Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining yarmi ortda qoldi. O‘tgan qisqa muddatda qator ishlar amalga oshirildi. Qolganlari davom etyapti. Albatta, qo‘lga kiritilgan yutuqlar o‘zimizniki. Biroq bugun xalq bilan muloqot qilish, aholining muammolarini o‘rganib, masalani joyida ijobiy hal etishda oqsoqliklar hamon uchrayotganidan tashvishga tushmaslikning iloji yo‘q. Bir narsa aniqki, davlat xalq hokimiyatiga asoslangan ekan, uning huzuridagi tashkilotmi yoki davlat oldidagi majburiyatlarni bajarayotgan nodavlat tashkilot bo‘ladimi, qat'i nazar omma bilan ishlashni kuchaytirish zarur.

Muammoning kichigi bo‘lmaydi. Chekka bir tumanda aholiga yetkazib beriladigan elektr energiyasi yoki gaz muntazam ravishda uzilib tursa, o‘sha hududdagi aholining holi nima kechadi? Aholi o‘z murojaatida bu masala yuzasidan shikoyat qilsa, bunga mahkamadan turib, xat orqali javob yozish bilan ish bitmaydi. Bu arzimas muammo ekan deb, beparvolarcha murojaatni muddati o‘tgach, javobini yozib yuborish, o‘sha yerda istiqomat qilayotganlarning davlat tashkilotiga yoki mamlakat byudjyeti va boshqa manbalar hisobiga hukumat oldida majburiyatlarni bajarayotgan tashkilotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik keltirib chiqarmaydimi?

Sir emaski, aksariyat hollarda ayrim tashkilotlar o‘z oldidagi muammoni yechmasdan undan “burilib” o‘tish maqsadida sudga murojaat qiling, falonchiga murojaat qiling deb osongina ishni boshqalarga yuklashni odat qilib olgan. Achinarlisi, bu tashkilotlar o‘zidan yuqori turuvchi davlat organlariga har doim bitta javobni - hali unday, hali bunday ko‘rinishda mazmunan bir xil tarzda taqdim etadi. Bunda, asosan, falon tadbir tashkil etildi. Pismadoncha odam qamrab olindi, mutaxassislardan tegishli javob olindi kabi hisobotlar “gapiradi”. Ular olib borgan chora-tadbirlarning sifat darajasi, mavzu ko‘lami ham o‘sha balandparvoz gaplaru, siyqasi chiqqan shiorlar boshqacha qilib aytganda, “yashasin”, “ura-ura”dan boshqa narsa emas.

Tibbiyot kollejida o‘tgan uchrashuvda Oldingi chaqiriqda saylangan bir deputat bilan uchrashuvda ishtirok etdim. Deputatimiz yurtni qanday sevish kerak, partiya qanday tadbirlarni o‘tkazayotgani to‘g‘risida to‘lqinlanib so‘zladi. Tadbirdan so‘ng deputat kollej rahbariyatining tadbir davomidagi sovuqqina munosabatidan norozi ekani to‘g‘risida menga gapirib qoldi. Men unga shunchaki xafa bo‘lmang, deb qo‘ydim. Deputat hurmatni o‘zi so‘rab olgandi. Kollej direktoridan tortib, o‘quvchilargacha allaqanday tadbirbozlik haqida hisobot bergan deputatga yana qanday munosabat bildirish mumkin. Men davlatning oliy qonun chiqaruvchi hokimiyatida faoliyat yuritadigan sizlarning vakilingizman, deyishini kollejdagilar ko‘p kutdi.