19:34 / 21.07.2017
59260

Go‘sht narxi nega 70 foizgacha ko‘tarildi?

Nega go‘shtning narxi sezilarli darajada oshdi? Qoramollar soni kamayib ketdimi? Yoki go‘shtning chetga eksport qilinayotgani uzilishlarni yuzaga keltirdimi? Chorva yetishtirish, ularni turli yuqumli kasalliklardan ­asrash, aholining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish yuzasidan qanday chora-tadbirlar ­ko‘rilmoqda?

So‘nggi uch oyda respublikamizda zarur oziq-ovqat mahsulotlari sirasiga kiruvchi go‘shtning qimmatlagani oddiy odamlarni tashvishga soldi, turmush sifatiga ta'sir ko‘rsatdi. Ayrimlar buni chorva mollarining kamayib borayotgani, qoramol yetishtirish xarajatlari oshib ketgani bilan izohlasa, boshqalar go‘shtning chet elga eksport qilinayotgani narxlar oshishiga sabab bo‘lganini ta'kidlamoqda.  Xo‘sh, bunday mish-mishlar asoslimi? Aslida, nima sababdan go‘shtning narxi sezilarli darajada oshib ketdi? Chorva yetishtirish, ularni turli yuqumli kasalliklardan asrash, aholining go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish yuzasidan qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda? O‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv davomida ana shu kabi savollarga javob topishga harakat qildik.

Bir yilda qancha go‘sht yeymiz?

Avvalo, respublikamiz bozorlari va savdo do‘konlaridagi go‘shtning ayni kundagi narxlarini solishtiramiz. Namangan shahrida fevral oyida 23 ming so‘m sotilgan suyakli go‘sht bugun 29 ming so‘mdan, Samarqand shahrida 24 ming sotilgan huddi shunday go‘sht 30 ming so‘mdan, Marg‘ilon shahrida bundan uch oy oldin 23 ming so‘m bo‘lgan go‘sht ayni kunda 29 ming so‘mdan taklif qilinmoqda. Toshkent shahrida esa fevralda aholi eng ko‘p xarid qiladigan go‘shtning sarpanja turi o‘rtacha 25 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bugun uni 33 ming so‘mgacha xarid qilish mumkin.

Shaharlarda joylashgan yirik savdo majmualari va supermarketlardagi narxlar yanada qimmat. Jumladan, Farg‘ona shahridagi Makro supermarketida suyaksiz mol go‘shti 39,900 so‘mgacha, Marg‘ilon shahridagi filialida 41 ming so‘mgacha, Samarqand shahridagi «Omega sentr» savdo markazida 37 ming so‘mdan sotilmoqda. Poytaxtimizda  joylashgan Makro supermarketlari tarmog‘ida bir kilogramm lahm go‘shti bundan uch oy ilgari turiga qarab 33-37 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 45-55 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Bundan mamlakatimiz bozorlaridagi go‘sht narxi keyingi uch oy ichida o‘rtacha 21 foizdan 25 foizgacha, supermarketlarda 28 foizdan 70 foizgacha oshgani ko‘rinadi. Bu aholining xarid quvvatiga (eng kam ish haqi miqdori 149 ming ekani hisobga olinsa) nisbatan ancha qimmat sanaladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlarida odam bir yilda o‘rtacha 55 kilogrammgacha go‘sht iste'mol qilishi lozimligi tavsiya etiladi. Ekspertlarning taxminiga ko‘ra, 2025 yilga borib O‘zbekistonda aholi jon boshiga go‘sht iste'moli 1/4 hissaga oshib, yiliga 54,8 (ayni kunda 41 kg.) kilogrammni tashkil qiladi. Go‘sht narxining bunday oshirilishi tabiiyki, odamlarning uni sotib olish imkoniyatini pasaytiradi. Natijada, kundalik ratsionda go‘shtning ulushi kamayib, inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan moddalar yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi.

Qoramol boqish ­qiyinlashdimi?

— Toshkent shahri bozorlarida asosan Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari shaxsiy dehqon xo‘jaliklari hamda fermerlari tomonidan yetishtirib, olib kelingan qoramollar so‘yib sotiladi, — deydi poytaxtimizning «Eski Jo‘va» dehqon bozorida savdo qiluvchi qassob Z.Yoqubov. — Joriy yilning aprel oyida bitta buqani kushxonalardan so‘yib olish narxi 7 mingga oshdi. Mart oyida bir kilogramm mol go‘shtini 23-24 mingdan so‘yib olib, 25-27 ming so‘mdan sotgan bo‘lsak, hozirda tirik vazndagi buqaning kilosini 31 ming so‘mdan so‘yib, 32-33 ming so‘mgacha, lahm qismini 38-40 ming so‘mdan sotyapmiz. Fermerlar bilan gaplashganimizda ular qoramolni boqish xarajatlari oshgani uchun uning narxini ham ko‘tarishga majbur bo‘lishganini aytishmoqda.

«Toshkent ozuqa yem ta'minoti» mas'u­liyati cheklangan jamiyati direktori Dilshod Mannonovning aytishicha, bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida chorva mollari uchun zarur ozuqani maqbul narxlarda yetkazib berish maqsadida ozuqa-yem ta'minoti korxonalari tashkil etilgan. Mazkur MChJning ham Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 16 filial va 137 maxsus shoxobchasi faoliyat ko‘rsatib, aholi ehtiyojlari imkon darajasida qondirib kelinmoqda. Belgilangan tartibga ko‘ra, Respublika tovar xom­ashyo birjasidan tegishli grafik asosida yem mahsulotlari xarid qilinib, 20 foiz ustama haq hisobidan savdo shoxobchalariga chiqariladi. Ayni kunda mamlakatimizda mavjud ozuqa-yem jamiyatlari tasarrufidagi barcha shoxobchalarda shrot 1200 so‘mdan, sheluxa 600 so‘mdan sotilmoqda. Narxlar 2016 yilning fevralidan buyon o‘zgargani yo‘q.

Namangan viloyatidagi «Namangan ozuqa yem ta'minoti», Samarqand viloyatidagi «Samarkand yem ta'minoti» MChJlariga qarashli shoxobchalardagi narxlarni o‘rganganimizda yem mahsulotlari bu yerda ham bir xil narxlarda sotilayotganiga guvoh bo‘ldik. «Namangan ozuqa yem ta'minoti» MChJning shahar va tumanlardagi 155 ta ozuqa yem sotishga ixtisoslashgan shoxobchalari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 14 ming 157 tonna shrot, 8 ming 627 tonna sheluxa va 3 ming 621 tonna omuxta yem mahsuloti sotilgan. Biroq yog‘-moy korxonalari aprel-may oylarida to‘la quvvat bilan ishlamagani bois bugungi kunda ta'minotda uzilishlar kelib chiqqan.

«Samarqand yem ta'minoti» MChJ rahbari Faxriddin Hamrayevning ta'kidlashicha, olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, aholi chorvasini ozuqa-yem bilan to‘liq ta'minlashning hozircha iloji yo‘q. Jamiyat shoxobchalari o‘tgan may oyida reja bo‘yicha aholiga 4 ming tonna omuxta yem yetkazib berishi kerak bo‘lsa, amalda 1 ming 700 tonna yem tarqata oldi, xolos. Buning ham asosiy qismi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga berildi. Natijada aholining shaxsiy xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan chorva mollari uchun yem taqchilligi kuzatildi. Xususan, Kattaqo‘r­g‘on tumani, Yodgorxo‘ja qishog‘ida joylashgan «Samarqand yem ta'minoti» MChJga qarashli 16-sonli shoxobchada ikki-uch oydan buyon yem mahsulotlari umuman sotilmayapti. Odamlar qoramol uchun eng asosiy ozuqa hisoblangan shrotni tadbirkorlar qo‘lidan 1800-2200 so‘mgacha bo‘lgan qimmat narx­larda sotib olishga majbur bo‘lmoqda.

Chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari Bobur Saurboyevning aytishicha, bir yoshga to‘lgan oriq buqani bo‘rdoqiga boqish uchun kamida 3 oylik mehnat talab etiladi. Bunda har kuni unga o‘rtacha 9 kilogramm yem, ya'ni 3 kilo shrot, 2 kilo kepak, 3 kilo sheluxa va 1 kilo maydalangan makkajo‘xori yoki bug‘doy aralashmasi beriladi. Bundan tashqari, kuniga qo‘shimcha 7-8 kilogramm atrofida beda yoki dag‘al xashak berib borish kerak. Hozirgi kunda savdogarlar qo‘lida bir bog‘ presslangan beda 8 ming (yanvar-fevralda 12 ming bo‘lgan), somon 2 ming (qish mavsumida 4 ming edi), shrot 1800-1900 so‘m ekani (fevralda 1400 so‘m bo‘lgan) hisobga olinsa, qoramol boqishning xarajatlari qanchaga tushushini hisoblab chiqish qiyin emas.

Respublika bo‘yicha yem mahsulotlari yetkazib beruvchi korxonalarning faoliyati o‘rganilganda, ular yem-ozuqaga bo‘lgan talabni bor-yo‘g‘i 12-15 foizinigina qondirishi mumkinligi oydinlashdi. Bu ham faqat tegishli grafik asosida belgilangan iste'molchilarga sotiladi, xolos. Aholining qariyb 85 foizi yemni savdogarlar qo‘lidan olishga majbur bo‘lmoqda.   

Go‘sht ishlab chiqarish 2,8 marta oshdi, ammo...

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Chorvachilik, parrandachilik, asal­arichilik va baliqchilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Maqsud Yusupovning qayd etishicha, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yalpi ulushining 42 foizini chorvachilik mahsulotlari tashkil etadi. Bu respublikamiz aholisining go‘shtga bo‘lgan talabini to‘liq qondiradi. Chorvachilik sohasida erkin bozor mexanizmlari shakllantirilgani, ko‘plab imtiyozlar taqdim etilayotgani natijasida chorva mollari bosh soni hamda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi muttasil ravishda ortib boryapti. Xususan, keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida qoramollar bosh soni 2,6, qo‘y va echkilar bosh soni 2 martaga o‘sdi. Buning natijasida go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,8 barobarga oshishiga erishildi. Vazirlik aholining go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, bozorlarimizda go‘sht, sut, tuxum, baliq va bosh­qa chorvachilik mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha ham qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Hozirgi kunda 662 ta qoramolchilik yo‘nalishidagi naslchilik xo‘jaliklarida 100 ming boshdan ziyod yuqori mahsuldor naslli qoramol parvarishlanmoqda. Birgina 2016 yilda ular tomonidan 9 ming boshdan ko‘proq qoramol shaxsiy yordamchi, fermer va deh­qon xo‘jaliklariga sotilgan. Chorvachilik sohasini 2021 yilgacha bo‘lgan muddatda rivojlantirish borasida belgilangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, yirik shoxli qoramollar bosh soni 14 million 800 ming boshga, mayda shoxli mollar bosh soni 23 million 127 ming boshga yetkaziladi. Bu esa mamlakatimizda go‘sht yetishtirishni 26,2 foizga oshirib, aholi ehtiyojlaridan ortiqchasini eksport qilish imkonini ham beradi.

Mish-mishlarda asos yo‘q

Xo‘sh, mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, go‘shtga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar, dasturlar amalga oshirilayotgan, fermerlarga o‘zgarmas narx­larda yem yetkazib berilayotgan bo‘lsa, unda muammo nimada? Nega go‘shtning narxi sezilarli darajada ko‘tarildi? Qoramollar kasallanib o‘lishi natijasida ularning soni kamayib ketdimi? Yoki haqiqatan ham go‘shtning chetga eksport qilinayotgani oziq-ovqat sanoatida go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishda uzilishlarni yuzaga keltirdimi?

– Mamlakatimizda oziq-ovqat xavf­sizligini ta'minlashga strategik vazifa sifatida alohida e'tibor qaratiladi, – deydi «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulatif Qodirov. – 1990 yilda O‘zbekistonda iste'mol qilinadigan go‘sht mahsulotlarining 50 foizi chetdan olib kelingan bo‘lsa, hozir vaziyat butunlay o‘zgargan. Aholining go‘shtga bo‘lgan talabi o‘zimizda yetishtirilayotgan qoramol, qo‘y-echki va tovuqlar hisobiga to‘liq qondirilmoqda. Go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati ham yil sayin rivojlanib, uning quvvati 96-99 foizga yetdi. Bu mamlakatimizga go‘sht va go‘sht mahsulotlari deyarli import qilinmaydi, deganidir. Joriy yilda davlatimiz rahbarining tegishli ko‘rsatmasi asosida go‘shtni chetga eksport qilishga ruxsat berildi. Ammo bu boradagi zarur chora-tadbirlar, hujjatlar va go‘sht eksportiga qo‘yilayotgan talablar endi ishlab chiqilmoqda. Shuning uchun mamlakatimizda yetishtirilayotgan go‘sht hozircha hech qaysi davlatga eksport qilinayotgani yo‘q. Shuni alohida qayd etish kerakki, go‘shtning eksport qilina boshlashi uning ichki bozordagi narxining keskin oshishiga yoki ulushi kamayishiga ta'sir ko‘rsatmaydi. Bu bilan alohida ixtisoslashtirilgan va xalqaro sifat standartlariga javob beradigan chorvachilik xo‘jaliklari shug‘ullanadi.

Chorvaning ahvoli barqaror

Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarovning ta'kidlashicha, mamlakatimizda boqilayotgan chorva mollarining ayni kundagi ahvoli barqaror. Ularga hech qanday yuqumli kasallik xavf solmayapti. Respublika hududida veterinar osoyishtalikni saqlab turish maqsadida, birinchi navbatda, chegara mintaqalaridagi shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda aholi qaramog‘ida bo‘lgan chorva mollari klinik ko‘rikdan o‘tkazilib, belgilangan profilaktik tadbirlar rejali ravishda olib borilmoqda.

Jurnalistik surishtiruv davrida to‘plagan, biroq maqolaga kiritilmagan materiallar, joylarda o‘tkazgan muloqotlardan shunga amin bo‘ldikki, go‘sht narxining bu qadar keskin ko‘tarilishiga jiddiy sabab yo‘q. To‘g‘ri, uning narxi 2013 yildan buyon deyarli o‘zgarmasdan qolayotgan edi. Oxirgi to‘rt yilda yem, dag‘al ozuqa mahsulotlari narxi birmuncha oshdi. Bundan tashqari, so‘nggi ikki-uch yilda ob-havoning seryog‘in kelib yaylovlardagi o‘t-o‘lanlar ko‘p bo‘lgani, chorva mollarini boqishga qo‘shimcha imkoniyat yaratganiga qaramay, bahor va yoz oylarida dag‘al yem-hashak jamg‘arishda ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Bu ayniqsa, dehqon va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yerlarda ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat etilmayotgani, ajratilgan yerlarning esa yem-xashakka bo‘lgan talabni qondira olmayotganida yaqqol kuzatilmoqda.

Qishloq va suv xo‘jaligi mutasaddilarining aytishicha, ana shunday muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 29 dekabrdagi «2016-2020 yillarda qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Unga asosan, 2021 yilgacha bo‘lgan muddatda 170,5 ming gektar paxta va 50 ming gektar g‘alla maydonlari o‘rniga sabzavot, kartoshka, ozuqabop va moyli ekinlar ekish, tokzor hamda intensiv bog‘lar barpo etish vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, 50,3 ming gektar maydonga ozuqabop ekinlar joylashtiriladi.

Demak, ana shunday omillar hisobga olinsa, go‘shtning qimmatlashganini ham tabiiy hol, deb qabul qilish mumkin, aslida. Ammo shundoq ham aholining xarid qobiliyatiga nisbatan baland narxda bo‘lgan bu mahsulotning aytarli sabablarsiz qariyb 70 foizgacha oshirilishi tushunib bo‘lmaydigan holdir. Bu borada tegishli nazorat o‘rnatilmasa, joriy yilning keyingi davrida go‘sht narxi yanada ko‘tarilishi aytilmoqda.

Qahramon Saydaliyev,
Sohibjon Rafiqov,
Shuhrat Qarshiyev,
Rustam Mamajonov,
«Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasining muxbirlari

Top