Sh.Mirziyoyevning «Xalq boy bo‘lsa, davlat, albatta, boy bo‘ladi», degan so‘zlari davlatimiz iqtisodiy hayotidagi uzoq yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalish shiori ekanligiga hammamiz ishonamiz. Chunki bu aksioma va bu haqiqatni hech kimga isbotlashning hojati yo‘q.
Xalq boy bo‘lishining bitta yo‘li bu — ishga layoqatli fuqarolarning halol mehnat qilishlari va mehnatlari evaziga munosib daromad topishlaridan iboratdir. Bu o‘rinda davlatning asosiy vazifasi ularga xalaqit bermay, yangi ish joylarini ko‘payishi uchun qulay sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Shu o‘rinda respublikamiz soliq ma'murchiligining ayrim sohalari qanchalik bugungi kun talabiga javob berishini ko‘rib chiqsak.
Amaldagi me'yorlarga asosan, yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan fuqarolar har oy qat'iy belgilangan soliqlarni to‘lashlari kerak. Qat'iy soliq stavkasi tadbirkorlikning faoliyat turi va eng kam ish haqi miqdoriga qarab belgilanadi. Bu tartib soliq undirish amaliyotida 20 yil atrofida qo‘llab kelinmoqda va o‘z vaqtida tadbirkorlikni rivojlantirishda va soliqlarni o‘z vaqtida to‘liq undirib olishda ijobiy ahamiyat kasb etgan.
Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerakki, so‘nggi yillarda yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortish ma'murchiligida ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Jumladan, soliq stavkalarini belgilashda faoliyat turlarining ro‘yxati kengaytirildi, yakka tadbirkorlarga bir necha ishchi yollashga ruxsat berildi, soliq stavkalarini keskin o‘sishi kamaydi, ayrim fuqarolarga «Hunarmand» uyushmasi orqali faoliyat ko‘rsatishga ruxsat berildi va hokazo.
Ammo soliq ma'murchiligida faqat shu tartib va o‘zgarishlar bilan cheklanib qolish bugungi kun talabiga javob bermaydi. Sababi bunday tartibda tadbirkorlikni rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim hollatlar mavjud, jumladan:
- soliq stavkalarini belgilashga qaratilgan me'yoriy hujjatlarda ayrim tadbirkorlik turlari ro‘yxatga kiritilmay qoladi;
- oylik daromad va xarajatlar turlicha bo‘lishiga qaramay ayrim faoliyat turlariga bir xil soliq stavkalari belgilanadi;
- tadbirkor bir oyda 5 kun ishlaydimi, 30 kun ishlaydimi, farqi yo‘k, oylik soliq summasini to‘liq to‘lashi shart. Agar tadbirkordan joriy oyda betob bo‘lib qolsa yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra ishlamasa ham, bu hol soliqqa tortish jarayonida inobatga olinmaydi;
- birinchi marta yoki yangi faoliyat turlari bilan shug‘ulanishni boshlagan tadbirkorlarga, hamda nogiron yoki davlat ijtimoiy muhofazasiga muhtoj boshqa toifadagi tadbirkor fuqarolarga hech qanday imtiyozlar ko‘zda tutilmagan.
















