Jamiyat | 19:17 / 19.07.2017
20846
11 daqiqa o‘qiladi

«Jiddiy» gazetalarni nega o‘qimaymiz?

Bugungi o‘zbek matbuoti zamon bilan hamnafas yashayaptimi? Uning yangilanishiga nimalar yetishmayapti? Ana shu va boshqa ko‘plab dolzarb savollarga javob izlangan O‘tkir Qalamtebratarning «Jiddiy» gazetalarni nega o‘qimaymiz?» sarlavhasi ostida maqolasi fayzbog.uz’da e'lon qilindi. Quyida maqola o‘zgarishlarsiz berilmoqda. 

Savolni qaytaraman. Biz nega gazeta o‘qimaymiz? “Internet asri boshlandi”, “Messenjerlar matbuot o‘rnini egallayapti”, “Zamonaviy dunyo…” va shunga o‘xshash safsatalar bilan boshimni qotirmang! Daily Mail har kuni 1,5 million nusxada chop etiladi. Turklarning ertalabki nonushtasi choy va qariyb 400 ming tirajga ega Sabah’siz o‘tmaydi. Nima, sizningcha Angliya yoki Turkiya dinozavrlar davrida yashayaptimi? Albatta, yo‘q! Xo‘sh, unda nega bizning odamlar gazetadan qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgan?

Targ‘ibot

Esimni taniganimda, yuz ming aholi yashaydigan bizning shaharchada ikki yoki uchta kiosk bo‘lardi. Qariyb 20 yil o‘tdi. Ko‘plab o‘zgarishlar, yangiliklar bo‘ldi. O‘nlab hokimlar almashdi. Ammo kioskalar o‘sha-o‘sha. Faqat sotuvchilar biz “jiddiy” deb ataydigan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, siyosiy partiya nashrlarining nuqsi o‘tib — mung‘ayibgina, egilibgina qolishgan.

Umuman, O‘zbekistonda gazetalar targ‘iboti internet texnologiyalari taraqqiy etgan hozirgi davrda ham — majburiy obuna va kioska darajasidan ko‘tarila olmayapti. Aslida, dunyoning ko‘pgina rivojlangan davlatlari, xususan, Turkiyada bu borada allaqachon yangicha uslub va tajribalar qo‘llaniladi. Masalan, Istanbulda gazeta sotib olish uchun kioska qidirib yurmaysiz. Uyingiz yonidagi istalgan maishiy do‘konning kiraverishida kunlik nashrlar ilib qo‘yilgan.

Psixologlar ta'biri bilan aytganda, bunday targ‘ibot texnologiyasi — 25-kadr, ya'ni kishilarning ong ostiga yashirin reklama vositasida ta'sir o‘tkazish, deyiladi. Siz uyingiz yonidagi do‘konga aslida non yoki saqich uchun kirgan bo‘lsangiz ham, xohlaysizmi yoki yo‘q, ko‘zingiz, albatta, ertalabki “issiq” gazetalarga tushadi, ongning bir burchida ularni jilla qursa varaqlashga qiziqish uyg‘onadi. Masalan, siz uyingiz yonidagi do‘konga bir kunda o‘rtacha necha marta kirasiz?

Negadir, bizda shu kabi tajribalar qo‘llab ko‘rilmaydi. Aslida, bosmaxonalar buyurtma berilgan nashrlarni belgilangan adaddan 15-20 tacha ko‘p chop etadi. O‘sha ortiqchasi xususiy do‘kon yoki supermarketlarga dastlab tekinga tarqatilganda ham gazeta uchun yaxshigina reklama vazifasini o‘taydi. Be, bizga “ortiqcha” g‘alvaning nima keragi bor? Tirikchilik “yurib” tursa bo‘ldi-da!

Internet — ermak emas!

Bugungi kunda O‘zbekistonda 30 million aholining teng yarmi internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. Bu — tahririyatlar uchun o‘z nashrlarini reklama qilish, obunachilari sonini oshirish uchun juda yaxshi imkoniyat, degani. Ammo nazarimda, bizning “jiddiy” nashrlar internetni hali ham — “Yutub”dan qalang‘i-qasang‘i kliplar ko‘chirib beradigan ermak, deb hisoblaydi. Nega deysizmi?

“Milliy tiklanish”, “Adolat” va “XXI asr” kabi mamlakatning “yirik” ijtimoiy-siyosiy nashrlari haligacha ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega emas. Rasmiy veb-saytlarining ahvoli bundan-da g‘arib. Masalan, “Milliy tiklanish” gazetasining elektron shakli “tag-tugi” bilan yo‘q, amaldagi hukmron — “O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi” nashrining veb-saytida esa eng so‘nggi xabar uzoq 2013 yilda joylashtirilgan. Shunda ham rus tilida…

Solishtirish uchun, Turkiyadagi “Adolat va taraqqiyot partiyasi” g‘oyalarini ilgari suruvchi “Sabax” (Sabah, adadi — 314 216) gazetasining birgina “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi o‘quvchilari soni — 6 380 000 nafarni tashkil etadi, mazkur partiyaga muxolif bo‘lgan “JXP” (Jumhuriyat Xalq partiyasi) nashri, ya'ni “Jumhuriyat” (Cumhuriye, adadi — 51 695) gazetasining virtual sahifasi esa qariyb uch million obunachiga ega.

Ayni paytda ushbu mamlakatda sotsial-leberalizm g‘oyalarini targ‘ib qiladigan “Milliyot” (Milliyet) gazetasining veb-sayti (www.milliyet.com.tr) tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha Yevropa mintaqasida beshinchi, “Xurriyat” (Hürriyet) nashrining elektron shakli esa xuddi shu ko‘rsatkich bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi. Biz esa u yoki bu tashkilotning 8-10 mingta ko‘r-ko‘rona obunasiga xursandmiz!

“Oo‘, bizning munavvar quyoshimiz, ko‘zimizning nuri, qalbimiz sarvari…”

Avvallari “BBS” yoki “Ozodlik” desa, odamlarni sovuq ter bosardi. “Fasodchi”, “fitnaparast” deb go‘riga g‘isht qalardik. Ammo sekin-asta qarashlar o‘zgarayapti. Faqat ulug‘lash, ko‘klarga ko‘tarish bilan o‘z oyog‘imizga o‘zimiz bolta urib kelganimiz oydinlashdi. Masalan, uzoq yil hukm surgan maddohlik davrida — ko‘pgina davlat hokimiyati va boshqaruv organlari “qornim to‘ydi, endi yotib uxlayman”, deydigan Qimmatdan farqi qolmadi.

Ochig‘i, “BBS” axborot xizmatining O‘zbekistonga rasman qaytayotgani to‘g‘risidagi xabar meni xursand qildi. To‘g‘ri-da, nega endi qo‘rqishimiz kerak? Kelsin, ishlasin. Mabodo, g‘araz niyati bo‘lsa, ana bekorga chang bosib yotgan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”, “OAV to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida” va yana ko‘plab qonunlarimiz bor-ku! Chorasini ko‘raveradi…

Ammo, uning yurtimizda faoliyat yuritishidan ko‘proq biz yutamiz. OAVlarimiz yutadi. Gazetalar ham “g‘imirlab” qoladi. Asosli tanqid qilishni o‘rganadi. Ya'ni, BBSga ruxsat beriladi degani — ko‘p yillik maddohlik davri tugaydi, deganidir. Zero, “Oo‘, bizning munavvar quyoshimiz, ko‘zimizning nuri, qalbimiz sarvari…”, “Ulkandan ulkan islohotlar samarasi”, “Tibbiyotning dunyo tan olgan o‘zbek modeli…” mazmunidagi jimjimador iboralar bilan boshlanadigan nashrlar betiga ham qaragisi kelmay qolgan edi odamning…

O‘zA omon bo‘lsa, material topiladi!

Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2017 yil 12 iyul kuni qilgan ma'ruzasida siyosiy partiya nashrlari faoliyatini keskin tanqid qildi. Partiyalar jamiyat hayotidagi mavjud muammolarni o‘z gazetalarida yetarlicha yorita olmayotganini kuyunib gapirdi. Ammo tahririyatlarni ham tushunish kerak. Bu yoqda O‘zA degan tashkilot “qip-qizil” maqolalarini tappa-tayyor qilib jo‘natib turganda, muborak boshni bezovta qilish kimga ham yoqardi deysiz…

Dunyo tajribasida siyosiy partiya gazetalari ommabopligini asosan o‘sha nashrlarda e'lon qilinadigan tanqidiy chiqishlar, masalan, hukumat yoki boshqa muxolif partiyalar faoliyatidagi kamchiliklar yuzasidan asosli e'tirozlar, bahs-munozaralar ta'minlaydi. Xo‘sh, oxirgi marta qaysi siyosiy partiyaning nashrida shu ruhdagi maqolaga ko‘zingiz tushdi. Eslolmadingiz-a?

Birinchidan, umuman qaysidir siyosiy partiya faoliyatini tanqid qilishingiz uchun, avvalo, o‘sha partiya haqiqatda ishlayotgan, amaliy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lishi kerak. Jurnalist, o‘zicha osmondan olib “bidirlab” ketavermaydi-ku! 

Ikkinchidan, tanqidiy-tahliliy chiqishlar bilan, eng avvalo, muayyan partiyadan saylangan deputat yoki senatorlar faollik ko‘rsatishi, boshqa siyosiy partiyalar qarashlariga nisbatan asosli e'tirozlar bildirishi kerak. Chunki, jurnalist emas, ko‘proq ular parlament faoliyatida “qaynaydi”, muxolif partiya faoliyatidagi “ikir-chikirlarni”, kamchiliklarni yaxshi biladi. Ammo bu borada bizda juda katta muammo bor. Masalan, O‘zXDPdan saylangan “xalq vakili” o‘ldirsangiz ham “O‘zLiDep”lik deputatni yoki uning partiyasini gazetalarda ochiq tanqid qilmaydi. Nega deysizmi? Qiziq ekansizku, unda nahorgi oshga kim bilan birga boradi?..

Siyosiy nashrlar siyosatni tushuntirishi kerak!

Arab davlatlarining Qatarga nisbatan qo‘llayotgan siyosati, G-20 yig‘ilishiga oid tafsilotlar, Ukraina, Yaman, Iroq va Suriya inqirozi, Rossiya va AQSh munosabatlari… Bularning barchasi bugungi kunda dunyo jamoatchiligi e'tiborida turgan eng dolzarb voqea-hodisalardan hisoblanadi. Aksariyat xorijiy nashrlar o‘quvchilarni ko‘proq jalb etish uchun ham jahonning qaynoq nuqtalaridan reportajlar uyushtirish, xalqaro hayotning eng muhim masalalari yuzasidan tahliliy maqolalar tayyorlashga harakat qiladi.

Biroq negadir bizning hukumat va siyosiy partiyalarga tegishli “jiddiy” gazetalar bunaqa “mayda-chuyda” hodisalarni yoritishni, sharhlashni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Ishonmasangiz, ularda “Dunyo yangiliklari” rukni ostida beriladigan materiallarni erinmasdan qarab chiqing. Qayerdadir suv toshqini bo‘lgani, Hindistonda avtobus qulagani, Avstraliyada jala quyib, kengurularga qiron keltirgani va shunga o‘xshash xabarlardan bo‘lak hech vaqo topmaysiz!

Uzr. Adashibman. Ba'zan Afrika davlatlarida kuzatilayotgan ocharchilik, qashshoqlik yoki qandaydir kasalliklar, masalan “Cho‘chqa grippi” kabi xavfli epidemiyalar to‘g‘risida ham sharhlar e'lon qilinadi. Ammo bu ham nazarimda — “Qorning to‘q, usting but, vaboga chalinmagansan, shuning uchun siyosatga ko‘p ham burningni suqaverma”, degan qarashni singdirish maqsadida atayin qilinadigandek. Aslida, siyosiy nashrlar odamlarga siyosatni tushuntirishi kerak emasmi?

***

Xullas, bularning bari kaminaning kamtarona mulohazalari. Xo‘sh, sizning fikringiz qanday? “Jiddiy” gazetalarni nega o‘qimaymiz?

O‘tkir Qalamtebratar

Mavzuga oid