21:13 / 07.08.2017
6835

Afrika kosmik poygaga qo‘shildi

Afrika qolgan qit'alardan kechroq bo‘lsa-da, xalqaro kosmik poygalarga qo‘shildi. Yer atrofi orbitasiga olib chiqilgan ilk afrika sun'iy yo‘ldoshi Gana davlatining Koforidua shahrida joylashgan Barcha millatlar universiteti muhandislari jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan GhanaSat-1 bo‘ldi. Hi-News shu haqida xabar berdi. 

Loyiha olimlarning ikki yilga yaqin vaqtini oldi, uning narxi esa 50 ming dollarni tashkil qildi. Sun'iy yo‘ldosh iyun oyida NASA Xalqaro kosmik markaziga yetkazilgan va iyul oyida SpaceX kompaniyasi raketasida kosmosga olib chiqilgan. 

"Sun'iy yo‘ldoshimiz oldida ikki asosiy vazifa turibdi. Birinchidan, u kameralari yordamida Gana qirg‘oqlarida monitoring olib boradi. Ikkinchidan, biz ta'lim maqsadlarini ko‘zladik. Sun'iy yo‘ldosh orqali olingan ma'lumotlarni maktab dasturida qo‘llash rejalashtirilmoqda", - deydi Barcha millatlar universiteti professori Richard Damoa. 

Orbitaga olib chiqilgan sun'iy yo‘ldoshdan signal kelgan, bu esa uning parvozi muvaffaqiyatli kechganini bildiradi. Tabiiyki, Gananing kichik sun'iy yo‘ldoshi boshqa mamlakatlar yutuqlari oldida u qadar kuchli taassurot qoldirmaydi, biroq bu kichik muvaffaqiyat afrikalik olimlar uchun  ulkan milliy ahamiyatga ega. Ayniqsa, olimlarning bu borada o‘z davlatidan hech qanday yordam olmaganini inobatga olganda. 

Taxminlarga ko‘ra, Ganadan keyin JAR, Nigeriya, Keniya va Efiopiya kosmik agentliklari o‘z sun'iy yo‘ldoshlarini orbitaga olib chiqadi. Kelasi yili Angola o‘z sun'iy yo‘ldoshini uchirishi esa aniq ma'lumotlarga asoslangan. 

Gana endi hukumatning qo‘llab-quvvatlashi ostida ikkinchi sun'iy yo‘ldoshini ishlab chiqarmoqda va uni yanada sifatli kameralar bilan ta'minlaydi. Shu tariqa o‘rmonlarning noqonuniy kesilishi va minerallarning qazib chiqarilishi davlat tomonidan nazoratga olinadi. 

Top