"Gulxanlar mamlakati" nomini olgan Ozarboyjon o‘zining boy tarixiy va madaniy merosi bilan maqtansa arziydi. Mamlakatdagi ko‘plab tarixiy yodgorliklarining YuNeSKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi buning isbotidir. "Kun.uz" muxbiri O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi taklifiga binoan bir guruh jurnalistlar qatorida Ozarboyjonning diqqatga sazovor tarixiy va madaniy maskanlarida bo‘lib, shu haqida hikoya qiladi. 

Ozarboyjon Respublikasining aholisi - 10 millionga yaqin, maydoni esa 86 600 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Mamlakat bu ikki ko‘rsatkich bo‘yicha Kavkaz orti mamlakatlarining eng yirigi hisoblanadi. Poytaxti - Baku shahri. Davlat tili - ozarboyjon tili. 

Neft va gaz qazib chiqarish, kimyo sanoati, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi kabi sohalar mamlakat sanoatini tashkil qiladi. Ozarboyjon iqtisodiyotini tirik organizmga qiyoslaydigan bo‘lsak, aytish mumkinki, uning "tomirlarida" neft oqadi. Neft va gazning ko‘pligi qadimdanoq bu mamlakatni dunyoga tanitdi. Shu bois bu yerda binolar qurilishi va buyumlar tayyorlashda gulxan shakliga alohida e'tibor qaratilishi ko‘zga tashlanadi. 

Agar o‘zingizni paleolit davrida his qilgingiz kelsa, sizga Ozarboyjondagi ochiq osmon ostidagi muzey hisoblangan "Gobuston"ga borishini tavsiya qilamiz. Bu yerda qoyatoshlardagi ko‘plab tasvirlar bilan birga "gavaldash" nomli qadimiy zarb asbobini ham ko‘rish mumkin. 

Eramizning o‘rta asrlariga "sayohat qilish" istagi tug‘ilsa, "Icherisheher" ("Ichkari shahar")ga tashrif buyuring. Bu yerda Qiz qal'asi (XI-XII asrlar), Shirvonshohlar saroy majmuasi (XV asr) hamda o‘rta asrning ko‘plab tarixiy yodgorliklari, shuningdek turli muzeylar va do‘konlar  bo‘ylab sayr qilishingiz mumkin. 

Darvoqe, Ozarboyjon muzeylari menda juda katta tassurot qoldirdi. Bu borada O‘zbekistonning o‘rgansa arzigulik jihatlari ko‘p. Mamlakatdagi muzeylar zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlangan bo‘lib, ular ziyoratchilarga tarixiy davrlardagi muhitni yanada yaqqol aks ettirishda yordam beradi.