Ozarboyjonga tashrifimiz davomida zardo‘shtiylarning qadimiy ibodatxonasida bo‘ldik. Kun juda issiq bo‘lishiga qaramay, bu maskan hech kimni befarq qoldirmadi. Mangu olov ibodatxonasi hisoblangan Otashgoh - Ozarboyjonning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlaridan biri. U deyarli butun dunyoga tanilgan.

Otashgoh so‘zi "olovlar uyi" degan ma'noni anglatadi. Tarixiy-me'moriy yodgorlik Baku shahridan 30 kilometr masofada joylashgan. Hudud o‘zining ajoyib tabiiy hodisasi bilan ham mashhur bo‘lgan - bu yerda yer ostidan tabiiy olov chiqqan.

Ibodatxona XVII-XVIII asrlarda hozirgi ko‘rinishga keltirilgan. Biroq, Otashgoh tarixi undan-da avvalga borib taqaladi. Qadimda bu hududda olovga sig‘inuvchi zardo‘shtiylarning muqaddas dargohi joylashgan bo‘lgan. Ular so‘nmas olovni ilohiy ahamiyatga ega hisoblab, bu yerga ibodat uchun tashrif buyurishgan.

Islom dini qabul qilinganidan so‘ng zardo‘shtiylar ibodatxonasi vayron qilingan. Zardo‘shtiylarning aksariyati Hindistonga ketgan. Shunday bo‘lsa-da, XV - XVII asrlarda savdo karvonlarida Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab o‘tgan hindular bu yerda ibodat qilishni odat qilishgan. Bu haqida eshitgan boshqa hindular ham Otashgohni ziyorat qilgani kelishgan. Shu tariqa hindu savdogarlari Otashgohni qayta ta'mirlashgan.

Ibodatxona dastlab 1713 yilda qurilgan bo‘lib, keyinchalik bu yerda hujralar, karvon-saroylar paydo bo‘la boshlagan. Otashgohda 26 hujra mavjud bo‘lib, ularda ibodatchilar yashashgan.

















