12:42 / 28.07.2017
22381

Maktabga qatnamaydigan eng ko‘p bolalar qaysi davlatda yashashi ma'lum bo‘ldi 

Nigeriya ta'lim vazirligining doimiy kotibi Adamu Husayni mamlakatdagi maktabga qatnash bilan bog‘liq muammolar haqida xabar berdi.

«Dunyoda qariyb 20 mln bolalar maktabga bormaydi. Ulardan 10,5 millioni – nigeriyalik bolalar, ya'ni, jahondagi maktab ta'limini olmayotgan bolalarning yarmi bizning davlatda yashaydi», - deya aytib o‘tdi Husayni Kano shtatida bo‘lib o‘tayotgan ta'lim bo‘yicha 62-Milliy kengashning ochilish marosimida.

Husayni ta'lim sohasidagi vaziyatdan tashvishda ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabga bormaydigan bolalarning asosiy qismi «Fulani» ko‘chmanchi qabiladagi oilalarda yashaydi, ularning vakillari chorvachilik, baliqchilik bilan shug‘ullanadi hamda fermerlik xo‘jaliklariga ega.

Husaynining aytishicha, o‘quv muassasalaridagi davomatning pastligiga qashshoqlik va mintaqadagi ixtiloflar tufayli oilalarning tez-tez ko‘chishi sabab.

Nigeriya aholisi soni 200 million kishi atrofida. Qashshoqlik va «Boko Harom» radikal guruhining doimiy hujumlari mamlakatdagi ta'lim darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Top