12:23 / 26.07.2017
45447

Mirobod tumanidagi qurilish komissiya xulosasiga ko‘ra vaqtincha to‘xtatildi

Kuni-kecha saytimizda «Toshkent markazidagi qurilish aholining noroziligiga sabab bo‘ldi. Voqea qanday yechim topadi?» sarlavhasi ostida e'lon qilingan maqolada poytaxtimizning Mirobod tumani Sharof Rashidov mahallasida joylashgan Chimkent ko‘chasi 1-, 3-, 5-uy hamda Buyuk Turon ko‘chasi 73-uyda yashovchi aholidan kelib tushgan, ular yashayotgan ko‘p qavatli uylar o‘rtasida qurilayotgan 3 qavatli savdo markazi qurilishi bo‘yicha shikoyati yoritilgan edi.

Tahririyatimiz vakillari murojaat qilgan aholi bilan uchrashishga borganida Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari Alisher Nabiyev boshchiligidagi ishchi guruh tuman hokimining 21 iyuldagi farmoyishiga asosan ORDER MAX PROJECT MChJ tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlarining nechog‘lik to‘g‘ri rasmiylashtirilganini o‘rganish uchun kelgan ekan.

Avval e'lon qilingan reportajda tuman hokimi o‘rinbosari A.Nabiyevning vaziyatga baho berolmasligi oqibatida, saytimiz jurnalistlari bilan masala yuzasidan ochiq muloqot qilish o‘rniga, ularni qo‘rslik bilan o‘z oldidan haydashi tufayli faqat bir tomonning — mahalla fuqarolarini fikrini eshitish bilan cheklanib, yerli aholining haqli e'tirozlarni tasvirga olib qaytishga majbur bo‘lgandik.

Saytimiz xodimlari kecha ushbu holat yuzasidan tuman hokimi Sh.Po‘latov bilan shaxsan uchrashdi, ushbu qurilish haqidagi kerakli ma'lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lindi va masaladan xabardor boshqa tomonlar bilan hamkorlikda, jumladan, «Feysbuk»dagi xalq bilan muloqot guruhi maslahatchisi tomonidan berilgan ma'lumotlar asosida vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildik.

Mirobod tuman hokimi Shuhrat Po‘latovning maxsus muxbirimiz X.Daliyevga aytishicha, ushbu qurilish ishlari boshlanganidan buyon xalqning e'tirozlari tuman ma'muriyati tomonidan e'tiborga olinmoqda. 21 iyul kuni chiqarilgan tuman hokimining farmoyishida hattoki mahalla raisi va mahalliy fuqarolardan ham ikki kishi ishchi guruh komissiyasi a'zolari tarkibiga kiritilgan.

Muxbirimiz bilan suhbat qilar ekan, tuman hokimi aholining eng katta e'tirozlaridan biri — kesilgan chinorlar va boshqa daraxtlar haqidagi savolga javoban ekologlarning ruxsati olingani, daraxtlar uchun tovon puli to‘langanini alohida ta'kidlab o‘tdi. 

Ushbu hududda nima qurilmoqda o‘zi? Keling, avvalo, shunga oydinlik kiritib olaylik. 

Bizga berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, ORDER MAX PROJECT MChJ tomonidan 6000 dan ziyod kishi istiqomat qiladigan Sharof Rashidov nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini uchun namunali mahalla loyihasi asosida 2500 kvadrat metr maydonda zamonaviy mahalla guzari barpo etib berilmoqda. Olingan ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, MChJ buning uchun o‘z hisobidan 2 mlrd. 600 mln. so‘m sarflaydi. Shuningdek, mahalla ahli iddao qilganidek, savdo va maishiy markaz emas, go‘yoki o‘quv markazi va biznes markaz barpo etilmoqda. 

Hokimning biz bilan suhbat davomida ta'kidlashicha, Mirobod tumanida ana shunday 10 mahalla guzari barpo etilmoqda va qurilish ishlarining barchasi xususiy tadbirkorlar zimmasiga yuklatilgan. Buning evaziga tadbirkorlarga o‘sha hududda qo‘shimcha yer maydoni va o‘z biznesini yuritish uchun inshoot qurishga ruxsat berilmoqda. Jumladan, “Sharof Rashidov” mahallasida ham davlat arbobining 100 yilligiga bag‘ishlab barpo etilayotgan namunali mahalla guzarini yubiley tantanalarigacha topshirishga qaror qilingan. Qurilish ishlarining tunu-kun davom ettirilayotgani ham shu bilan tushuntirildi, maqsad — mahalla guzarini tez muddatlarda bitirib, foydalanishga topshirish.

Tahririyatimizga murojaat qilgan mahalla ahlining iddaosiga ko‘ra, savdo markazi bolalar o‘ynaydigan maydoncha va buzib tashlangan basseyn o‘rnida qad rostlashi mo‘ljallanmoqda. Biroq maydonchaning qurilish ishlari boshlangunga qadar tushirilgan va «Feysbuk»dagi «Xalq bilan muloqot» guruhida joylashtirilgan suratlardan ko‘rinib turibdiki, bu joy obodonlashtirilmagan, deyarli qarovsiz ahvolda bo‘lgan.

Guruh maslahatchisining bildirishicha, ORDER MAX PROJECT MChJ rahbari mahalla binosini qurish va montaj qilish, mebel va jihozlar bilan ta'minlashdan tashqari, uchta zamonaviy bolalar maydonchasi hamda bitta axlat va chiqindilarni to‘plash joyini qurish ishlariga yana 1 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ini sarf qilishni o‘z zimmasiga olgan.

Hokimlik ruxsati bilan qurilayotgan obektlar davlatga qarashli yerda fuqarolarning sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazmaydigan tarzda joylashtirilgan. Biroq arxitektura-qurilish normalariga rioya qilinayotganligini yana bir bor tekshirish uchun mutaxassislar ishchi guruhi vaziyatni o‘rganib chiqishadi, degan u. 
Guruh maslahatchisi tomonidan “Feysbuk”da joylashtirilgan postda 24 iyul kuni Kun.uz saytida joylashtirilgan maqolada ushbu masala Prezidentning virtual qabulxonasi tomonidan o‘rganilganligi hamda aholi, virtual qabulxona xodimlari, hokim va mahalla faollari ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazilganligi haqida aniq ma'lumot berilmagani da'vo qilindi. Lekin muxbir bilan suhbatda bo‘lgan aholi vakillari tuman hokimi ikki marta kelib uchrashib ketganini ma'lum qilishgani ko‘rsatildi-ku?

Ha, tan olish kerak, hokimlik va mutasaddi idoralar mahalla ahlining murojaatlarini javobsiz qoldirgani yo‘q. Yuqorida ta'kidlanganidek, hokimlik farmoyishi bilan vaziyatni o‘rganish uchun ishchi guruh tuzildi, unga mahalla vakillari ham a'zo etib kiritildi.

Nihoyat, mojaroli masala yuzasidan ekspertiza o‘tkazgan o‘sha ishchi guruhning xulosasi va ular tuzgan dalolatnoma, shuningdek, Toshkent shahar arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasining xati qo‘limizga kelib tushdi:

Davlat inspeksiyasining xatiga ko‘ra, qurilish jarayoni shaharsozlik normalari va qoidalariga zid ravishda olib borilayotgani, ya'ni ShNK 2.07.0-03 talablari qo‘pol ravishda buzilgan holda, oraliq masofalar saqlanganligiga e'tibor qilinmasdan, Toshkent shahar axitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan dastlabki loyiha ma'qullangani ma'lum bo‘lgan.

Tuman hokimi o‘rinbosari A.Nabiyev boshchiligidagi inspeksiya tomonidan tuzilgan dalolatnomada ham bu e'tiroz o‘z aksini topib, shuningdek, hujjatda ushbu obekt bo‘yicha ishchi loyiha hujjatlari tasdiqlanmagani va kelishilmagani hamda Toshkent shahar davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tib, qurilish ishlarini boshlashga ruxsatnoma olmaganligi ma'lum qilindi.

Masala yuzasidan Toshkent shahar arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan kelishilgan va ma'qullangan loyihani shaharsozlik norma va qoidalari asosida qayta ko‘rib chiqilishi taklifi berildi. Ushbu kengash «Zamonaviy mahalla» markazi loyihasini qayta ko‘rib chiqib, tasdiqlab, ma'qullagungacha ishchi loyiha hujjatlari mutasaddi tashkilotlardan tasdiqlanib, kelishilgan holda Toshkent shahar davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tib, qurilish ishlarini boshlashga ruxsatnoma olgunga qadar ORDER MAX PROJECT MChJ zimmasiga qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatish vazifasi yuklatilmoqda.

Endi qurilish ishlari davom ettiriladimi-yo‘qmi, loyiha o‘zgartirilsa, mutaxassislar tomonidan ham qayd etilgan aholining haqli e'tiroz va talablari inobatga olinadimi-yo‘qmi, bu borada hozircha bir narsa deyish qiyin. Shunisi aniqki, hozircha murojaat qilgan aholining haqli talabi bilan ekspertiza o‘tkazildi va mahalla ahliga yoqmayotgan qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yildi. Masala qanday yechim topishi biz uchun ham qiziq, albatta. Kuzatishda davom etamiz.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.
 

Top