16:40 / 23.07.2017
75467

Yuridik xizmat minbari: Kimlarga avtomobilda xavfsizlik kamari taqmaslikka ruxsat berilgan?

SAVOL: Men avtomashinamni boshqarib ketayotgan vaqtimda YPX xodimi to‘xtatib, hujjatlarimni so‘radi. Kamchilik topmagandan keyin, kamar taqmaganim sababini so‘radi. Men yurak ritmik buzilish kasalligi bilan ro‘yxatda turishimni aytib, ro‘yxat daftarimni ko‘rsatdim. YPX xodimi menga «avtomashina boshqarish mumkin emas, yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirishim kerak»ligini aytdi. Uning aytganlari to‘g‘rimi? Savolim shuki, mendek kasalga chalingan insonlar xavfsizlik kamari taqmasdan avtomashina boshqarishi mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, bu haqda qayerdan ruxsatnoma olish kerak?  
Ma'ruf Usmonov, Toshkent shahri.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 9-bandiga ko‘ra Konstruktsiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasi harakatlanib borayotganda haydovchi xavfsizlik kamarini taqib olishi shart. 

Quyidagi shaxslarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi:

- avtomobilning orqa o‘rindig‘idagi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
- transport vositasini o‘quvchi boshqarayotgan vaqtda avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarishni o‘rgatuvchi amaliy mashg‘ulotlar instruktori;
- homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemor yo‘lovchilar;
- orqaga harakatni amalga oshirayotgan haydovchilar;
- aholi punktlarida harakatlanishda — yo‘nalishli taksi haydovchilari, taksining orqa o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar;
- aholi punktlarida tashqi qismiga maxsus rangli grafik chizmalar chizilgan transport vositalari haydovchilari va yo‘lovchilari.

Motosikl va mopedda harakatlanayotgan haydovchi va yo‘lovchilar maxsus motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari shart.

Savolga huquqshunos Sardor Ne'matjonov javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Top