Televideniyega gazetalarimiz haqida e'lon bermoqchi edik. Shu bois e'lon va reklamalar tariflari bilan qiziqdik. Milliy teleradiokompaniyaning bu ishga mas'ul xodimlari bilan gaplashgan edim, tariflar haqidagi ma'lumotni bir zumda elektron pochtamga tashlab berishdi. Avvaliga pochtaga kelgan xatdagi yozuvlarga unchalik ishonmadim. Sababi tariflarning asosiy qismi so‘mda emas, AQSh dollarida ko‘rsatilgan ekan. Shu bois xayolimda bitta savol paydo bo‘ldi: nima uchun dollarda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq 1994 yil 1 iyuldan muomalaga kiritilgan milliy valyutamiz mamlakatimiz mustaqilligining asosiy ramzlaridan biri hisoblanadi. O‘sha sanadan boshlab O‘zbekiston hududida “So‘m” qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib kelmoqda. Unda nega televideniyedagilar reklama uchun to‘lovni AQSh dollarida talab qilayapti?
Pulning qiymat o‘lchovi sifatidagi funksiyasi baholar shakllanishi bilan tovarlar qiymatini baholashdan iborat. Shu bois puldan tovarlar va xizmatlar qiymatini solishtirish va o‘lchash uchun foydalaniladi. Nahotki so‘m o‘sha vazifani bajara olmasa?
To‘g‘ri, televideniyega reklama olib borsangiz, sizdan dollar talab qilmaydi, lekin pulni so‘mda o‘sha kuni Markaziy Bank belgilagan kursda to‘lashingiz kerak. Vaholanki, kurs har haftada o‘zgarib, oshib borayapti. Bu menimcha hisob-kitoblarda ham qo‘shimcha noqulayliklar tug‘dirsa kerak. Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, xorijiy korxona va kompaniyalarning reklama hamda e'lonlari, so‘zsiz, erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada bo‘lishi kerak. Bu televideniyemiz rivojiga xizmat qiladi.
Albatta, televideniyedagilar GM Uzbekistan AJ, Ucell, Beeline, UMS Perfectum kabi mobil aloqa kompaniyalari ham hisob-kitobni AQSh dollarida hisoblashayapti-ku, deyishlari mumkin. Ularning e'tirozlarida jon bor. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, yuqorida tilga olingan korxona va kompaniyalarning xorijga aloqadorlik tomonlari bor. Masalan, GM Uzbekistan’da ishlab chiqarilayotgan avtomobillar qismlarining ma'lum foizi chet davlatlardan valyutaga olib kelinadi.
Shunday bo‘lsa-da, ularning ham bu harakatlarini oqlab bo‘lmaydi. Ayni paytda avtomobillar so‘mda, lekin AQSh dollarining Markaziy Bank belgilagan kursida sotilayapti. Bu degani har hafta avtomobillar bahosi oshayapti. Dunyoning qaysi mamlakatida shunaqa narx bor? Jahondagi qaysi avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonaning avtomobillari bahosi har haftada o‘zgarib turadi?
Endi yuqorida tilga olingan mobil aloqa kompaniyalar haqida. Ularning narx siyosati ham GM Uzbekistan bilan bir xil. Har hafta mobil aloqa xizmati bahosi oshib borayapti. Bu qanaqa narx siyosati ekanligini bironta mutaxassis tushintirib bera oladimi? Bu yerda ham yuqoridagi savolni takrorlashga to‘g‘ri keladi: nahotki so‘m qiymat o‘lchovi vazifasini bajara olmayotgan bo‘lsa?
















