«Jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida hamkorlik zarur» sarlavhasi bilan samarqandlik keksa jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevdan IIV rahbari Abdusalom Azizov nomiga ochiq xat e'lon qilindi. Ochiq xatda ko‘rsatib o‘tilgan vaziyatlarga har bir jurnalist mubtalo bo‘lishi mumkinligidan, uni o‘z saytimizda e'lon qilishga, mutasaddilarni mushohadaga chorlashga qaror qildik.

«Hurmatli Abdusalom Abdumavlyanovich!

Ichki ishlar organi xodimlari mehnati davlat va jamiyat uchun qanchalik zarur ekanligidan, ular faoliyatidagi qiyinchiliklardan ozmi-ko‘pmi xabardorman. Xuddi shunday jamiyat va davlat kelajagi va rivoju ravnaqi uchun jurnalist faoliyati ham muhim sanaladi. Jurnalist davlat va jamiyatni bog‘lab turuvchi halqadir, u aholining xabardorligini oshirish yo‘lida zahmat chekadi va shu orqali odamlarni ongli ravishda faollik ko‘rsatishga undaydi.

Agar ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari ishiga sun'iy to‘siq qo‘yiladigan bo‘lsa, u holda ular o‘zlarining mas'uliyatli ishlarini bajara olishmaydi. Bundan jurnalistlardan ko‘ra jamiyat ko‘proq zarar ko‘radi. Shu nuqtai nazardan o‘zim bilan bo‘lib o‘tgan voqeani tahlil qilib ko‘raylik.

2017 yil 1 avgust ertalab test sinovlarining boshlanishi haqida reportaj tayyorlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining yangi binosiga bordim. Undan avval yo‘l-yo‘lakay SamMI abituriyentlari imtihon topshirayotgan litsey yonidan o‘tayotib, vaziyat bilan tanishdim va suratlar oldim. TATU binosi oldida bo‘lgan voqea tafsilotlari haqida yozganlarim Internet tarmog‘ida mavjud.

Faqat shuni uqtirmoqchi edimki, u yerdagi podpolkovnik unvonidagi zobit yuzlab kishilar ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan holatni suratga olishga, axborot yig‘ishimga, demakki, jurnalistik faoliyatni olib borishimizga to‘sqinlik qildi.

Ushbu ochiq xatni yozishimdan maqsad — Sizga bo‘lgan voqeaning tafsilotini bayon qilishdan iborat emas. Bu xabar keng tarqaldi va Siz yoki mutasaddilar uni o‘rganib, biror-bir qonuniy xulosa chiqarasizlar, deb uylayman. Shuningdek, podpolkovnikning xatti-harakatiga prokuratura organlari ham mavjud qonunchiligimiz asosida baho berar. Bu yerda e'tiboringizni ichki ishlar organlari bilan ommaviy axborot vositalarining yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish naqadar muhimligi va bu masala ayni kunlarda dolzarblik kasb etayotganligiga qaratmoqchi edim.