‘shildilar. Bu holat ham o‘rnak bo‘lgulik: chunki yuritilayotgan siyosatdan norozi bo‘lish, hukumat ishini yoqlamaslik mumkin. Ammo qon kechib qo‘lga kiritiladigan iqtidordan voz kechish lozim.

Foto: Bulent Kilic / Agence France Press

Albatta, Turkiyaning ichki ishiga biz yakuniy baho bera olmaymiz. Bu shiddatli voqealar tahlili hali uzoq davom etadi, xolis va noxolis fikrlar aytiladi, tergov va jazo jarayoni tugashiga ham ancha bor. Ammo jabrlangan va yaralangan, bundan buyongi hayoti butkul o‘zgacha kechadigan 2200 nafar odamga kim tasalli bera oladi? O‘qqa uchgan, tanklar ostida majaqlanib jon bergan 250 nafardan ortiq insonni hayotga qaytara oladigan bormi?! Millat tarixiga qonli satrlarda yozilgan bu kunlarni endi unutib bo‘ladimi?

Foto: Turnay Berkin / Reuters

To‘g‘ri, Turkiya ham biz kabi mustaqil davlat, o‘z siyosatini o‘zi belgilaydi. Ammo mana shunday vaziyatlarda o‘rgansak va o‘rnak bo‘lsak arzigulik umumiyliklar bor. Yuqorida aytilganidek endi oyoqqa turayotgan davlatimiz, o‘zligini anglayotgan xalqimiz bu kabi sinovlardan o‘tgan. Yurtboshimiz olovli nuqtalarga shaxsan o‘zi borib hamma masalaning yechimini topgan, vatandoshlarimiz tunda xotirjam bo‘lishlari, tongni xush kayfiyatda kutib olishlari uchun barcha ishlarni qilgan. 

Ammo hanuz hammani ham bu muazzam zaminga xayrli ko‘z bilan qarayapti, deb bo‘lmaydi! Albatta, bugun tinchligimiz barqaror, ertamizdan ulkan umidlarimiz bor, yurtni qo‘riqlashga bevosita mas'ul o‘g‘lonlarimiz qudrati yetarli. Lekin ana shunday onlarda har qanday ginalarni, mayda-chuydaligi darhol sezilib qoladigan muammolarni unutib, tinchlikni, davlat yaxlitligini himoya qilishimiz zurur. 

Foto: Elif Ozturk / Anadolu

Tuzumni kuch bilan ag‘darishga urinishning har qanday ko‘rinishining oldini olishimiz, qonli yo‘llarni toptab hokimiyat tepasiga keluvchilarning quroliga qarshi vujudimizni qalqonga aylantirishga tayyor turishimiz shart! 

Foto: Cumhurbaskanligi

Zero bu Vatan faqat tinchlikka, farovonlikka munosib!
     
Abror Zohidov

Top