«Erkakchilik»: ko‘ngilga kelgan ishni qilishmi yoki...
Aslida, bu mavzu siyqasi chiqqanlaridan biri. Chiroyli yoritish uchun erinib turgan ilhom parisining aybini iqtiboslar xazinasidan uch-to‘rt misra bilan yopib yuborsa, kifoyadek. Lekin bu safar barcha iqtiboslaru avval yuritib bo‘lingan fikrlardan qochgan holda juda oddiy, jo‘n, xalqning tilida aytganda - «ketmonchasiga» fikr yuritmoqchiman. Bo‘lmasa qalam sarson. Qog‘oz uvol.
Millatimiz millat bo‘libdiki, erkaklarning mavqeini ulug‘lab, boshqa biror millatda uchramas sifatlar bilan alqab keladi. Hazrati erkak! Shu sababdanmi erkaklarni tanqid qilish, aybini oshkora aytish andishasizlikka yo‘yiladi. Men ham shu andisha yanglig‘ pardani bir uchini ko‘tarishga jo‘yali sababsiz jazm qila olmasdim, albatta. Lekin qalam ahlining tuyg‘ulari isyon qilsa, faqat qog‘ozgina jilovlay oladi xolos...
«Tirikchilik...»
Bozorlik to‘la ro‘zg‘or xaltalarim qoq asr jaziramasida malol kelib, bozor darvozasi tomon og‘ir odimlab borar ekanman kiraverishda oyoqlari ostiga ikki chelak o‘rikni olib, xaridor chaqirayotgan qo‘shnim Marg‘uba opaga ko‘zim tushdi. Ko‘chamiz boshidagi maktabda fizikadan dars beradigan bu ayol savdo qilishidan bexabar edim. Ochig‘i hayron bo‘ldim. Oliy ma'lumotli pedagog. Erining xurmacha qiliqlari tufayli biroz notinchligini aytmasa, binoyiday oila. O‘zimcha (o‘zbekchiligimizdan aylanay) so‘rashishga ketadigan vaqtimni chamalab chumoliday topgan-orttirganini uyiga tashib ketayotgan olamonga singib ketishni mo‘ljallab turganimda, qo‘shnimning nigohlarini his qildimu, noiloj jilmaygancha u tomon yurdim. Odatdagi aylanay-o‘rgilayimiz davomida sezdimki qo‘shnim bu holatda ko‘rishganimizdan ancha xijolatda. Vaziyatni yumshatish uchun tezroq xayrlasharkanman iloji boricha samimiygina qilib: “Hafsalangizga qoyil qo‘shni, kuni kecha sharbat-u kompot yopayotgan edingiz. Ortganiniyam uvol qilmay, olib chiqqaningizni qarang”, dedim. Qo‘shnim negadir duv qizardiyu, ko‘zini yerga qadaganicha xijolatomuz jilmaydi: “Tirikchilik...”
«Erkakchilik...»
Kechqurun dasturxon boshida yig‘ilib, erimni (oila boshi axir) ovqatga qoshiq suqishini kutib turgandik hamki, ko‘chadan beo‘xshov baqir-chaqir ovozi eshitildi. Erim derazadan qaradiyu, qovog‘i solindi. “Uff... Rustam aka yana ichib olibdi”. “Qaysi Rustam?” “Ha, mana qo‘shning-da. Marg‘uba opaning eri”.
Pastdagi baqirishu so‘kinishlar tinavermagach, erim bolalarga bir qarab qo‘ydiyu, yana oynadan bosh chiqardi: “Hoy Rustam aka, nima qilganingiz bu aka, bolalar bora... Nima qilardiz-a shuncha ichib?”. Pastdan yana o‘sha beo‘xshov ovoz xirillab baqirdi: “Erkakchilik bu ukam, erkakchilik!!!”.
Ishonamanki, ko‘pchilik uchun bunday voqealar yangilik emas. Ko‘zimiz pishib, diydamiz ham qotib ketgan. Tanish-bilishlarimiz orasida esa shunga o‘xshash insonlar topiladi. Oramizda hattoki «erkak bo‘gandan keyin ichadi-da», deydiganlar ham yo‘q emas. Lekin deyarli barcha aslida nafs oldidagi ojizlik bo‘lgan illatlarning nomini erkakchilik, deyishimiz shu tushunchaga nisbatan nohaqlik emasmi? Bu tushuncha asli nima ediyu, yillar osha uni nimaga aylantirdik? Erkak yanglig‘ nomning zalvori ertaklardagina qolgani rost bo‘ldimi?
«Hazrati erkak...»
Yaqin o‘tmishni olaylik. Bobolarimiz zamonida farzand dog‘idan qo‘rqqan onalar ojizaligiga borib, vatan himoyasiga otlangan o‘g‘illarining yo‘lini to‘ssa, yigitlarning ori kelardi: «Ona bormasam bo‘lmaydi. YIGITChILIK axir...». Armiyaga faqat «o‘qishim uchun qo‘shimcha ball kerak», deb borayotgan yigitchalarga ibrat emasmi? Nogiron holida qaytganlari ham xotinining sut-qatiq sotib topgan noniga qarab o‘tirmay, mehnat qilganda, senga shu holingda nima azob, deganlarga javobi shu bo‘lardi - «erkakchilik...». Yetti muchasi sog‘ bo‘la turib ayolini ishlash uchun chet ellarga yuborib, o‘zi choyxonalarni makon tutgan erkaklarga ibrat emasmi? Qiyinchilik payti uyda qolgan oxirgi ikki luqma rizqini ayoli-yu bolalariga yedirib, “men ko‘chada yeb kelgandim”, deb aldagandayam erkakning ko‘nglidan o‘tgan so‘z shu bo‘lardi - «erkakchilik!». Oilasining rizqini qiyib, hoyu-havaslarga berilayotganlarga ibratmasmi axir?
Erkakning ulug‘ligi ham shunda bo‘lganki, u doim elning, jamiyatning, oilasining boshiga nimaiki mushkulot kelsa, yelkasini tutib, har qanday xavf-xatardan kerak bo‘lsa, ko‘ksini qalqon qilib himoya qilib kelgan va buni fidoyilik emas muqaddas burch, deb sanagan. Aslida, erkakchilik tushunchasi ham tom ma'noda shulardan iborat emasmi? Hozirgi kunda erkakchilik deganda ayollarga uyatli sanalgan barcha noma'qulchiliklarni ko‘ngilga kelgan tarzda qilaverishga bo‘lgan asossiz xuquqni tushunishimizni tan ola olamizmi? Hurmatli zamonamiz erkaklari, o‘zligingizdan kelib chiqib, o‘zingizga shu savolni berib ko‘ringchi: erkakchilik aslida huquqmi yoki majburiyatlar?
Mavzuga oid
15:52 / 25.10.2024
Malayziyada ayol kasal eriga 6 yil g‘amxo‘rlik qildi, ammo erkak sog‘aygach, uni tashlab ketdi
13:50 / 11.10.2024
50 yoshdan keyin oila qurganlar soni ma’lum qilindi
17:16 / 05.09.2024
“Bitta farzand” siyosatidan so‘ng: xitoylik ayollar haligacha bolali bo‘lishni xohlamayapti
18:00 / 02.09.2024