20:29 / 01.08.2017
30927

Icheri sheher - shahar ichidagi shahar (fotojamlanma)

Icheri sheher (Eski shahar, Ichkari shahar) -  Ozarboyjondagi shahar ichidagi shaharcha. Bu yerda ko‘plab tarixiy obidalar qatorida 18 mehmonxona, 100 ga yaqin savdo rastasi faoliyat yuritadi, shuningdek 1300 dan ziyod oila istiqomat qiladi. "Kun.uz" muxbiri Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi va Xalqaro Yevroosiyo matbuot fondi (International Eurasia Press Fund) tashabbusi bilan mazkur tarixiy maskanida bo‘lib, unga doir ma'lumotlar va suratlar bilan bo‘lishdi. 

Ming yillik tarixga ega Icheri sheher Shirvonshohlar davlati poytaxti hisoblanadi. Shu bilan birga shahar Yaqin Sharqning eng qadimiy iqtisodiy va madaniy markazi hamdir. 

Maydoni 22 gektardan iborat Icheri sheher hududida yuzlab tarixiy yodgorliklar mavjud. Ulardan 28 tasi davlat darajasidagi, 3 tasi dunyo miqyosidagi  ahamiyatga ega. 

Tarixiy-me'moriy yodgorlik Baku shahrining Sabail tumani hududida joylashgan. Icheri sheher balandligi taxminan 8-10 metrni tashkil qiluvchi qal'a devorlari bilan o‘ralgan.

 1977 yilda Icheri sheherga Tarixiy-me'moriy yodgorlik maqomi berildi, 1985 yilda esa u Davlat tarixiy-me'moriy yodgorligi deb e'lon qilindi. 2005 yilning 10 fevralida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan Respublika Vazirlar Mahkamasi qoshida "Icheri sheher" Davlat tarixiy-me'moriy yodgorligi boshqarmasini tashkil qilish to‘g‘risidagi farmon imzolandi. Bugungi kunda bu ajoyib maskanning boy madaniy merosi tadqiqoti va targ‘iboti uchun mazkur boshqarma mas'uldir. 

2000 yilda Icheri sheher Qiz qal'asi va Shirvonshohlar saroy majmuasi bilan birga YuNeSKOning jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. 

Icheri sheherning eng diqqatga sazovor obidalari - Qiz qal'asi (V-VI asrlar), Shirvonshohlar saroy majmuasi (XII asr), Muhammad ibn Abu Bakr masjidi (XI asr), Diniy-me'moriy majmua (XII asr), Imom Usmon Ash-Shirvoniy masjidi (XIV asr), Arxeologik park, Kichik Karvon-saroy (XII asr) va boshqalar. Shuningdek bu yerda dunyodagi birinchi Mitti kitoblar xususiy muzeyi va jaz-mug‘om asoschisi Vagif Mustafozodaning uy-muzeyi mavjud. 

Eski shahar bo‘ylab sayr qilar ekansiz, qadimgi va zamonaviy ruhdagi restoran va kafelar hamda mehmononalarga ko‘zingiz tushadi. Ularda sizlarni Ozarboyjonning xushbo‘y choyi bilan mehmon qilishadi. 

Icheri sheher ko‘chalari va savdo rastalarida vaqtingiz qanday o‘tganini bilmay qolasiz. Bu yerdagi do‘konlarda Ozarboyjonning xilma-xil milliy hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlar va mahalliy aholi e'tiborini jalb qilib keladi. 

Savdo rastalarida anor shaklidagi buyumlarning ko‘pligi diqqatingizni tortmay qolmaydi. Ular nafaqat Icheri sheherda, balki mamlakatdagi barcha madaniy maskanlarda ko‘zga tashlanadi. Bu yerda anor mevalar "qiroli" hisoblanadi. Ozarboyjon anorning barcha navlari yetishtiriladigan yagona mamlakatdir. 

Ko‘hna shahar ko‘chalarining ozodaligi, chiqindilar to‘planadigan joylarning orastaligi tahsinga loyiq. 

Ta'kidlash joizki, "Olmos qo‘l" ("Brilliantovaya ruka") filmining mashhur epizodlari Icheri sheher ko‘chalarida olingan, bu ko‘cha sayyohlarning sevimli maskaniga aylangan desak adashmaymiz. 

Shunday ekan, Ozarboyjonga yo‘lingiz tushsa, albatta Icheri sheherni ziyorat qiling. Bu yerni bir ko‘rgan kishi yana qaytish istagini bildirishiga esa shubha yo‘q. 


Lola Rahmonboyeva

Top